O‘zbekiston | 17:10 / 11.12.2023
9225
2 daqiqa o‘qiladi

“Cho‘lpon ishoralar tilida emas, ochiq-oshkora ijod qilgan” - Kristofer Fort

Jadidchilik mavzusidagi xalqaro konferensiyada Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga o‘girgan amerikalik tarjimon Kristofer Fort ham qatnashyapti. Sovet adabiyotidan dissertatsiya yoqlagan tadqiqotchi O‘zbekistonda bir necha yil yashab, o‘zbek tilini o‘rgangan. Kun.uz undan aynan o‘zbek tilida qisqacha intervyu oldi.

“Sovet davri o‘zbek, umuman, ittifoq tarkibidagi boshqa xalqlar adabiyotida, xususan jadidlarda Ezop tilidan foydalanish bo‘lgan, degan fikrlar bor. Menimcha, bunday emas. Bir yozuvchi bilan suhbat-maqolada ham buni o‘qidim, Ezop tilidan foydalansa ham, senzura qiluvchi hukumat buni bilib qolishadi, ular ham aqlli, deyilgan. Menimcha ham, ular Ezop tilidan foydalanmagan.

Masalan, Cho‘lpon yetarlicha ochiqlik bilan sho‘rolarga qarshi yozgan va buni hamma bilgan. Ayniqsa, uning “Buzilgan o‘lkaga” she’ri bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Unga qarshi masxaraomuz javob she’rlar yozgan shoirlar ham bo‘lgan.

20-yillar oxiridagi repressiya davrida Cho‘lpon Moskvaga ketadi. Lekin qaytib kelgach, baribir sotsializm qoidalari bo‘yicha yozmadi, u ochiq-oydin yozar edi. Ba’zi yozganlari sotsializmga to‘g‘ri kelardi, ba’zilari yo‘q.

Masalan, Qodiriy haqida ham shunday deyish mumkin. 1934 yilda nashr qilingan “Obid ketmon” asarida sovet tizimini xushlash ham bor. Lekin umuman, jadidlarda milliy g‘oya kuchli edi. Keyingi davr jadidlari ham shu yo‘ldan borishdi, ularning g‘oyalari ham jadidchilikni boshlab bergan ma’rifatparvarlarnikidan farq qilmas edi. Lekin repressiya davrida Ayniydan boshqa barcha jadidlar qatag‘on qilingan”, – deydi amerikalik tadqiqotchi.

Mavzuga oid