Jahon | 11:31 / 04.01.2024
7784
3 daqiqa o‘qiladi

Kursk viloyatidagi shahar Ukraina zarbasidan keyin elektrsiz qoldi 

Jyeleznogorsk shahri Ukraina zarbasi natijasida zarar ko‘rgan nimstansiya ta’mirlanayotgan vaqtda elektr va issiqliksiz qoldi. Telegram-kanallari 100 ming aholiga ega shaharda vahima kuchaygani haqida xabar berdi.

Foto: Telegram / gubernator_46

100 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan Kursk viloyatining Jyeleznogorsk shahri elektr va issiqlik ta’minotidan butunlay uzildi, bunga Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) hujumi natijasida zarar ko‘rgan nimstansiya ta’mirlanishi sabab bo‘lgan, deb xabar qildi mintaqa gubernatori Roman Starovoyt. «Tiklash ishlarini xavfsiz tashkil qilish uchun biz Jyeleznogorskdagi nimstansiyani o‘chirishga majbur bo‘ldik. Ikki soat ichida avariya oqibatlari bartaraf etiladi», deb yozdi u Telegram-kanalida. 

Shu bilan birga, «Ostorojno, novosti» Telegram-kanali mahalliy aholiga tayanib, shaharda ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalari, do‘konlar va bankomatlar ishlamay qolgani haqida yozmoqda. «Odamlar vahima ichida. Do‘konlarda suv tugab qolgan. Deyarli barcha do‘konlar esa yopiq. Yonilg‘i quyish shoxobchalarida katta navbatlar yuzaga keldi», - deydi kanal suhbatdoshlari. Shuningdek, ular shaharda mobil aloqa bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ta’kidladi. 

Bundan tashqari, Jyeleznogorskdagi ba’zi korxonalar, shu jumladan «Vagonmash» mashinasozlik zavodi ishlamay qoldi. Zavod ishchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, barcha ishchilar ertalab soat 10 da uyga jo‘natilgan. 

Avvalroq Roman Starovoyt Kursk viloyatining Jyeleznogorsk tumanidagi nimstansiyaning zarar ko‘rishi oqibatida bir qancha aholi punktlaridagi turar joy binolarida elektr ta’minoti uzilib qolgani haqida xabar bergan edi. Bundan tashqari, Jyeleznogorskda, gubernator so‘zlariga ko‘ra, «elektr quvvatining ko‘tarilishi va gidrozarba tufayli issiqlik ta’minoti ishdan chiqqan», buning natijasida 17 ta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qolgan. 

Ukrainaga raketa hujumlari

29 dekabr kuni Ukraina hududi butun keng ko‘lamli urush davomida Rossiyaning eng yirik hujumlaridan biriga duchor bo‘ldi. 40 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohat oldi. Ertasi kuni Belgorod markazi o‘qqa tutildi, bu - Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davridagi eng katta javob zarbasi bo‘ldi.

Natijada, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 25 kishi halok bo‘lgan – 1 yanvar kuni shifoxonada 4 yoshli qizchaning vafot etgani ma’lum qilindi. 100 dan ortiq odam jarohatlangan. Ukraina harbiylari Belgorodning o‘qqa tutilishi haqida rasman izoh bermadi. 

30 dekabr kuni Belgorod o‘qqa tutilganidan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga hujumlar ko‘lamini kengaytirish haqida gapirdi. 2 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Kiyev, Xarkiv va boshqa shaharlarga raketa va uchuvchisiz uchoqlardan yirik hujumlar uyushtirdi. Kamida besh kishining o‘limi haqida xabar berilgan. 

Mavzuga oid