O‘zbekiston | 09:57 / 04.01.2024
2689
2 daqiqa o‘qiladi

Xususiy sektorning sog‘liqni saqlashdagi ulushi 50 foizga yetkaziladi 

O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

“Aholi salomatligi-2030” strategiyasi loyihasiga ko‘ra, xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etgan holda davlat-xususiy sherikchiligi asosida 200 ta loyiha amalga oshiriladi.

Jumladan, Toshkent shahrida 5 ta, har bir hududda 1 tadan jami 18 ta, kamida 1000 ta shifo o‘rniga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli shifoxona (klaster)lar, Guliston shahrida “Innovatsion meditsina xabi”, Innovatsion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo genom markazi, onkologik kasalliklarni davolash uchun Hujayra terapiyasi markazi tashkil etiladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida Farg‘ona viloyatida qiymati 160 mln dollar bo‘lgan endokrinologiya, urologiya va kardiologiya markazlarini, shuningdek ko‘p tarmoqli shifoxona va tez tibbiy yordam xizmatini hamda Nur terapiya markazini qamrab olgan tibbiyot klasterini barpo etish ko‘zlanmoqda.

Davlat kafolati ostidagi umumiy qiymati 1,3 mlrd dollarlik 13 ta xorijiy investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

Nodavlat sektorini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning barqaror rivojlantirish mexanizmlari joriy qilinadi.

Tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha davlat xususiy sheriklik loyihalari turlari 2 tadan 8 taga yetkaziladi, davlat tibbiyot muassasalari boshqaruvi beriladi hamda tibbiy xizmatlarni nodavlat tibbiyot muassasalaridan sotib olish orqali xususiy sektorning sog‘liqni saqlashdagi umumiy ulushi 20 foizdan 50 foizga yetkaziladi.

Xususiy sektorni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi zamonaviy mexanizmlari joriy etiladi.

Xorijiy fuqarolardan tibbiyot yo‘nalishida tushayotgan tushum miqdori yiliga 500 mlrd so‘mga yetkaziladi.

Hududlardagi 15 ta tibbiyot texnikumi tajribali kompaniyalar boshqaruviga beriladi va ulardagi ta’lim dasturlari ham to‘liq yangilanadi.

Mavzuga oid