15:34 / 01.02.2024
17694

«Barsa»ni qutqargan «yangi Ronaldo» va Darvinning antiqa rekordi. Kun o‘yinlari

Chorshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Klopp uchun o‘ynayotgan «Liverpul»

«Liverpul» — «Chelsi» 4:1
Gollar:
Jota (23), Bredli (39), Soboslai (65), Dias (79) — Nkunku (71). 
Aniq ijro etilmagan penalti:  Nunes (45+2).
«Liverpul» – Alisson, Bredli (Aleksander-Arnold, 68), van Deyk, Konate, Gomes (Roberson, 69), Soboslai (Elliott, 69), Mak Allister, Jons (Klark, 83), Jota (Gakpo, 68), Dias, Nunes.
«Chelsi» – Petrovich, Disasi, Silva, Badiashil, Chiluell (Gyusto, 46), Gallaher (Nkunku, 46), Fernandes, Kaysedo (Chukvuemeka, 66), Palmer (Kazadei, 85), Sterling, Madueke (Mudrik, 46).
Ogohlantirishlar: Kaysedo (11), Fernandes (33), Chiluell (35), Disasi (41), Nunes (47), Konate (76).

Mavsum yakunida iste’foga chiqishini e’lon qilgan Yurgen Klopp nafaqat «Liverpul» muxlislarini yig‘latdi, balki jamoaga ham maksimal darajada ishtiyoq berdi. Futbolchilar endi murabbiy uchun ham mavsumni sovrin bilan yakunlashga ahd qilishgan.

Endi «Enfild»dagi har bir o‘yin — germaniyalik mutaxassis uchun alohida odaga aylanadi. «Liverpul» muxlislarining mashhur You'll never walk alone qo‘shig‘i Klopp uchun bag‘ishlanadi. Bularning barchasi futbolchilarga ham o‘tishiga shubha yo‘q.

Misol uchun, Darvin Nunes «Liverpul»dagi bir yarim yili davomida u — kayfiyat o‘yinchisi ekanini namoyish etdi, uning o‘yini ruhiy holatiga bog‘liq bo‘ladi. U yaxshi kayfiyatda bo‘lsa o‘yinni «yondirishi» ham, aksincha bo‘lsa «so‘nib qolishi» ham mumkin. Buning isbotini — «Chelsi» bilan o‘yinning birinchi bo‘limida ham ko‘rish mumkin edi: dastlabki 18 daqiqada urugvaylik forvard darvoza sari besh bor zarba yo‘lladi, shu bilan birga bu urinishlardan faqat oxirgisi yaqqol golli vaziyat edi. Undan oldingi to‘rt zarbada u shoshildi yoki yaxshi tayyorlanmasdan zarba berdi, beshinchi zarbasi esa ustunga bordi, aniqrog‘i «Chelsi» darvozaboni Petrovich to‘pning yo‘nalishini o‘zgartirdi.

Bu o‘yinda unga hisobni ochish nasib qilmadi va bo‘lim o‘rtalarida jamoaning ikkinchi hujumchisi — Diogu Jota raqib jarima maydoniga yorib kirib, sovuqqonlik bilan aniq zarba berdi. Jarohatidan tiklanib qaytgach, yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan portugaliyalik hujumchi APLning so‘nggi to‘rt turida to‘rt gol urgan va ikki golga uzatma bergan — Afrika kubogidan ertaroq qaytgan Saloh ham bunday statistikaga havas qilishi mumkin. Ammo misrlik hujumchi hozircha .

«Liverpul»ning boshqa yetakchisi — Aleksandr-Arnold ham safda emas. Trent yaqinda «Norvich»ga qarshi kechgan kubok o‘yinida zaxiradan tushgandi, ammo hozircha 90 daqiqa o‘ynashga tayyor emas. Shu tufayli himoyaning o‘ng qanotida 20 yoshli Konor Bredli harakat qildi va kutilmaganda aynan u birinchi bo‘lim qahramoniga aylandi.

Umuman olganda, «Chelsi» ushbu tajribasiz himoyachiga qanot bo‘ylab hujum uyushtirib, uni dog‘da qoldirishni ko‘zlagandi. Qog‘ozda bu mantiqiy taktik yondashuvdek ko‘rinadi, ammo amalda Bredli nafaqat o‘z qanotidagi bosimga dosh bera oldi, balki o‘ziga past baho bergani uchun londonliklarni jazoladi ham. Birinchi golli hujumda ushbu yigitcha maydonning ikkinchi qismida Chiluelldan to‘pni olib qo‘ydi va to‘pni oldinga olib borib, Jotani golli uzatma bilan ta’minladi. Ikkinchi golni esa Bredlining o‘zi urdi: shimoliy irlandiyalik futbolchi yana ochiq qoldirilgan keng yo‘lak bo‘ylab yugurib, Diasning uzatmasini qabul qildi va oradagi farqni oshirdi.

«Chelsi»da esa hech narsa o‘xshamadi: jamoalar kiyim almashtirish xonasiga zarbalar bo‘yicha 15:1 ko‘rsatkichi bilan yo‘l oldi, mehmonlarning yagona zarbasi bo‘lim yakunlanishiga 30 soniya qolganida yo‘llandi: 45-daqiqada ularning darvozasiga penalti belgilandi, ammo Nunes yana ustunni mo‘ljalga oldi. 

Ikkinchi bo‘lim boshlanishidan oldin Maurisio Pochettino birdaniga uch futbolchini maydonga tushirdi va ulardan ikkisi darhol golli vaziyat yaratishdi, ammo Mudrik Gyustoning qanotdan bergan uzatmasini darvoza to‘riga to‘g‘rilab qo‘ya olmadi. Umuman olganda, «Chelsi» ikkinchi bo‘limda nisbatan yaxshiroq o‘ynadi, ammo mehmonlar safida Bredli kabi futbolchi yo‘q edi: 65-daqiqada ushbu himoyachi Soboslaiga ajoyib pas berib, yana bir golda ishtirok etdi. Bu Konorning APL doirasida «Enfild»dagi ilk o‘yini edi va uning debyuti kutilganidan ham a’lo chiqdi: ikkita golli uzatma va gol!

Yana bir e’tiborli jihati Bredli maydondan olinishi bilan «Liverpul» gol o‘tkazib yubordi: sog‘ayib safga qaytgan Nkunku oradagi farqni qisqartirdi. Ammo «Chelsi» baribir yirik hisobdan qutulib qola olmadi.

Agar 20 yoshli himoyachi — oqshom qahramoni bo‘lgan bo‘lsa, Nunes — antiqahramonga aylandi. Urugvaylik hujumchi barcha ishni bevaqt amalga oshirdi, qolaversa unga omad kulib boqmadi. Natijada aql bovar qilmas statistika yuzaga keldi: 90 daqiqa davomida u to‘rt marta darvoza to‘sini yoki ustunini nishonga oldi. APLda shunday ko‘rsatkichlar hisoblab borilishi yo‘lga qo‘yilgan 2003/04 yillar mavsumidan buyon hech kim bir o‘yinning o‘zida bunchalik ko‘p marta to‘pni ustunga yoki to‘singa qarata tepmagandi. Shunga qaramay, Darvin maydonni golli harakatsiz tark etmadi: uning qanotdan uzatmasidan keyin Dias yakuniy hisobni o‘rnatdi — 4:1.

Zarbalar statistikasi — «Liverpul» foydasiga 28:4, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha — 13:3.

Bu o‘yin favorit va o‘rtamiyona jamoalar o‘yini kabi kechdi va shunga mos yakunga ega bo‘ldi. «Chelsi» o‘ninchi o‘rinda, «Liverpul» esa — birinchi o‘rinda qoldi.

«Manchester Siti» — «Byornli» 3:1
Gollar:
Alvares (16, 22), Rodri (46) — Ad Dahil (90+3).
«Manchester Siti» – Ederson, Lyuis, Stounz, Ake, Gvardiol, de Bryuyne (Holand, 71), Rodri (Kovachich, 87), Foden (Grilish, 77), Nunesh, Doku, Alvares (Gomes, 87).
«Byornli» – Trafford, Vitino, O`Shi, Ekdal (Massengo, 86), Ad Dahil, Gudmundsson (Remzi, 59), Braunhill, Berge, Foster (Fofana, 59), Amduni (Robers, 59), Odober (Zaruri, 76).
Ogohlantirishlar: Ekdal (21), Robers (75), Ederson (75), Doku (81).

Zaxirada bir o‘yin borligi bir tomondan «Manchester Siti» uchun taqvimni qiyinlashtiradi va Xosep Gvardiola o‘rni kelganda bu mavzu haqida gapirishi ham tayin. Shu bilan birgalikda, o‘yinlar soni ruknidagi raqamlar «shaharliklar»da chempionlikni saqlab qolish uchun imkoniyat yaxshiroqligiga umid beradi va bu o‘z navbatida raqiblarga bosim yuklaydi. «Arsenal» bir kun oldingi o‘yinda «Nottinghem» ustidan g‘alaba qozonib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa-da, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha chempiondan ortda; qolaversa turnir jadvali yetakchisi «Liverpul» ham xavfsiz masofada ilgarilab keta olmagan.

Ko‘pchilikka ma’lumki, «Siti» mavsumning ikkinchi davrasida o‘yinini kuchaytiradi. Qolaversa, uzoq vaqt jarohatini davolagan De Bryuyne bilan bu butkul o‘zgacha jamoaga aylanadi. Aytish mumkinki, belgiyalik yarimhimoyachi «shaharliklar» uchun ikkinchi bo‘limda uning o‘rniga maydonga tushgan Holanddan ko‘ra muhimroqdir. Va u bu o‘yinda ham bunday qarashni tasdiqladi.

Raqib darvozasidan taxminan qirq metr masofada jarima zarbasi belgilanganida odatda qisqa uzatma orqali o‘ynaladi yoki to‘p havodan ikki klub futbolchilari to‘planib turgan jarima maydoniga oshirib beriladi. Ammo Kevin to‘pni jarima maydoni ichiga yerlatib uzatib, Alvaresni golli pas bilan ta’minladi. «Byornli» futbolchilari uchun bu shok holati edi. Gvardiola ham hayratga tushgan holda o‘z assistentlaridan birini quchib oldi, 24 yoshli argentinalik forvard o‘z tug‘ilgan kunida dubl rasmiylashtirgan eng yosh futbolchiga aylandi.

De Bryuyne uchun esa bu APLda 104-golli uzatmaga aylandi. U Ueyn Runini ortda qoldirgan holda liga tarixidagi eng yaxshi uchinchi assistentga aylandi. Oldinroqda Rayan Giggz (162) va Sesk Fabregas (111) bor, belgiyalik futbolchi shu mavsumning o‘zidayoq ikkinchi o‘ringa chiqishi mumkin. Ammo bu o‘yindagi eng asosiy natija — «Liverpul» ta’qibi davom etishi bo‘ldi.

«Tottenhem» — «Brentford» 3:2
Gollar:
Udoji (48), Jonson (49), Risharlison (56) — Mope (15), Touni (67).
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udoji, Meddison (Dragushin, 88), Bentankur (Jonson, 46), Kulusevski, Skipp (Hyoyberg, 46), Verner (Donli, 90+2), Risharlison.
«Brentford» – Flekken, Roerslev (Dasilva, 78), Mi, Pinnok, Kollinz (Ayyer, 78), Nyorgor, Yyensen (Yarmolyuk, 57), Yanelt (Baptist, 88), Mope, Touni, Lyuis-Potter (Damsgor, 88).
Ogohlantirishlar: Nyorgor (17), Mope (43), Kulusevski (43), Yarmolyuk (90), Donli (90+6).

«Tottenhem» seshanba kuni «Nyukasl»dan o‘ziga xos sovg‘a olgandi, Eddi Hau shogirdlari deyarli uddalab bo‘lmas ishni bajarishdi — «Aston Villa» Birminghemda taslim etildi. Unai Emeri jamoasi qariyb bir yildan buyon o‘z uyida yutqazmayotgandi — 2023 yil 18 fevralidan buyon. Va bu davr mobaynida «Villa Park»da «Man Siti» ham, «Arsenal» ham mag‘lubiyatga uchratilgandi. Ammo so‘nggi ikki turda besh ochko yo‘qotilishi jamoaning kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini xavf ostida qoldirdi. «Shporlar» esa bu joyni «Villa»dan tortib olishi uchun «Brentford»ni mag‘lub etishi kifoya edi.

Lekin qog‘ozda oson ko‘ringan ishni amalga oshirish amalda doim ham oson bo‘lavermaydi va birinchi bo‘lim oxiriga kelib mezbonlar 0:1 hisobida ortda borayotgandi. Lekin ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar chinakamiga shok holatini boshdan kechirishdi, Angliyaga ikkinchi bor kelishi muvaffaqiyatli chiqqan Verner o‘yinda burilish yasadi va ikki daqiqa ichida ikki gol tashkillashtirdi, Udoji va Jonson uning uzatmalaridan keyin darvozani ishg‘ol etishdi. Qachondir londonlik muxlislar uning «Chelsi»dagi o‘yinini kulgi ostiga olishgandi, endi esa almashtirilayotganida olqishlar bilan kuzatishmoqda.

Ko‘p o‘tmay Risharlison mavsumdagi sakkizinchi golini urib, jamoasining ustunligini mustahkamladi. U Angelos Postekogli «Tottenhem» boshqaruviga kelgach ochilgan yana bir futbolchidir. Jamoadagi ilk mavsumida Risharlison vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishi bilan yodda qolgandi, hozir esa u top-5 ligalardagi eng sermahsul braziliyalikka aylandi, uning gollari soni Rodrigo, Vinisius Junior va Gabriel Jyezusnikidan ko‘proq. Bu o‘yindagi aniq zarbasi yakunda g‘alaba goli bo‘lib chiqdi: «Tottenhem» qolgan vaqt davomida hisobni ushlash uchun o‘ynadi va faqat sakkiz oylik tanaffusdan keyin maydonga qaytishi bilan gol urishni boshlagan Ayven Touni o‘yin oxirida mezbonlarni xavotirlanishga majbur qildi.

Ispaniya: Xavining sevimli hisobi va o‘yini ochilayotgan Depay

«Barselona» — «Osasuna» 1:0
Gol:
Roke (63).
«Barselona» – Penya, Kunde, Arauxo, Kubarsi, Kanselu, Gundo‘g‘an, de Yong, Pedri (Romeu, 77), Ferran Torres (Lopes, 7; Roke, 62), Yamal, Levandovski.
«Osasuna» – Fernandes, Areso, Unai Garsiya, David Garsiya, Errando, Moxika, Torro (Ibanes, 83), Monkayola (Barxa, 83), Oros (Brashanats, 68), Arnais (Raul Garsiya, 68), Budimir (Ruben Garsiya, 68).
Ogohlantirishlar: Unai Garsiya (16), Pedri (53).
Chetlatish: Unai Garsiya (67).

«Barselona» Xavi mavsum yakunida ketishini e’lon qilganidan keyingi ilk uchrashuvda g‘alaba qozonib, turnir jadvali peshqadami «Jirona» bilan oradagi farqni «Jirona» sakkiz ochkogacha qisqartirdi. O‘sha bayonotidan keyingi matbuot anjumanlarida Xavi uning shtabi klubning eng og‘ir davrida ishlashiga to‘g‘ri kelayotganini, jamoa hali qayta qurish bosqichida ekanini, undan keyin ishlovchilar ham katta bosim ostida ishlashini takrorlashda davom etdi. 

Kataloniyalik insayderlar xabar berishicha, «Vilyarreal»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Xavining kiyim almashtirish xonasida qilgan nutqi vaqtida ayrim futbolchilar ko‘z yoshlarini tiya olishmagan, keyin esa jamoa yetakchilari bosh murabbiyning oldiga kirib, u qolishi uchun nima qilishi kerakligini so‘ragan. Xavi esa bir necha bor qarorini o‘zgartirmasligi, hatto YeChL g‘olibi bo‘lgan taqdirda ham ketishini qayd etgan.

Umuman olganda, futbolchilar va murabbiy uchun chinakam to‘g‘ri reaksiya mavsumning qolgan qismida sifatli va natija keltiruvchi o‘yin ko‘rsatish bo‘ladi. Lekin ayni vaqtda jarohatlar epidemiyasi davom etayotgani sababli vaziyat murakkab tus olmoqda. Hafta o‘rtasiga qoldirilgan turga tayyorlanish jarayoni vaqtida Joau Feliks to‘rt haftaga safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi, «Osasuna» bilan o‘yinning ilk daqiqalarida esa Ferran Torres jarohat olib, ko‘zda yosh bilan maydonni tark etdi. Maydonda qolganlar esa raqibga u qadar qiyinchilik tug‘dira olishmadi.

Ikkinchi bo‘limga o‘tibgina haqiqiy bosim uyushtirildi va Kataloniya poytaxtidagilar nihoyat braziliyalik iste’dod Vitor Rokening ilk golini ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi. Joau Kanselu to‘pni shvedka uslubida darvozabon hududiga yetkazib berdi va u yerda turgan yosh futbolchi darvozabondan ildamroq harakat qilib, bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Bu vaqtda u maydonga tushganiga 68 soniya bo‘lgandi. Lekin bu klub rekordi emas, shu kuni Torresning o‘rniga tushgan Giu mavsumning birinchi davrasida maydonga tushganiga 35 soniya bo‘lganida g‘alaba golini urgandi va bu uning la ligadagi ilk soniyalari edi.

Jamoaning asosiy hujumchisi Levandovski esa olti turdan buyon gol ura olmayapti. Ammo «Barsa»ga g‘alaba uchun bir golning o‘zi yetarli bo‘ldi. «Barselona» zarbalar bo‘yicha basklarni ortda qoldirdi – 16:10 (jarima zarbasidan berilgan zarbalar soni bo‘yicha – 12:8, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar soni bo‘yicha – 4:1) va Xavi davridagi eng sevimli hisobda g‘alaba qozondi.

Qolaversa, Rokening golidan keyin mezbonlar Unai Garsiya chetlatilishi evaziga bir kishi ko‘p bo‘lib qolishdi. Bu esa jamoa 11 yanvardan buyon ilk bor gol o‘tkazmasdan g‘alaba qozonishiga imkon berdi, o‘shanda ham ham ko‘k-anorranglilarning raqibi Ispaniya Superkubogida xuddi shu «Osasuna» bo‘lgandi.

«Atletiko» — «Rayo Valekano» 2:1
Gollar:
Reynildo (35), Depay (90+1)— Garsiya (42).
«Atletiko» – Oblak, Ermoso, Reynildu, Vitsel, Lorente (De Paul, 58), Rikelme (Lino, 58), Saul (Koke, 69), Barrios, Vermeren (Molina, 46), Korrea (Grizmann, 58), Depay.
«Rayo Valekano» – Dimitriyevski, Ratsiu (Baliu, 64), Lejyen, Aridane, Espino, Chavarriya, Garsiya (Trexo, 76), Palason (De Frutos, 76), Kike Peres (Kreshpu, 64), Oskar Valentin, Kamelo (Falkao, 83).
Ogohlantirishlar: Kike Peres (38), Palason (60), Chavarriya (90+3).

Diyego Simeone belgiyalik yosh iste’dod Vermerenga katta umid bog‘laganini namoyish etdi. Bir necha kun oldin «Antverpen»dan transfer qilingan 18 yoshli futbolchi darhol «Atletiko»ning boshlang‘ich tarkibiga kiritildi. So‘nggi o‘n yillikda bunga faqat «matraschilar»ning faxriy futbolchisi Ximenes musharraf bo‘lgan. Lekin adolat uchun tan olish kerak: bu o‘yin uchun madridliklar tarkibida katta rotatsiya amalga oshirilgandi va bu Reynildo la ligadagi ilk golini urishiga imkon berdi.

«Real»ga qarshi kechadigan derbi oldidan dam berilgan Grizmann, De Paul, Koke va boshqa yetakchilar ikkinchi bo‘limda maydonga tushirildi, bu vaqtga kelib Alvaro Garsiyaning hisobni tenglashtiruvchi golidan keyin ustunlikni qaytarib olish zarurati yuzaga kelgandi. Lekin yulduz futbolchilar tushishi ham «Rayo»ni cho‘chita olmadi. O‘yinning qolgan qismida ham «asalarilar» bir necha yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lishdi.

Ammo mehmonlar baribir Depayni to‘xtata olishmadi va niderlandiyalik hujumchi qatorasiga uchinchi o‘yinda darvozani ishg‘ol etdi. Memfisning birinchi goli VAR bir necha santimetrlik ofsaydni qayd etishi tufayli bekor qilindi, 90-daqiqada Grizmanning uzatmasi darvoza to‘riga joylanganida esa bu golni hech kim bekor qila olmadi. Holbuki mehmonlar fransuz hujumning boshlang‘ich qismida qoida buzgan deb hisoblashgandi, raqibning haddan tashqari ehtirosga berilib e’tiroz bildirgan bosh murabbiyi Fransiskoga qizil kartochka ko‘rsatildi. «Atletiko» xarakter ko‘rsata oldi va hamon «Barselona» bilan yonma-yon ketmoqda.

Kun statistikasi

  • «Liverpul» hujumchisi Nunes bu mavsumda 7 bor darvoza to‘sini yoki ustuniga zarba berib, APLning eng omadsiz futbolchisi bo‘lib turibdi.
  • Ispaniya chempionatida «Barselona»ning zaxiradan tushgan futbolchilari 9 gol urishdi va jamoa la ligada bu ko‘rsatkich borasida «Real» va «Jirona» bilan birgalikda eng yaxshilar qatorida turibdi.
  • «Kayzerslautern» 10 yillik tanaffusdan keyin yana bir bor ikkinchi bundesliga vakili sifatida Germaniya Kubogi yarimfinaliga chiqdi. Bungacha bunday natijani faqat «Hamburg» qayd eta olgandi.
  • Hujumchi Korrea «Atletiko» safida 400 o‘yin o‘tkazdi. Argentinalik futbolchi bu borada ikkinchi xorijlik, birinchisi sloveniyalik Oblak (424 o‘yin) bo‘lib turibdi.
Mavzuga oid
Top