O‘zbekiston | 22:29 / 01.02.2024
12663
9 daqiqa o‘qiladi

“Eronning maqsadi – O‘zbekiston bilan do‘st-birodar bo‘lib, aloqalarni rivojlantirish” - Ali Boqeriy

Shu hafta Eron Islom Respublikasining tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Boqeriy boshchiligidagi fors delegatsiyasi Toshkentda bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Eronlik yuqori lavozimli diplomat tashrifi davomida Kun.uz'ga intervyu berdi.

— Bugungi O‘zbekiston va Eron munosabatlariga qanday baho berasiz? Aynan 2016 yildan keyingi munosabatlar haqidagi fikringiz.

— Eron va O‘zbekiston xalqlari mushtarak tarix, madaniyat va sivilizatsiyaga ega, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam va uzoq muddatli aloqalar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yanada yuksalib, rivojlanish pallasiga kirdi. Jumladan, oxirgi ikki yil davomida ikki davlat rahbarlari bir necha bor uchrashdi va ushbu uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish yo‘llari muhokama qilindi.

O‘tgan yili sentabr oyida ikki tomon Tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston prezidentining Eronga tashrifi doirasida amalga oshirilgan kelishuvlar ijrosini amalga oshirishga qaratilgan yo‘l xaritasini ham imzolashdi. Mana shu yo‘l xaritasining imzolanishi ham ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada qat’iyat bilan davom ettirishga bo‘lgan irodani ko‘rsatadi. Ushbu yo‘l xaritasini amalga oshirishda ikki davlatning turli darajadagi rahbarlari, mutasaddilari hamkorlikda ishlashyapti, maslahatlashuvlar, muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda.

— O‘zbekistonga tashrifingiz davomida ko‘plab rasmiylar bilan uchrashdingiz. Aynan qaysi masalalar muhokama qilindi va natijalar qanday bo‘ldi?

— Birinchi navbatda uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi. Bundan tashqari, ilgarigi kelishuvlar ijrosini ta’minlashda bo‘layotgan ayrim to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan ham fikr almashdik. Shu bilan birga ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar istiqboli, ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan sohalarda birgalikda ishlash yo‘llari muhokama qilindi. Jumladan, uchrashuvlarda butun islom olamini larzaga solgan G‘azodagi holat haqida ham fikr almashildi. Eron tomoni sifatida biz bu mintaqaga butun dunyo e’tibori kuchayishi va G‘azo aholisiga nisbatan bo‘layotgan genotsid zudlik bilan to‘xtatilishi kerakligini, 16 yildan beri bo‘layotgan G‘azoni yopib qo‘yish siyosati ham tugatilishi zarurligini bildirdik. G‘azo aholisi birlamchi ehtiyoji bo‘lgan tovarlar bilan ta’minlanishi, bunga yo‘l ochilishi kerakligi, bosqinchi sionistik tuzum kuchlari bu G‘azodan chiqarilishi kerakligi ham aytildi. Umuman, Eron tomoni mana shunday fikrlar berdi va O‘zbekiston tomoni bilan fikr almashdi. Ikki tomon ham G‘azodagi harbiy harakatlarni to‘xtatish borasida bir fikrga keldi.

Bundan tashqari, uchrashuvlarda ikkala mamlakatning imkoniyati va mintaqadagi siyosiy o‘rnidan kelib chiqqan holda ikki tomonlama terrorizmga qarshi kurashish to‘g‘risida ham kelishib oldik. Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish borasida ham kelishib oldik. Eron va O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, ShHT kabi nufuzli tashkilotlar a’zolari hisoblanadi. Ikki mamlakat o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tashkilotlar doirasida hamkorlikni kengaytirib, umumiy mintaqamiz taraqqiyotida o‘z hissamizni qo‘shishga ham kelishib oldik.

Turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish ham muhokama qilindi. Bir muddat oldin Eron O‘zbekiston fuqarolariga kirish vizasini bekor qildi. Bu hali kuchga kirgani yo‘q, tegishli tartiblar ishlab chiqilgan. Umid qilamizki, tez kunda bu qaror kuchga kiradi. Bu orqali o‘zbekistonliklar Eronning diqqatga sazovor joylarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Eronni to‘rt fasl davlati deyishadi, bir tomonda qor yog‘sa, bir tomonda sohilda dam oladigan havo bo‘ladi.

— Eron hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qildi, eronliklar O‘zbekistonga qay darajada qiziqishadi, deylik, sayohat qilish uchun?

— O‘zbekistondagi tarixiy-madaniy merosga tarixan mushtarak bo‘lgan madaniyatimiz, sivilizatsiyamiz jihatidan qaraymiz. Bizning tarixiy va sivilizatsiyaviy madaniyatimizning ajralmas qismi O‘zbekiston bilan bog‘langan. Masalan, me’moriy jihatdan o‘xshashliklarni olaylik. Isfaxon, Sheroz shaharlaridagi me’moriy obidalar O‘zbekistondagi me’moriy obidalar bilan o‘xshash.

O‘zbekiston tomonidan ham Eron fuqarolari uchun viza rejimini yengillashtirish borasida chora-tadbirlar ko‘rilishi, qo‘shimcha tarzda aviaqatnovlarning yanada ko‘paytirilishi ikki davlat o‘rtasidagi turizm almashinuviga xizmat qiladi. Eron tomoni ikki mamlakat fuqarolarining turistik maqsadlarda tashrif buyurishlarini qo‘llaydi. Bu yo‘nalishda O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari, mutasaddilari bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.

— O‘zbekiston tranzit omili Eron uchun qanchalik muhim? O‘zbekistonning Chobahor portiga chiqish masalasida hali qanday muammolar hal etilmagan?

— Eronning tranzit borasida qulay geografik joylashuvi tufayli ko‘plab davlatlar bu tranzitga qiziqishyapti. Rossiya, Xitoy, Hindiston, ayrim Markaziy Osiyo davlatlari va ayrim Fors qo‘ltig‘i davlatlari bilan hamkorlikda Eronning tranzit potensialini oshirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilgan, hozirgi kunda ham bir nechta loyihalar ishlab chiqilgan.

Bugungi kunda mintaqamizda Eron tranzit potensialini oshirish borasida ishlar boshlangan va yaqin kelajakda bu potensialning bir necha barobar oshishiga guvoh bo‘lamiz. Eron tranzitining muhimligi xavfsizligi va iqtisodiy tejamkorligidir. Shulardan kelib chiqqan holda aytishimiz mumkinki, biz O‘zbekiston bilan ikki davlat tranzit imkoniyatlarini oshirish, Eronning tranzit imkoniyatlaridan manfaatli teng foydalanishda hamkorlik qilishga tayyormiz.

— Eronning O‘zbekiston bilan hamkorlikdan va aksincha O‘zbekistonning Eron bilan munosabatlardan manfaatlari qanday?

— Yuqorida aytganimdek, O‘zbekiston va Eron yagona bir sivilizatsiya vakillari hisoblanadi. Ikki davlatning bir-biriga kerak bo‘lmay qolgan vaqti bo‘lmagan, buni tasavvur ham qilolmaymiz. Eron energetika, tranzit, fan-texnologiya, sanoat sohalaridagi yuqori potensiali bilan O‘zbekistonning u yoki bu ehtiyojlarini qondirish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi. Shu bilan birga O‘zbekistonda ham biz foydalanishimiz mumkin bo‘lgan bir qancha imkoniyatlar bor, masalan, yuqorida aytganimiz turizm potensiali.

— Suhbatimizni mintaqaviy masalalardan global geosiyosiy jarayonlarga ham qaratsak. Siz yuqorida G‘azo inqirozi haqida to‘xtaldingiz. Ba’zi manbalar Qo‘shma Shtatlar Iordaniya, Suriyadagi zarbalar uchun Eronni javobgar deya, Eronga javob qaytarishi haqida yozdi. Eron bu muammoning eskalatsiyasiga qarshi qanday choralar ko‘ryapti? Eronning mintaqadagi asosiy hamkor, qo‘llovchi davlatlar qaysilar?

— Eron G‘azodagi holat boshlangandan beri mojaro mintaqaga yoyilib, eskalatsiya bo‘lmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirdi. Mintaqamizdan tashqarida bo‘lgan, jumladan, AQShdagi kuchlar mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarishga qo‘lidan kelgancha harakat qilishyapti. Biz AQShga yozma ravishda ham, boshqa kanallar orqali ham aytdikki, mintaqadagi konfliktni eskalatsiya qilishga urinishmasin. Bu konfilktning yoyilishi AQShning ham foydasiga bo‘lmaydi. Bundan foyda ko‘radigan faqatgina sionistik tuzum bo‘ladi, chunki uning mohiyati agressiyaga, bosqinchilikka asoslangan.

— Suhbatimiz so‘ngida O‘zbekiston va Eron munosabatlari haqida nima degan bo‘lardingiz?

— Davlat rahbarlari kelishib olganidek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini yaqin kelajakda 1 mlrd dollarga yetkazish unchalik qiyin emas. Eronning oldiga qo‘ygan maqsadi – O‘zbekiston bilan do‘st-birodar sifatida barcha sohalarda aloqalarni rivojlantirish. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning bugungi kundagi borishidan kelib chiqib, biz bu aloqalar istiqboli haqida optimistik qarashdamiz. Ishonamizki, yaqin kelajakda o‘zaro munosabatlarda bundan-da kattaroq va keng ko‘lamli o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz.

Xudodan O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik so‘raymiz. Yaqin kunlarda G‘azo xalqi uchun tinchlik bo‘lishini tilaymiz.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid