Jahon | 23:02 / 21.10.2025
7296
2 daqiqa o‘qiladi

«Uni onang sotib olgan, ahmoq» – Tramp ma’muriyati jurnalistga yana qo‘pollik qildi

HuffPost internet-nashri jurnalisti Pentagon rahbarining galstugi haqida savolga shunday javob oldi.

Foto: Reuters

AQSh ma’muriyati amaldorlari Harbiy vazir Pit Hegsetning galstugi haqida savol bergan HuffPost internet-nashri jurnalistini yana bir bor tahqirladi.

Avvalroq, 17 oktabr kuni Donald Tramp va Volodimir Zelenskiyning Oq uydagi uchrashuvini yoritgan jurnalist tadbirda ishtirok etgan Pit Hegsetning galstugiga alohida e’tibor qaratgan edi.

TASS agentligining yozishicha, Pentagon rahbari uchrashuvga Rossiya bayrog‘i ranglariga monand – oq, ko‘k va qizil ranglardagi galstukni taqqan. Xuddi shu ranglar AQSh davlat ramzlarida ham qo‘llaniladi, biroq Hegsetning galstugidagi hoshiyalar Rossiya bayrog‘idagi kabi ketma-ketlikda joylashgan.

HuffPost muxbiri Es Vi Deyt Pentagondan Hegset Rossiyadan bu haqda maqtovni eshitgan-eshitmaganini va ilgari bunday galstuk taqqan-taqmaganini so‘ragan.

Bunga javoban u AQSh Mudofaa vazirligi vakili Shon Parnelldan shunday xabar oldi: «Uni onang sotib olgan va bu vatanparvar Amerika galstugi, ahmoq».

Jurnalist Hegsetning Amerika bayrog‘idan kiyim elementi sifatida foydalanishni taqiqlovchi AQSh bayrog‘i kodeksi haqida xabardorligi haqida aniqlashtiruvchi savol bergan.

Pentagon matbuot kotibi Kingsli Uilson quyidagi bayonot bilan javob bergan: «Agar o‘z mamlakatingni boshdan-oyoq ramzlar bilan sevish HuffPost so‘l blogining nazarida jinoyat bo‘lsa, unda vazir Hegsetni aybdor deb hisoblang. U vatanparvar, yurtimizni, bayrog‘imizni ulug‘laydi».

Avvalroq HuffPost Donald Tramp ma’muriyatiga AQSh va Rossiya prezidentlarining navbatdagi uchrashuvi uchun Budapeshtni kim tanlagani borasida izoh so‘rab murojaat qilgandi. Bunga Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt shunday javob berdi: «Buni onang qildi».

Mavzuga oid