Jahon | 11:05 / 22.01.2024
6089
3 daqiqa o‘qiladi

NATO sovuq urush davridan beri eng yirik harbiy mashqlarni boshlayapti

May oyining oxirigacha davom etadigan Steadfast Defender mashqlari taxminan 90 000 kishini qamrab oladi. NATO 1988 yilda o‘zining so‘nggi shunga o‘xshash mashqlarini o‘tkazgandi.

Foto: AP

Shimoliy Atlantika alyansi 22 yanvar, dushanba kuni so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik to‘rt oylik mashg‘ulot - Steadfast Defender 2024 («Qat’iy himoyachi»)ni boshlamoqda. Mashqlarga 90 mingga yaqin kishi jalb etiladi. Ularda NATOning barcha davlatlari va alyansga kirishga nomzod Shvetsiya ishtirok etadi. May oyi oxirigacha davom etadigan manyovrlar Yevropa hududini Norvegiyadan Ruminiyagacha qamrab oladi. Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Steadfast Defender manyovrlari ssenariysi - Rossiyaning ittifoqchilar hududiga hujumi, u NATO jamoaviy mudofaa shartnomasining 5-moddasini ishga tushiradi. 

Hozirga qadar so‘nggi o‘n yilliklarning eng yirik manyovrlar 2018 yilda 50 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etgan Trident Juncture hisoblangan. NATO 1988 yilda 125 mingdan ortiq askarni qamrab olgan so‘nggi juda katta ko‘lamdagi mashqlarni o‘tkazgandi. 

Keng ko‘lamli mashg‘ulotlar NATOning tayyorgarligini ko‘rsatadi
 
Steadfast Defender 2024 shuningdek, samolyot tashuvchilardan tortib esminetslargacha bo‘lgan 50 dan ortiq kemalar, shuningdek, 80 dan ortiq qiruvchi samolyotlar, vertolyotlar va dronlar, kamida 1100 ta jangovar mashina, shu jumladan 133 ta tank va 533 ta piyoda jangovar mashinasini o‘z ichiga oladi. Alyansning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari qo‘mondoni Kristofer Kavoliga ko‘ra, mashq NATO quruqlik, dengiz, havo, kibermakon va kosmosda «bir necha oy davomida, minglab kilometrlardan ortiq, Uzoq Shimoldan Markaziy va Sharqiy Yevropagacha hamda har qanday sharoitda» murakkab operatsiyalarni o‘tkazishi va qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ko‘rsatib beradi. 

NATO harbiy qo‘mitasi rahbari Rob Bauerning so‘zlariga ko‘ra, bu miqyosdagi mashg‘ulotlar alyansning yangi tayyorgarligini namoyish etadi. «Bu butun alyans bo‘ylab, okean orqali, Qo‘shma Shtatlardan Yevropagacha bo‘lgan ushbu miqyosdagi mashqlarni o‘tkazishimiz mumkin bo‘lgan rekord miqdordagi qo‘shindir», dedi u. Bundan tashqari, harbiy qo‘mita rahbari urush nafaqat harbiylarning ishi ekanini ta’kidladi: «urush haqida gap ketganda, biz Ukrainada ko‘rib turganimizdek, bu butun jamiyatga ta’sir qiladi». 

Mavzuga oid