Jahon | 09:33 / 28.12.2023
6909
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga 2023 yildagi so‘nggi yordam paketini ajratdi

Vashington Ukrainaga 250 million dollarlik harbiy yordam paketini yubormoqda. Yangi moliyalashtirish faqat AQSh Kongressi roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

Foto: AP

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga 250 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini jo‘natmoqda. AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning 27 dekabr, chorshanba kuni e’lon qilganidek, bu Vashingtonning 2023 yilda Kiyevga so‘nggi yordam paketidir.

AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yetkazib berishlar ro‘yxati havo hujumidan mudofaa tizimlarining tarkibiy qismlari, NASAMS mobil zenit-raketa tizimlari va HIMARS yalpi o‘t ochuvchi reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, Stinger ko‘chma zenit-raketa tizimlari, TOW tankka qarshi og‘ir raketa tizimlari, Javelin tankka qarshi ko‘chma raketa tizimlari, AT-4 tankka qarshi bir martalik reaktiv granatalar, 15 milliondan ortiq o‘q-dori, shuningdek, ehtiyot qismlari, tibbiy va yordamchi uskunalarni o‘z ichiga oladi. 

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi avvalroq paket jo‘natilganidan keyin Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud mablag‘ tugashi haqida ogohlantirgan edi. 

Amerikaning Ukrainaga harbiy yordamini yangidan moliyalashtirish faqat AQSh Kongressi roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Biroq demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli sentabr oyidan beri kongressmenlar o‘rtasida qizg‘in muhokamalar davom etmoqda. Oq uy Ukrainaga 61,3 milliard dollar yordam so‘ragan. Respublikachilar partiyasi ichki muammolarni hal qilish - AQShning Meksika bilan chegarasini mustahkamlash va noqonuniy migratsiya ko‘lamini cheklash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratmasdan bu transhga rozilik berishdan bosh tortmoqda. 

Mavzuga oid