Jahon | 14:01 / 27.11.2023
4286
2 daqiqa o‘qiladi

Meta matbuot kotibi Endi Stoun Rossiyada qidiruvga berildi

«Mediazona» xabariga ko‘ra, Meta kompaniyasi matbuot kotibi Endi Stoun Rossiyada terrorizmni targ‘ib qilish moddasi bo‘yicha sirtdan jinoiy ta’qib qilinmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlariga egalik qiluvchi Amerikaning Meta korporatsiyasi matbuot kotibi Endi Stounni federal qidiruvga berdi. Bunga 26 noyabr, yakshanba kuni uni mahkama ma’lumotlar bazasida aniqlagan «Mediazona» internet-nashri e’tibor qaratdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Stoun nomi yozilgan kartochka IIV qidiruv bazasida 2023 yilning fevralida paydo bo‘lgan. Noyabr oyi o‘rtalarida Rossiya sudlaridan biri uni terrorizmni targ‘ib qilish moddasi bo‘yicha sirtdan hibsga olishga qaror qildi, deb yozadi «Mediazona».

Meta’ga qarshi jinoiy ish

Xuddi shu moddaga ko‘ra, Rossiya Tergov qo‘mitasi 2022 yil 11 martda kompaniyaning Facebook va Instagram’ning ukrainalik foydalanuvchilarini «egallab oluvchilar o‘limi»ga chaqiruvchi postlar uchun bloklamaganligi sababli Meta’ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Stoun Meta matbuot kotibi sifatida qarorni e’lon qilgan edi. 

«Rossiyaning Ukrainaga kirishi natijasida biz odatda zo‘ravonlikka undash haqidagi taqiqimizni buzadigan siyosiy ifoda shakllariga vaqtincha ruxsat berdik», — deyiladi Stoun Twitter’da e’lon qilingan bayonotda. Postlar va sharhlar endi o‘chirilmaydigan iboraga misol sifatida Stoun «egallab oluvchilar o‘limi» shiorini keltirgan. 

Rossiyada Facebook bloklanishi

2022 yilning 4 martida Roskomnadzor Rossiyada Facebook, shuningdek, bir qator ommaviy axborot vositalari, jumladan DW’ni bloklagani haqida e’lon qildi. 14 mart kuni Rossiyada Instagram’ga kirish cheklandi. 2022 yil 25 noyabrda Rossiya Adliya vazirligi Meta’ni Rossiya hukumati tomonidan faoliyati «ekstremistik» deb topilgan tashkilotlar reyestriga kiritdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid