11:00 / 01.01.2024
15711

3 ta yomon, 3 ta yaxshi o‘zgarish – 2023 yilda iqlim o‘zgarishi nimalarni boshdan kechirdi?

Foto: AP

Iqlim o‘zgarishi keltirayotgan yirik muammolar bilan birga yaxshilarini ham sanash mumkin.

Ko‘pchilik kutganiday tezlik bilan bo‘lmasa ham, qazib olinadigan energiyadan voz kechilib, qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish davom etyapti. Hayvonot va nabotot dunyosida ba’zi turlar yo‘qolib ketgani e’lon qilingan bo‘lsa, yangi turlar ham kashf etildi. Oldin yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan ba’zi turlar ko‘payib borayotgani ham aniqlandi.

Eng issiq yil

Xalqaro metereologiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil insoniyat tarixidagi eng issiq yil sifatida rekord o‘rnatishi kutilyapti. Bu yil o‘rtacha harorat sanoat inqilobi davridan oldingi payt bilan solishtirganda 2,5 daraja issiqroq bo‘ldi. Iyul, avgust, sentabr va oktyabr rekord darajadagi issiq oylar sifatida qayd etildi. 4 iyul esa o‘tgan 125 ming yil ichidagi eng issiq kun bo‘ldi.

Harorat oshishining asosiy omili bo‘lgan qazib olinuvchi yoqilg‘ilarning atmosferaga chiqaradigan uglerod tashlamalari ham 2022 yildan beri 1,1 foizga o‘sdi.

Issiq haroratga shimoliy yarimshardagi El-Nino hodisasi ham sababchi bo‘ldi. Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida suv yuzasining issiq yoki o‘rtachadan baland haroratda bo‘lishi El-Nino hodisasi deb nomlanadi. Xalqaro Metereologiya Tashkilotiga ko‘ra, El-Nino sabab 2024 yilda harorat bundan ham ko‘proq isishi mumkin.

O‘rmon yong‘inlari

Bu yil sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari Kanada osmonini butunlay, AQSh osmonining ham katta qismini tutunga to‘ldirdi. Yil davomida Yer yuzida rekord darajada katta maydon — 18,5 mln gektar yer yonib ketdi. Bu maydon avvalgi rekordga qaraganda 3 baravar, Portugaliya davlati hududidan esa 2 baravar katta.

O‘rmon yong‘inlari sabab ham atmosferaga uglerod tashlamalari chiqariladi. Bu tashlamalar harorat isib boraverishiga sabab bo‘ladi.

Erib borayotgan muzliklar

Yer sharining eng shimoliy nuqtalari bo‘lgan Arktika va Antarktidada harorat sayyoraning boshqa qismlariga qaraganda 4 barobar tezroq isiyapti. Oxirgi ma’lumotga ko‘ra, 2023 yil Arktika uchun eng issiq yil bo‘lgan.

Antarktida dengiz muzining oldin ham har yili yozda ma’lum qismi erigan, biroq muzlik tagidagi okean harorati ko‘tarilib borgani bilan barqarorlik saqlab qolingan. Lekin o‘shanda ham olimlar qachondir dengiz muzlari chekinadigan vaqt kelishini prognoz qilishgandi. O‘sha vaqt hozirga to‘g‘ri kelmoqda. Antarktida muzligi maydonining kichrayib borishi unda yashovchi jonzotlar, jumladan, pingvinlarning keyingi hayotiga ham xavf tug‘diryapti.

Yerda harorat barqaror bo‘lishini ta’minlashda muzliklarning o‘rni katta. Ular quyoshdan kelayotgan nurni qaytarib, yerni salqinlatib turadi. Agar yer shari muzliklaridan ajralsa va erigan suvlar okeanlarga quyilsa, dengiz sathi keskin oshadi.

Qayta tiklanuvchi energiya hajmi oshyapti

Shuncha yirik muammodan keyin umidbaxsh holatlarga o‘tamiz.

Oy boshida Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28 iqlim konferensiyasi 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya hajmini 3 barobarga oshirish va’dasi bilan yakunlandi.

Bu va’da sohaga katta investitsiya kiritish kerakligini anglatadi. Lekin buncha sarmoya kiritish imkoni borligi ham isbotini topyapti.

2023 yilda qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish bo‘yicha rekord natijalar qayd etilgan. Yil boshidagi hisobotlarga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarmida sarf qilingan global elektr energiyasi hajmining 14,3 foizi quyosh va shamoldan olingan energiya hisobidan qoplangan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 12,8 foiz bo‘lgan.

Elektrokarlarga qiziqish oshyapti

Toza elektr energiyasi inqilobi shaxsiy avtomobillar sanoatiga ham ta’sir ko‘rsatyapti. Garchi savdosi avtomobil ishlab chiqaruvchilar va hukumatlar kutganidan kamroq bo‘lsa ham, AQShda va boshqa davlatlarda ko‘chalarda harakatlanayotgan elektrokarlar sezilarli ko‘paygan.

Global miqyosda elektromashinalar savdosi 20 foizga, AQSh va Kanadada savdo 43 foizga, Xitoyda esa 25 foizga o‘sgan.

2040 yilga borib global miqyosda sotiladigan barcha avtomashinalarning 75 foizini elektrokarlar tashkil etishi prognoz qilinyapti.

Yangi turlar paydo bo‘lyapti

Tabiatdagi yana bir umidli yangilik yangi turlarning paydo bo‘lishidir. May oyida 71 ming hayvon turlarini o‘rganish natijasiga ko‘ra, ularning 48 foizi kamayib borayotgani, 49 foizi barqarorligi, atigi 3 foizi oldingiga qaraganda ko‘paygani aniqlandi. Va tadqiqot xulosasiga ko‘ra, hayvonlarning uchdan bir qismining yo‘q bo‘lib ketishiga uzoq muddatda hech bir xavf yo‘q.

Yana ilgari yo‘q bo‘lib ketgan deb hisoblangan ba’zi turlar 2023 yilgi o‘rganishlar davomida qayta aniqlangan. Masalan, 1937 yilda oxirgi marta ko‘rinish bergan “golden mole” hayvonot turib shuncha yildan keyin yana paydo bo‘lgani aniqlandi.

Top