Jahon | 15:59 / 23.12.2023
5032
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada fuqarolar jamg‘armalari «iqtisodiy rivojlanish» uchun jalb qilinishi mumkin

Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov fuqarolarning jamg‘armalarini «iqtisodiy rivojlanish uchun manba sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan yaxshi resurs» deb hisoblaydi. Gap 40 trillion rubldan ortiq depozitlar haqida bormoqda.

Foto: Grigory Sysoev/SNA/IMAGO

Rossiya Moliya vazirligi fuqarolarning jamg‘armalaridan «moliyaviy suverenitetni ta’minlash», moliya bozori barqarorligini saqlash va iqtisodiy rivojlanishga erishish uchun foydalanish niyatida. Vazirlik rahbari Anton Siluanov Strategik rivojlanish va milliy loyihalar bo‘yicha kengash yig‘ilishida gap fuqarolarning «yo aholi qo‘lida bo‘lgan yoki faol investitsiya dasturlarida ishtirok etmaydigan» moliyaviy resurslari haqida ketayotganini aytdi, bunday depozitlarning umumiy miqdori 40 trillion rubldan ortiq, deb yozadi 22 dekabr, juma kuni The Moscow Times.

Siluanovning so‘zlariga ko‘ra, «davlat fuqarolarni o‘z jamg‘armalarini yangi jamg‘arma va investitsiya vositalariga yo‘naltirishga undaydi». 

«Fuqarolarning jamg‘armalari - yaxshi resurs» 

Anton Siluanov fuqarolarning shaxsiy jamg‘armalarini ham «fuqarolar uchun daromad keltirishi», ham «iqtisodiy rivojlanish manbayi sifatida foydalanilishi» mumkin bo‘lgan «yaxshi resurs» deb atadi. 

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil iyul oyi oxirida Rossiya fuqarolari 60,2 trillion rubl omonatlarga ega bo‘lgan, ularning to‘rtdan uch qismi banklarda depozitda bo‘lgan: 39,8 trillion rubl rublda va 4,2 trillion rubl xorijiy valutada, deb yozadi The Moscow Times nashri. Yana 16,2 trillion rubl naqd pul ko‘rinishida jamg‘arilgan bo‘lib, shundan 11 trillion rubl Rossiya valutasida, 5 trilliondan ortig‘i xorijiy valutada. Ukrainada urush boshlanganidan beri bunday jamg‘armalar hajmi deyarli 2 trillion rublga oshdi. 

2024 yilda Rossiya budjetidagi harbiy xarajatlar ulushi sovet davridan beri rekord darajaga yetadi - 10,775 trillion rubl, ya’ni deyarli 30 foizga. Shu bilan birga, milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun budjet xarajatlarini 6 foizga (4,125 trillion rubldan 3,889 trillion rublgacha), 2025 yilda esa yana 16 foizga (3,248 trillion rublgacha) qisqartirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid