Jahon | 23:38 / 29.12.2023
8163
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Misrga falastinliklarni joylashtirish evaziga pul ajratishi mumkin - OAV 

Vashington falastinlik qochqinlar uchun mo‘ljallangan lagerlarni moliyalashtirishga tayyorligi ta’kidlanmoqda. 

Foto: Getty Images

Agar Misr hukumati G‘azo sektoridan falastinliklarni qabul qilishga rozi bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar moliyaviy yordam paketini taqdim etishga va’da berdi. Vashington falastinlik qochqinlar uchun mo‘ljallangan lagerlarni moliyalashtirishga tayyor, deb yozdi TASS o‘z manbalariga tayanib. 

Misr hozir G‘azo sektoridan falastinliklarning o‘z hududiga ko‘chirilishiga keskin qarshi. Manbaga ko‘ra, moliyaviy yordam paketi Misr uchun asqotishi mumkin, chunki u jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. 

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy oktyabr oyida falastinliklarni mamlakatga qabul qilish imkoniyatini rad etdi va bu Falastin davlatini yaratishga xalaqit berishini aytdi. Hozir Rofah nazorat punkti orqali Misr hududiga faqat yarador falastinliklar va xorijiy pasport egalari kirishi mumkin. 

Noyabr oyi boshida The New York Times olti nafar yuqori martabali diplomatga tayanib, Isroil yuz minglab falastinliklarning G‘azo sektoridan Misrga ko‘chirilishi uchun xalqaro hamjamiyatdan yordam olishga urinayotgani haqida xabar berdi. 

25 dekabr kuni «Ash-Sharq» telekanali manbalarga tayanib, Misr Isroil va Falastinning HAMAS harakatiga G‘azo sektoridagi urushni tugatish bo‘yicha uch bosqichli reja taqdim etgani haqida xabar berdi. Reja o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektorini Falastindagi umumiy prezidentlik saylovlariga tayyorlaydigan texnokratlar hukumatini tuzishni o‘z ichiga oladi. Rejada falastinliklarni Misrga ko‘chirish nazarda tutilmagan.

Mavzuga oid