NASA birinchi kosmik vertolyot missiyasi yakunlanganini e’lon qildi
U Mars sayyorasida rejadagi 30 kun o‘rniga deyarli uch yil ishladi.
Amerikaning NASA kosmik agentligi Ingenuity vertolyotining Marsdagi missiyasi parraklar shikastlangani sababli yakunlanganini e’lon qildi.
«Vertolyotning tasvirlari qo‘nish vaqtida bir yoki bir nechta parraklar shikastlanganini ko‘rsatdi. Endi vertolyot havoga ko‘tarila olmaydi», deyiladi NASA bayonotida.
Agentlik rahbari Bill Nelson so‘zlariga ko‘ra, Ingenuity kichik vertolyoti (o‘lchami atigi 20 santimetr, parrak uzunligi 120 santimetrgacha) «biz tasavvur qilganimizdan ham balandroqqa va uzoqroqqa uchdi».
«Boshqa sayyoradagi birinchi havoga uchish apparatining tarixiy sayohati nihoyasiga yetdi», dedi u va vertolyot «imkonsiz narsani amalga oshirishga» yordam berganini qo‘shimcha qildi.
Ingenuity vertolyoti 2020 yil iyul oyida Marsga yuborilgan Perseverance marsyurari uchun razvedka mashinasi bo‘lib xizmat qildi. 2024 yil 18 yanvar kuni u qo‘nish vaqtida shikastlandi va aloqa uzilib qoldi. Ertasi kuni aloqa tiklandi, ammo vertolyot endi ucha olmasligi ma’lum bo‘ldi.
Missiya tugallangach, NASA jamoasi vertolyot tizimlarining yakuniy sinovlarini o‘tkazadi va uning ichki xotirasida qolgan tasvir va ma’lumotlarni yuklab oladi. NASA ma’lumotlariga ko‘ra, Perseverance hozir vertolyotni suratga olishga urinishi uchun juda uzoqda.
Ingenuity birinchi marta 2021 yil 18 fevralda Perseverance bilan birga Marsga qo‘ngan edi. 19 aprel kuni vertolyot havoga ko‘tarildi va o‘zining birinchi boshqariladigan parvozini amalga oshirdi.
Ingenuity vertolyoti 30 kun davomida beshtagacha eksperimental sinov parvozlarini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan edi. Biroq Marsda taxminan uch yil (deyarli ming kun) ishladi va rejalashtirilganidan 14 marta ko‘p - taxminan 17 km uzoqlikka, 24 metr balandlikda 72 ta parvozni amalga oshirdi. Umumiy parvoz vaqti ikki soatdan oshdi. NASA ma’lumotlariga ko‘ra, vertolyot uchta favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi va «Marsning o‘ta sovuq qishidan omon chiqdi».
Vertolyotning asosiy vazifasi, NASA rejalashtirganidek, zichligi Yerdagidan taxminan 100 baravar past bo‘lgan Mars atmosferasida parvoz texnologiyasini sinab ko‘rish edi.
Mavzuga oid
21:34 / 27.11.2024
Xitoy va AQSh «uchga uch» formulasi bo‘yicha mahbuslar almashdi
19:34 / 27.11.2024
FQB tomonidan eng ko‘p qidirilgan shaxs Buyuk Britaniyada hibsga olindi
09:19 / 27.11.2024
Italiyadagi xushmanzara qishloq Tramp boshqaruvidan norozi amerikaliklarga 1 dollardan uy taklif qilmoqda
23:52 / 26.11.2024