Jahon | 13:31 / 28.11.2023
12475
4 daqiqa o‘qiladi

«Vajnyye istorii»: Rossiya aviatsiya uchun ehtiyot qismlarini Ukrainadan olyapti

Urush boshlanganidan keyin ham Ukraina kompaniyalari va zavodlari Rossiyaga samolyotlar va vertolyotlar, shu jumladan harbiy aviatsiya uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berishda davom etmoqda, deb yozadi «Vajnyye istorii».

Foto: imago/ITAR-TASS

Rossiyaning aviatsiya sanoatini ehtiyot qismlar bilan ta’minlovchi «Avia-FED-Servis» kompaniyasi Ukraina urushi boshlanganidan beri ularning katta qismini Ukrainadan yetkazib berdi. Bu haqda 27 noyabr, dushanba kuni chop etilgan «Vajnyye istorii» nashri surishtiruvida aytiladi.

Ukraina urushi boshlanganidan beri Rossiyaning «Avia-FED-Servis» shirkati Rossiya aviasanoatini kamida 650 million rubllik ehtiyot qismlar bilan ta’minladi. Ulardan 370 million rubllik qismlar Ukrainadan yetkazib berildi, deb yozadi «Vajnyye istorii» bojxona deklaratsiyasiga tayanib. «Avia-FED-Servis» mijozlari orasida Rossiya Mudofaa vazirligi, Rostec davlat korporatsiyasi korxonalari va «Rossiya» maxsus prezident parvoz otryadi bor.

Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya Ukrainadan Xarkiv mashinasozlik zavodi FED tomonidan ishlab chiqarilgan An-124 samolyotlarini ta’mirlash uchun deyarli 120 million rublga qismlar va Kiyevdagi «Radar» zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan Ka-32 vertolyotlari uchun lokatsiya stansiyalari uchun ehtiyot qismlarni 67 milliondan ortiq rublga olib kelgan.

Bundan tashqari, «Motor Sich» tomonidan ishlab chiqarilgan An-24 va An-12 dvigatellarini ta’mirlash uchun ehtiyot qismlar, Kiyevdagi «Artem» zavodi, Xarkiv agregat konstruktorlik byurosi, Volchansk agregat zavodi va Ukrainaning boshqa korxonalari mahsulotlari Rossiyaga taxminan 170 mln rublga xarid qilingan, deb yozadi «Vajnyye istorii».

Ehtiyot qismlarni yetkazib berish uchinchi davlatlar orqali amalga oshirilgan

«Avia-FED-Servis» 2018 yilda Ukraina sanksiyalari ostida qolgan, shuning uchun unga Ukraina korxonalaridan yetkazib berish to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) ro‘yxatdan o‘tgan Linker kompaniyasi orqali amalga oshirilgan, deb da’vo qilmoqda «Vajnyye istorii». Linker Ukraina ehtiyot qismlarini, shu jumladan «Motor Sich»dan olgan, uning direktori Vyacheslav Boguslayev 2022 yil oktyabr oyida «Rossiya hujumkor aviatsiyasi uchun harbiy mahsulotlarni noqonuniy yetkazib berish»da gumon qilinib qo‘lga olingan.

Linker’ning «Avia-FED-Servis» Rossiya kompaniyasiga oxirgi ta’minoti 2023 yilning yanvarida amalga oshirilgan, deb yozadi «Vajnyye istorii» bojxona ma’lumotlariga tayanib. Keyingi yetkazib berishlar 2023 yil aprel oyida ro‘yxatdan o‘tgan Qirg‘iziston kompaniyasi orqali amalga oshirildi, deya xabar beradi nashr. 

Kompaniyalar rahbariyati yetkazib berish holatlarini rad etyapti

Linker egasi Aleksey Palchik «Vajnyye istorii» nashriga Rossiyaga mahsulot yetkazib bermasligini aytdi. «Linker kompaniyasi Ukrainadan Rossiyaga hech narsa yetkazib bermagan va yetkazib bermaydi», dedi u. Linker «Avia-FED-Servis» kompaniyasiga mahsulot yetkazib berganmi yoki yo‘qmi, aniqlik kiritish so‘ralganda, Palchik «javob berishga tayyor emasligini» aytdi, deb yozadi «Vajnyye istorii». 

Rossiyaning «Avia-FED-Servis» shirkati direktori Aleksandr Reshetnikning «Vajnyye istorii»ga aytishicha, urush paytida kompaniyaga kelgan Ukraina zavodlari mahsulotlari 2020-2021 yillarda sotib olingan va shunchaki «chet elda yotgan». Bir necha oy oldin ro‘yxatdan o‘tgan Qirg‘iziston kompaniyasi orqali yetkazib berish qanday amalga oshirilgan, degan savolga u javob bermadi, deb yozadi «Vajnyye istorii».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid