O‘zbekistonning axborot suvereniteti ta’minlanganmi?
Milliy axborot makonidagi ustun tashabbus tashqi kuchlar qo‘lida emas, mamlakatning ichkarisida bo‘lishi – XXI asrda har qanday davlat suverenitetining muhim bo‘g‘inidir. Bu esa so‘z erkinligi amalda ta’minlanishini taqozo etadi. Shu ma’noda, prezident Shavkat Mirziyoyevning Xavfsizlik kengashidagi bayonoti O‘zbekiston davlatchiligi uchun qanday vazifalarni ko‘zda tutadi?
12 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining katta yig‘ilishi bo‘ldi. Yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishni O‘zbekiston prezidenti, Xavfsizlik kengashi raisi Shavkat Mirziyoyev olib bordi. Unda davlat rahbari milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari qatorida, davlatimizning axborot suvereniteti haqida so‘z yuritib, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Biz O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib beramiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumotlar, real voqealarga ehtiyojni biz to‘ldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Har qanday tanqidga javob berishga (tayyor bo‘lishimiz), jurnalist haq bo‘lsa, buni tan olishimiz kerak. Nohaq bo‘lsa, unga tushuntirish orqali yolg‘on xabarlarning oldini olishga o‘rganishimiz va buning nopok va yolg‘onligini butun jamiyatimizga tushuntirishimiz kerak”.
Ya’ni prezident, O‘zbekistonning axborot suvereniteti haqida so‘z yuritib, davlatchilik oldiga bir qancha vazifalar qo‘ymoqda.
Birinchidan, O‘zbekistonda milliy axborot kontentini yaratish.
Ikkinchidan, so‘z va axborot tashabbusi O‘zbekistonning ichida bo‘lishi, milliy manfaatlar bilan bog‘langanlik darajasi yuqori bo‘lishi kerakligi.
Uchinchidan, ijtimoiy-siyosiy tafakkurni shakllantirish yo‘lida, sifatli va keng qamrovli tahliliy ma’lumotlar va axborot oqimini shakllantirish vazifasi.
To‘rtinchidan, davlatchilik, davlat institutlari va mulozimlari OAV va jurnalistlarni eshitishi zarurligi, agar jurnalistlar xato qilganda, tushuntirish kerakligi urg‘ulandi. Boshqacha qilib aytganda, jurnalistlar, OAVning o‘sishi uchun, ularga yashirincha yoki oshkora bosim qilish yo‘lidan emas, ohista tushuntirish usulidan borish kerakligi aytilgan.
Xo‘sh, millionlik O‘zbekiston davlati, bugun yetarli darajada axborot suverenitetiga egami? O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy tafakkurini yetarli darajada qoniqtiradigan axborot kontenti yarata olyaptimi? Tashqi axborot bosimlari pasayib boryaptimi? Qolaversa, O‘zbekiston OAV, jurnalistlari yetarli darajada himoya qilinganmi, degan savollar paydo bo‘ladi.
2019–21 yillarda O‘zbekistonda jurnalistlar faoliyatini himoya qilish maqsadida bir qancha qonun loyihalari ishlab chiqilgan edi. Jumladan, 2019 yilda jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi e’lon qilingandi.
2020 yilning fevral oyida “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda OAV erkinligini buzganlik uchun javobgarlik belgilash ko‘zda tutildi.
2021 yilda esa O‘zbekiston Jinoyat kodeksining yangi tahriri loyihasi muhokamalarga qo‘yildi. Unda ham jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilishga jinoiy javobgarlik ko‘zda tutildi.
Lekin ming afsuski, yuqoridagi biror bir qonun loyihasi qabul qilinmadi.
Aksincha, 2023 yilda jurnalistlar, OAV uchun ancha og‘ir yil keldi. Bir qancha blogerlar qamaldi. So‘z erkinligiga yashirincha va oshkora bosimlar haqidagi fikrlar yangray boshladi. Yilning oxiriga kelib esa, kuchishlatar tizimlari xodimlarining faoliyati davrida foto va videoga olishni taqiqlovchi, foto va videoga olishni “obro‘sizlantirish” deb talqin qiluvchi yangi qonun moddalari kiritish ustidan qadamlar tashlana boshladi.
2016 yilga qadar so‘z va axborot tashabbusi O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgan edi. Keyingi yillarda O‘zbekistonning ichida so‘z erkinligi, axborot tashabbusi ancha kengaydi. Lekin haliga qadar O‘zbekiston tashqi axborot ta’sirlaridan, axborot bosimlaridan xoli emas. Asosiy sabab – O‘zbekistonning ichidagi OAV to‘liq erkin emasligida. Ayniqsa, O‘zbekiston jamoatchilik fikriga eng katta ta’sir qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan televideniyeda ijtimoiy-siyosiy tafakkurni qoniqtira oladigan, davlat va jamiyatni bog‘lay oladigan darajadagi kontent ishlab chiqilmayapti.
Telekanallarni boshqaradigan mulozimlar uchun hozirgi holat qoniqarli, yoki oldingiga nisbatan “ijobiy o‘zgarish tomon ketayotgandek” ko‘rinishi tabiiy. Lekin 36 millionlik O‘zbekistonning axborot suvereniteti nuqtayi nazaridan qaraganda esa, vaziyat haliga qadar qoniqarsiz. Sababi O‘zbekiston tashqi davlatlarning va xorijiy ommaviy axborot vositalarining bevosita va bilvosita ta’sir doirasida qolmoqda.
Axborot suvereniteti uchun senzuradan xoli bo‘lgan, erkin matbuot kerak. Erkin matbuot esa, jamiyatdagi yashirincha va oshkora diskomfort holatlarni, ijtimoiy so‘rovlarni kanallashtiradi. O‘z o‘rnida, erkin OAV ishlab turadigan davlat uchun sifatli davlat institutlari va mulozimlari ham kerak bo‘ladiki, jamiyatning ehtiyojlarini malakali anglashi va yechim berishi zarur hisoblanadi.
Lekin hozirgi axborot davrida, axborot yoki O‘zbekistonning ichida yetishtiriladi, yoki tashqi dunyodan O‘zbekistonga yomg‘ir kabi kirib kelaveradi. Axborot suverenitetini barcha davlat mulozimlari anglasa kerak, lekin uni ta’minlashga kelganda, ba’zi davlat organlari va mulozimlari, korporativ va shaxsiy manfaatlarni milliy manfaatlardan ustun qo‘yishlari kuzatiladi. Axborot suvereniteti – milliy suverenitet va manfaatlarning poydevori. Bunga erishish uchun esa, OAV va jurnalistlar erkin va raqobatdosh bo‘lishi kerak.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
19:47 / 30.11.2024
Xitoyda josuslikda ayblangan jurnalistga hukm o‘qildi
12:31 / 28.11.2024
GFR rasmiylari RF jurnalistlariga mamlakatni tark etishni buyurmagan
16:05 / 16.11.2024