Jahon | 10:20 / 07.12.2023
10463
2 daqiqa o‘qiladi

Putin BAA va Saudiya Arabistonida tashrif bilan bo‘ldi

Har ikki davlatdagi muzokaralarning aksariyati yopiq eshiklar ortida o‘tgan.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 6 dekabr, chorshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Saudiya Arabistoniga amaliy tashrif bilan borib, bu davlatlar rahbarlari bilan uchrashdi. Uni Abu-Dabida prezident Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Ar-Riyodda valiahd shahzoda va vazirlar kengashi raisi Muhammad bin Salmon Ol Saud qabul qildi.

Har ikki davlatdagi muzokaralarning aksariyati yopiq eshiklar ortida, avvaliga delegatsiyalar, keyin esa yakkama-yakka shaklda o‘tdi. Ikki tomonlama munosabatlar masalalari va xalqaro mavzular, xususan, Falastin-Isroil mojarosi va Ukrainadagi urush muhokama qilindi. Putin Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bilan ikki davlatning OPEK+ doirasidagi hamkorligini ham muhokama qildi.

BAA va Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida Putinning samolyoti mintaqadagi oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat tufayli Rossiya qiruvchi samolyotlari tomonidan kuzatib borilgan, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. 7 dekabr kuni Putin Moskvaga qaytadi va u yerda Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. 

Foto: kremlin.ru

Putinning uzoq vaqtdan beri Yaqin Sharqqa ilk safari

Bu Putinning uzoq vaqtdan beri Yaqin Sharqqa ilk safari. BAA va Saudiya Arabistoni XJSning yurisdiksiyasini tan olmaydi va uning ishida ishtirok etmaydi. Rossiya prezidenti bundan oldin MDHning uchta davlatiga va Rossiya bilan chegaradosh Xitoyga, shuningdek, Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlariga tashrif buyurdi. 

Rossiya rahbariyati XJS orderi tufayli Nyu-Dehlidagi G20 sammitini o‘tkazib yubordi. Kreml XJS orderini noqonuniy deb topdi. Biroq, ehtimoliy xavf-xatarlardan qochish uchun RF rahbariyati xalqaro anjumanlarga bormaslikni afzal ko‘rdi va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni G20 sammitida ishtirok etish uchun Hindistonga yubordi.

Mavzuga oid