Jahon | 22:35 / 16.12.2023
12964
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Putin nomzodi Rossiya prezidentligiga ilgari surildi

Rossiyalik siyosatchilar, sportchilar va san’atkorlarning tashabbuskor guruhi Putin nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Foto: Sergey Guneyev / TASS

Moskva shahridagi «Zaryadiye» konsert zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda saylovchilar tashabbuskor guruhi Rossiya prezidenti saylovida o‘z-o‘zini ko‘rsatgan nomzod sifatida Vladimir Putin nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Tegishli qaror bir ovozdan qabul qilindi. Nomzodni ko‘rsatish guruhiga Andrey Turchak, Artyom Joga, Tatyana Navka, Jyeff Monson, Vladimir Mashkov, Yaroslav Dronov, Sergey Karyakin, Valeriy Gergiyev, Konstantin Yaroshenko va boshqa o‘nlab mashhur rossiyaliklar kirdi.

Yig‘ilish bayonnomasi Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi va tashabbus guruhi ro‘yxatga olinganidan so‘ng, Putin tarafdorlari imzo to‘plashni rasman boshlashi mumkin bo‘ladi.

Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin 8 dekabr kuni yangi, beshinchi prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgan edi.

Rossiyada prezident saylovi 2024 yil 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Vladimir Putin bundan oldin 4 marta prezidentlik saylovida nomzodini qo‘ygan va barchasida g‘alaba qozongan. U 2000 yildan beri Rossiyaga rahbarlik qilmoqda.

Uning amaldagi prezidentlik vakolati 2024 yil 7 may kuni nihoyasiga yetadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid