Jahon | 22:18 / 27.11.2023
6687
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada IIV rahbariyati halok bo‘lgan vertolyot qulashiga oid tergov yakunlandi 

14 kishi hayotiga zomin bo‘lgan avariyaga harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi sabab bo‘lgan. 

Ukraina Davlat tergov byurosi 14 kishi, jumladan, Ichki ishlar vazirligi rahbari Denis Monastirskiy halok bo‘lgan Airbus H225 vertolyotining qulashi sabablarini tekshirishni yakunladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi sabab bo‘lgan. 

Tergov yakuniga ko‘ra, Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining Aviatsiya va qidiruv-qutqaruv boshqarmasi boshlig‘i, maxsus aviatsiya otryadining komandiri, uning parvozlarni tayyorlash bo‘yicha o‘rinbosari, aviatsiya eskadroni komandiri va boshqalar gumondor sifatida ro‘yxatga olingan. 

Bortida Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bo‘lgan vertolyot 18 yanvar kuni Brovari (Kiyev viloyati) ustida qulab tushgan edi. Ukraina Bosh prokuraturasi parvozga tayyorgarlik chog‘ida ekipaj komandiriga Brovari ustidagi noqulay ob-havo sharoiti haqida xabar berilmaganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Airbus H225 vertolyoti Kiyev va mintaqada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga javob berish uchun navbatchilik qilgan. U boshqa reyslarni amalga oshirishi kerak emas edi va ekipajning o‘zida ham qiyin ob-havo sharoitida uchishga ruxsat bo‘lmagan. 

Vertolyot qulashi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi. Bortda bo‘lgan barcha o‘n kishi, jumladan, Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari Denis Monastirskiy, uning birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Yenin va Ichki ishlar vazirligi davlat kotibi Yuriy Lubkovich. Yana to‘rt kishi, jumladan, bir bola yerda halok bo‘ldi (vertolyot bolalar bog‘chasi binosi yaqiniga quladi).

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid