Siyosiy tahlilchi Umrbek Yusupov Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida O‘zbekiston prezidentining Gurjistonga 23 yil ichidagi ilk tashrifiga izoh berdi.
— Gurjiston va O‘zbekiston bir-biridan nima xohlaydi?
Umrbek Yusupov: So‘nggi yillarda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, ya’ni O‘rta koridorning strategik ahamiyati keskin oshdi. Ukraina–Rossiya urushi ortidan Shimoliy koridor orqali yuk tashish imkoniyatlari sezilarli darajada cheklangach, mintaqa davlatlari muqobil logistika yo‘nalishlariga faol e’tibor qarata boshladi. Ana shunday yo‘nalishlardan biri – Kaspiy dengizi, Ozarboyjon va Gruziya orqali Qora dengiz portlari bilan Yevropani bog‘lovchi transport yo‘lagidir. Aslida bu yo‘l avvaldan mavjud edi, biroq bugungi geosiyosiy vaziyat uning ahamiyatini yanada oshirdi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarining jadallashuvi Janubiy Kavkaz davlatlarining mintaqamizga qiziqishini ham kuchaytirdi. Ozarboyjon transport va energetika yo‘nalishlarida faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, Gruziya ham so‘nggi besh-olti yil davomida Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Janubiy Kavkaz bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga intilmoqda. Buni ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolangani ham yaqqol tasdiqlaydi. Bu hujjat O‘zbekiston va Gruziya munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Gruziya muzokaralar davomida O‘zbekistonning davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro huquq tamoyillariga qat’iy amal qilayotganini alohida e’tirof etdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy ishonchning yuqori darajada ekanini ko‘rsatadi.
Uzoq yillar davomida mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmagan edi. So‘nggi yillarda esa vaziyat tubdan o‘zgardi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017–2025 yillar oralig‘ida o‘zaro savdo hajmi uch barobarga oshdi. Ilgari qariyb 90 million dollarni tashkil etgan savdo aylanmasi bugungi kunda 270 million dollarga yaqinlashdi. Endi tomonlar yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Hamkorlik faqat savdo bilan cheklanmayapti. Bank-moliya sohasidagi aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Gruziyaning eng yirik moliyaviy institutlaridan biri – TBC banki 2019 yilda O‘zbekiston bozoriga kirish jarayonini boshladi va 2020 yilda bank litsenziyasini oldi. Bugungi kunga kelib u mamlakatimizdagi eng faol xorijiy banklardan biriga aylandi. Bank tomonidan qariyb yarim milliard dollar investitsiya yo‘naltirilgani ham O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan ishonchning yuqoriligini ko‘rsatadi.














