O‘zbekiston | 19:06 / 27.12.2023
18022
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev 6 ta «yashil» elektr stansiyasini ishga tushirdi 

Davlat rahbari xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va tarmoqqa ulash jarayoniga start berdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni oltita hududda 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi. 

Jumladan, Qashqadaryoning Nishon tumani, Buxoroning Qorovulbozor tumani, Surxondaryoning Sherobod tumani, Jizzaxning G‘allaorol tumani, Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanida quyosh elektr stansiyasi, Navoyining Tomdi tumanida shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. 

Tadbirda ushbu loyihalarning hamkorlari bo‘lgan «Masdar» kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamol Ar-Romahiy, «China Energy Engineering Corporation» kompaniyasi vitse-prezidenti Vu Yun, «China Energy International Group» kompaniyasi boshqaruvi raisi Lyu Tszesyan, «China Gezhouba Group» kompaniyasi boshqaruvi raisi Lin Syaodan, «SEPCO III», «Dongfang Electric Corporation» va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. 

Davlat rahbari xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va tarmoqqa ulash jarayoniga start berdi. 

Qayd qilinishicha, umumiy qiymati 2 milliard dollarlik ushbu stansiyalar to‘liq ishga tushsa, ikki millionta xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash hamda sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

«Biz bugun amalga oshirayotgan ulkan ishlar energetika tarmog‘idagi islohotlarning navbatdagi qadamidir. Bu chora-tadbirlarni tizimli davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Hozir yurtimizda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari ustida ishlayapmiz. Xorijiy kompaniyalar bilan sermahsul hamkorligimizni tobora kengaytirib boramiz», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbarining qayd qilishicha, kelgusi besh yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator, 100 dan ortiq podstansiyalar to‘liq yangilanadi. Shuningdek, 10 ming kilometr yuqori kuchlanishli yangi magistral tarmoqlar barpo etiladi. 

Ta’kidlanishicha, 2030 yilgacha «yashil» energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirishga imkon beradi.

Mavzuga oid