Jahon | 00:30 / 22.12.2023
10493
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden ma’muriyati Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berish uchun muzokara boshladi - OAV

Gap Rossiyaning taxminan 300 milliard dollarlik aktivlari haqida bormoqda. Kongressda bunday chorani qo‘llab-quvvatlayotganlar ko‘paygan.

Foto: The New York Times

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berish uchun ittifoqchilar bilan shoshilinch muzokaralarni boshladi. Bu haqda The New York Times yozdi.

Nashr manbalariga ko‘ra, Kongressda bunday chorani qo‘llab-quvvatlayotganlar ko‘paygan, bu esa AQSh prezidenti ma’muriyatida «nekbinlik uyg‘otadi».

Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, so‘nggi paytlarda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Kanada va Yaponiya rasmiylari bilan tegishli muzokaralar jadallashgan, chunki Qo‘shma Shtatlar 2024 yil 24 fevralgacha, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosdagi bosqinining 2 yilligigacha strategiya ishlab chiqmoqchi. Gap Rossiyaning taxminan 300 milliard dollarlik aktivlari haqida bormoqda.

Bundan oldin AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Kongress roziligisiz mablag‘larni olib qo‘yish «Qo‘shma Shtatlarda qonun bilan ruxsat etilgan narsa emas»ligini aytgan edi. NYT yozganidek, bunday pretsedentdan ba’zi yuqori martabali amerikalik amaldorlar ham qo‘rqishadi, chunki musodara qilish boshqa mamlakatlar o‘z jamg‘armalarini Nyu-Yorkdagi Federal zaxira tizimida yoki dollarda saqlashdan bosh tortishiga olib kelishi mumkin.

Musodara qilingan Rossiya mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha bahslar Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlardagi siyosiy kelishmovchiliklar fonida kechmoqda. Xususan, AQSh Kongressi Ukrainaga 60 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelisha olmadi, chunki respublikachilar chegara himoyasi va immigratsiya qonunlarini kuchaytirishni talab qilmoqda.

O‘tgan hafta Financial Times gazetasi AQSh hukumati Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini xalqaro qonunlarni buzmagan holda musodara qilish yo‘lini topgani va G7 yig‘ilishlarida bu haqda tobora ko‘proq gapirilayotgani haqida xabar bergan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid