Nuqtayi nazar | 22:07 / 20.01.2024
73390
2 daqiqa o‘qiladi

33 yil davomida imtiyozlar olgan qaysi soha boqimandalikdan chiqib, raqobatbardosh bo‘la oldi?

O‘zbekistonda televizor, konditsioner, kir yuvish mashinasi kabi maishiy texnikalar importiga yangi cheklovlar o‘rnatilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar kengaytirildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz’ga bergan intervyusida ayni mavzu yuzasidan mulohazalarini bildirdi.

Foto: Andrey Lyubimov / RBK/ TASS

Men qaror qabul qiluvchilarga savol bergim keladi. 33 yil davomida “teplitsa” sharoitida imtiyoz, arzon kreditlar, preferensiyalar bilan qaysi sohani rivojlantira oldingizki – ular parazitlikdan, boqimandalikdan raqobatbardoshlik darajasiga chiqa oldi? O‘zbekiston xalqining cho‘ntagini kovlashdan, cho‘ntagidagi bor mablag‘larni sug‘urib olishdan erkin bozorda bemalol faoliyat ko‘rsatadigan, raqobat qila oladigan, sifat ustida ishlaydigan, xarajatlarni minimallashtiradigan darajaga chiqa oldi? Birorta misol keltirib bera olishadimi?

Maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga 5 foizdan kredit liniya taqdim etiladigan bo‘lgan. Oxirgi marta O‘zbekiston 8 foizdan ham qimmatroqqa kredit oldi. Tasavvur qiling, O‘zbekiston o‘zining suveren reytingini, budjet imkoniyati, iqtisodiy imkoniyatini hisobga olgan holda 8 foizdan kredit olyaptida, ularga 5 foizdan kredit berarkan. Bu qanaqa iqtisodiy mantiq? Ular haqiqat ham yashashga qobil bo‘lsa, parazit bo‘lmasa, ochiq bozordan kredit olsin. O‘zbekistonning 10 yoki 30 ming aholisini ish bilan ta’minlayapmiz deyotganlar ochiq bozordan kredit olsin. O‘zbekiston hukumati bizning nomimizdan 400 mln dollar kredit olarkan-da, ularga 5 foiz kredit liniyasini ocharkan, har bir kreditdan kamida 3 foiz bizning zimmamizga tushadi.

Hali 15 foizgacha bo‘lgan narx preferensiyasini gapirmayapman. Bu absurd, umuman absurd. Sodda tilda aytsam, “15 foiz nogironmiz, 15 foiz imtiyoz bermasangiz, biz hech narsaga yaramaydigan ojizmiz” deyish bilan barobar bu. O‘zi 15 foizlik narx preferensiyasi oldin ham bor edi, shu imtiyozni olish uchun davlat buyurtmasiga kamida 3 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi da’vogarlik qilishi kerak edi. Endi bitta bo‘lsa ham kifoya.

Mavzuga oid