12 yanvar, jumaga o‘tar kechasi AQSh va Britaniya qurolli kuchlari Yamandagi husiychilar obektlariga hujum qildi. AQSh prezidenti Jo Bayden va Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak bir vaqtning o‘zida bu borada bayonot berdi.
AQSh Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, AQSh va hamkorlarining Yamandagi zarbalari nishoni husiychilar dronlari, ballistik va qanotli raketalar, qirg‘oq radarlari va havo kuzatuv tizimlari bo‘lgan. Zarbalar qiruvchi samolyotlar, kemalar va suvosti kemalaridan berilgan, deb yozadi Reuters manbalarga tayanib. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar zarbalarni amalga oshirish uchun Tomahawk bombardimonchi samolyotlari va qanotli raketalardan foydalangan.
Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, husiychilar Qizil dengiz uzra qanotli raketalar va uchuvchisiz uchoqlarni uchirish uchun foydalangan Abbs aerodromiga zarba berilgan. Bundan tashqari, Bani shahrida razvedkachi dronlarni uchirish uchun foydalanilgan bir necha binolarga hujum qilingan.
Husiychilarning Qizil dengizdagi «misli ko‘rilmagan» hujumlariga javob
Baydenning ta’kidlashicha, zarbalar mintaqadagi savdo va navigatsiya erkinligiga tahdid solayotgan xusiychilarning Qizil dengizdagi xalqaro kemalarga «misli ko‘rilmagan» hujumlariga bevosita javobdir. U mudofaa deb ta’riflagan hujum Avstraliya, Bahrayn, Kanada va Niderlandiyaning yordami bilan amalga oshirildi.
«Ushbu maqsadli zarbalar Qo‘shma Shtatlar va hamkorlarimiz bizning xodimlarga qilingan hujumlarga toqat qilmasligi yoki dushman tomonga dunyodagi eng muhim savdo yo‘llaridan biri bo‘ylab navigatsiya erkinligini xavf ostiga qo‘yishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida aniq signal beradi», deyiladi Baydenning Oq uy tomonidan e’lon qilingan bayonotida. U o‘z xalqini va xalqaro savdoni himoya qilish uchun kerak bo‘lsa, keyingi choralarni ko‘rishga va’da berdi.
Sunak, shuningdek, Buyuk Britaniya nuqtayi nazaridan husiychilarga qarshi zarba o‘zini himoya qilish ekanligini ta’kidladi. «So‘nggi oylarda husiychi jangchilar Qizil dengizdagi savdo kemalariga bir qator xavfli va beqarorlashtiruvchi hujumlar uyushtirdi, bu Britaniya va boshqalar xalqaro yuk tashuvlariga xavf tug‘dirdi», dedi Britaniya bosh vaziri. U husiychilarni Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarni to‘xtatishga va vaziyatni yumshatish uchun choralar ko‘rishga chaqirdi.
Husiychilar yetakchisi AQSh zarbasiga «kattaroq javob» bilan tahdid qildi
















