Jahon | 16:17 / 19.01.2024
12016
6 daqiqa o‘qiladi

Eron va Pokiston o‘rtasida kutilmagan raketa zarbalari almashuvi: Xitoy ularni yarashtiradimi?

Eron 16 yanvar kuni Pokistonning Balujiston viloyatiga raketa zarbalari yo‘llab, jangarilarga qarshi amaliyot o‘tkazganini bildirdi. Ko‘p o‘tmay xuddi shunday da’vo bilan Pokiston ham javob zarbalarini yo‘lladi. Sharqshunos-afg‘onshunos Suhrob Bo‘ronov “Geosiyosat” dasturida bu voqealar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Eron Iroq va Suriyadagi nuqtalarga va bir necha kun oldin Pokistonning Balujiston hududidagi jangarilarga zarba bergani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Eron nega kutilmaganda bunday faollik qilyapti, sababi nima?

— Eronning bu qarorlari juda qiziq bo‘lyapti. Bular 2020 yildagi Qosim Sulaymoniyga suiqasddan keyingi eng katta operatsiya bo‘ldi, biryo‘la 3 ta davlat hududiga raketa zarbalari berdi. Iroqdagi va Suriyadagi harbiy harakatlar tushunarli, bu bo‘yicha bayonotlar berildi. Iroqning Isroilga yaqin bo‘lgan Erbil shahriga zarba berishi Isroil uchun o‘ziga xos signal bo‘ldi.

Pokistonga amalga oshirilgan hujumni Eron tomoni “Daysh ul-Adl” terroristik guruhiga qaratilgan zarba deb izohladi. Barchasini tahlil qilib aytadigan bo‘lsak, bu zarbalar Eronning Kirmon shahridagi portlashga aloqador guruhlarga berilyapti. Pokistonga uchirilgan raketa ham shunga bog‘liq, ya’ni bu Pokiston davlatiga qaratilgan emas, aynan terrorchilarga qaratilgan, deyildi. Pokistonning javobi ham xuddi shunday bo‘ldi va xuddi shu ma’nodagi bayonot berdi.

Pokiston bu zarbani suverenitetning buzilishi deb baholadi va Eron hududidagi Pokistonga qarshi kuchlarga zarba berish orqali javob qaytardi. Bu voqealar yanada avj olib, davlatlar o‘rtasidagi harbiy harakatlarga aylanib ketishi ehtimoli qanchalik?

— Bunday deb o‘ylamayman. Ammo mojarolar ancha jiddiy tus olayotgani ko‘rinib turibdi. Ikki tomondan ham tinch aholi qurbon bo‘lgan: Pokistonda 2 nafar bola, Eronda 3 nafar ayol va 4 nafar bola halok bo‘lgan. Lekin jiddiy urush holati yuzaga kelmaydi deb hisoblayman. Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari muloqot qildi va ikki tomon ham bir-birining hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilishi haqida bayonot berdi. Ikki davlatga ham bunday nizo manfaat keltirmaydi.

Ayni vaziyatda Eron Yaqin Sharqdagi holatga ham aralashib qolgan, bunday holatda ikkita frontda jang qilish qiyin vaziyatni vujudga keltiradi. Pokiston esa saylovlar arafasida turibdi. Saylovlar arafasi va ichki etnik muammolar bo‘lib turgan holatda Pokiston uchun ham bu urush kerak emas.

Umumiy vaziyatning qisqa tahlilida 3 ta versiya ilgari surilyapti. Birinchisi, Eron va Pokiston bu operatsiyalarni kelishgan holda amalga oshirgan, degan fikr. Bunga ko‘ra, ularning asosiy maqsadi Afg‘onistondagi “Tolibon”ga aloqador bo‘lgan kuchlarga shu orqali javob berish.

Ikkinchisi, rostdan ham bu ikki davlat o‘rtasidagi nizo va vaziyat rasmiy bayonotlardagi kabi bo‘lgan, degan fikr. Uchinchisi esa boshqa tashqi kuchlarning ham qo‘li bor, degan taxmin.

Tashqi kuchlar Eronning mintaqaviy ta’sir doirasini cheklash uchun shunday holatni keltirib chiqargan ehtimoli bor. AQShning Yangi Yaqin Sharq degan konsepsiyasiga ko‘ra, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoga yaqin hududlarda bir qator yangi davlatlar tashkil topishi ko‘zda tutiladi. Unga ko‘ra, Iroq 3 qismga bo‘linadi, Pokiston hududida ham Balujiston davlati tuzilishi nazarda tutilgan.

Konflikt faqat ikki davlat o‘rtasidami yoki uchinchi tomon bormi?

— Bu holatda ko‘lam kengroq ham deb o‘ylayman. Chunki bu yerda Xitoy manfaatlari ham bor. Balujiston orqali Gvadar portiga chiqish yo‘li bor. Xitoy mana shu yerdan o‘tuvchi Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridoriga 60 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritishni maqsad qilgan. Aynan Xitoy Eron va Pokiston o‘rtasida vositachi bo‘lish taklifi bilan chiqdi, chunki barqarorlik bo‘lishi kerak Xitoy uchun. Ikki tomon ham Xitoy taklifini qabul qiladi deb o‘ylayman. Chunki bayonotlar keskin bo‘lsa-da, ikki davlat ham mojarodan qochishga harakat qilyapti.

Umuman, Yaqin Sharqdagi vaziyat boshqa yerlarga ham ko‘chyapti. Shu o‘rinda aytish kerakki, bir davlatning hududiy yaxlitligiga tahdid solish, turli bahonalar bilan ichki ishlarga arashish so‘nggi vaqtlarda jahon siyosatida ko‘payib boryapti. Bu esa xalqaro huquq me’yorlarini isloh qilishni talab etadi. Ammo buni amalga oshiruvchi BMT zaif tashkilot sifatida namoyon bo‘lyapti.

Bundan tashqari, Eron va Pokiston ShHT doirasida hamkor davlatlar hisoblanadi. Shu ma’noda, bu vaziyat ShHTdagi hamkorlik jarayonlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tashkilotdagi kuchli davlatlar o‘z so‘zini aytishi kerak. Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi mojaroda ShHT bu masala faqat ikki davlatga tegishli ekanini aytgandi, bu holatda ham shunday bo‘lishi mumkin.

Abdurahmonov NormuhammadAli suhbatlashdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid