Jahon | 21:32 / 19.01.2024
24671
2 daqiqa o‘qiladi

Tatariston rasmiylariga o‘zbek tilini o‘rganish maslahati berildi 

Rossiyaning ushbu hududida ishchi kuchi yetishmasligi muammosini o‘zbekistonliklar hisobiga hal qilish taklif etildi. 

Foto: newsko.ru

Rossiyalik iqtisodchi Natalya Zubarevich Tatariston hukumatiga ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal qilish uchun O‘zbekistonga yuzlanish va o‘zbek tilini o‘rganishni maslahat berdi. 

«Bu borada hech narsa qilib bo‘lmaydi, faqat moslashish kerak. Tataristonda va umuman Rossiyada ishchi kuchi yetishmasligi muammosini 2020-yillar oxirigacha hal qilib bo‘lmaydi», dedi u Tatariston Investitsiyalarni rivojlantirish agentligi (IRA) yig‘ilishida. 

Zubarevich buni Rossiya aholisi demografik tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari bilan izohladi. «Ular [rossiyaliklar] mehnat bozoriga 20 yoshda kirmoqda, bu juda kamchilik avlod. Ularning soni 35-38 yoshdagilarga qaraganda uch barobar kam. Ayollar endi tug‘may qo‘ydi. Sizga ishchi kuchi kerak, ammo u yo‘q», deb ta’kidladi ekspert.

Iqtisodchi mutasaddilarga «O‘zbekistonga nazar solishni» taklif qildi. 

«Tojikistondan ko‘ra O‘zbekiston yaxshiroq. Kadrlar sifati nuqtai nazaridan», dedi Zubarevich. Shu bilan birga, u chet elliklar oilasi bilan kelishi tufayli ijtimoiy xarajatlar ortib borishi haqida ogohlantirdi. 

«Qisqasi, Rossiyada ishchi kuchini topa olmaysiz. Kavkazga bormasangiz ham bo‘ladi - bu odamlar stanok oldida turmaydi. O‘zbeklar esa bir nechta zavodlarni, jumladan, koreyaliklarnikini tashkil qilishdi… Va bu Toshkent yaqinida, Farg‘ona vodiysida ish berdi. Shuning uchun o‘zbek tilini o‘rganing, bu siz uchun oson», dedi iqtisodchi Tatariston rasmiylariga.

Mavzuga oid