Fan-texnika | 10:17 / 08.02.2024
48018
19 daqiqa o‘qiladi

Fazoni egallayotgan Ilon Mask – Starlink loyihasi tarixi

2018 yilda Falcon 9 raketa tashuvchisi fazoga ikkita sun’iy yo‘ldoshni olib chiqdi. Bu – amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi ishlab chiqqan yirik loyihaning boshlanishi edi. Kompaniya Yer yuzini fazodan turib internet bilan ta’minlashni maqsad qilgan va sun’iy yo‘ldosh sinov tariqasida uchirilgandi. Oradan qariyb 6 yil o‘tdi va kompaniya allaqachon internet sotishni boshlab yuborgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Ilk sun’iy yo‘ldosh 1957 yilda SSSRda uchirilgan. Shundan keyin kosmik poygaga AQSh qo‘shilgan. Hozirgacha dunyoning juda ko‘p davlatlari fazoga sun’iy yo‘ldosh uchirgan. Ular orasida qo‘shni Qozog‘istongacha bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda fazoda 5 mingga yaqin aktiv sun’iy yo‘ldosh bor. Yana shunchasi o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan va kosmik chiqindi sifatida parvoz qilib yuribdi.

Aktiv holda ishlayotgan sun’iy yo‘ldoshlarning asosiy qismi kuzatuv uskunalaridan iborat. Qolgani navigatsiya, Yer kurrasini tadqiqot qilish va boshqa maqsadlar uchun ishlayapti.

Fazoda yurgan sun’iy yo‘ldoshlarning asosiy qismi AQSh, Xitoy va Rossiyaga tegishli. Shuningdek, Britaniya, Yaponiya, Hindiston, Yevropa kosmik agentligi, Kanada va Germaniya ham aktiv ravishda sun’iy yo‘ldosh uchiruvchilar o‘ntaligiga kiradi.

Fazoda uchib yurgan aloqa sun’iy yo‘ldoshlardan biri

2022 yilda Yer yuzi bo‘ylab turli davlatlarning sun’iy yo‘ldoshlarini fazoga olib chiqish uchun 155 marta raketa tashuvchilar uchirilgan. Ulardan beshtasida parvoz muvaffaqiyatsiz kechgan.

65 yildan buyon fazoga tinimsiz sun’iy yo‘ldoshlar uchirilar ekan, kosmik apparatlarning eskirganlari kosmik chiqindiga aylanib bormoqda.

Mutaxassislarning taxminiy hisob-kitobiga ko‘ra, hozirgi paytda fazoda 128 mln dona kosmik chiqindi bo‘laklari uchib yuribdi. Yana 10 yildan so‘ng ularning soni yanada oshishi taxmin qilinmoqda.

Kosmik chiqindilarning hajmi oshib borar ekan, ular yangi uchirilayotgan sun’iy yo‘ldoshlarga yoki odam uchirilayotgan kosmik kemalar uchun xavfli obektga aylanadi.

Masalan, 2021 yilda xalqaro kosmik stansiyaga kosmik chiqindilar kelib urilishi oqibatida unga qisman zarar yetadi. Agar zarar ko‘lami kattaroq bo‘lganida, u yerda ishlayotgan kosmonavtlarning hayoti xavf ostida qolardi.

Fazoda kosmik chiqindilarning ko‘payib borishi
Foto: www.gizmodo.com.au

Sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmati tarixi

Sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmati tizimi ilk bor 1980-yillarda Motorola kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. 1990-yillardan boshlab Amerikaning bir nechta kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar tashkil etgan, ular o‘sha paytlardan boshlab aloqa sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalana boshlagandi.

Jumladan:

Iridium — AQShdagi Iridium Communications Inc. sun’iy yo‘ldosh telefon aloqa tarmog‘i. Bu tarmoq 1990-yillar o‘rtalarida tashkil etilgan. Iridium orqali ilk qo‘ng‘iroq 1997 yil yozda bo‘lib o‘tgan. Hozirda fazoda Iridium tizimiga qarashli 75 ta sun’iy yo‘ldosh bor.

Gonets — Rossiyaga tegishli ko‘p funksiyali sun’iy yo‘ldosh telefon aloqa tarmog‘i. Ilk sun’iy yo‘ldoshlar 1996 yilda uchirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda fazoda Gonets tarmog‘iga tegishli 18 ta sun’iy yo‘ldosh bor.

SES — Lyuksemburgga tegishli sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i. Kompaniya 1986 yilda Société Européenne des Satellites nomi bilan tashkil etilgan. 2001 yilda SES Global deb nomlanadi, 2006 yilda SES ko‘rinishida qayta nom oladi. Hozir fazoda SES’ga tegishli 55 ta sun’iy yo‘ldosh bor.

SES sun’iy aloqa yo‘ldoshi
Foto: stock.adobe.com

SkySat – Amerikaning Planet Labs, Inc (avvalgi nomi Cosmogia, Inc) kompaniyasiga qarashli sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tarmog‘i. Planet Labs kompaniyasini ilk bor 2010 yilda Cosmogia nomi bilan NASA’ning sobiq xodimlari tashkil etgan.

2013 yilda kompaniya SkySat sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tarmog‘ini ishga tushiradi. Hozirgi kunda fazoda Planet Labs kompaniyasiga tegishli 200 ga yaqin sun’iy yo‘ldosh bor. Ulardan 18 tasi SkySat tarmog‘iga tegishli.

ORBCOMM – Amerikaning ikkinchi avlod sun’iy yo‘ldosh kommunikatsiya tarmog‘i. Ushbu tarmoq Orbcomm kompaniyasiga tegishli bo‘lib, Sierra Nevada Corporation tomonidan ishlab chiqilgan.

Hozirgi kunda fazoda ORBCOMM tarmog‘ining 18 ta sun’iy yo‘ldoshi bor. O‘sha paytda kompaniya yana 30 ta sun’iy yo‘ldosh tayyorlab berish bo‘yicha shartnoma tuzgandi. Biroq bu loyihaligicha qolib ketadi.

Aslida, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Britaniya, Fransiya kabi davlatlarda ham fazoga sun’iy yo‘ldoshlar to‘plamini olib chiqish va ulardan aloqa va maqsadlarda foydalanish rejasi avvaldan bor edi.

Biroq bunday loyihalar juda katta mablag‘ni talab qilgani bois aksariyat davlatlarda ishlar sustroq ketayotgandi. Ana shunday vaziyatda Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi “otni tezroq qamchilab” qoldi.

Kompaniya Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini fazoga olib chiqa boshlagach dunyoda yana kosmik poyga boshlandi. Shundan so‘ng boshqa davlatlar ham ortda qolib ketmaslik uchun ishlarni jadallashtirdi.

Ilon Mask
Foto: www.alamy.com

Starlink loyihasi tarixi

2015 yilda Vashington shtatidagi Redmond shahrida SpaceX kompaniyasining tadqiqot va ishlab chiqarish markazi ochilishida Ilon Mask ilk marta ommaga Starlink loyihasi taqdimotini o‘tkazgandi.

O‘shanda u SpaceX kompaniyasining 4 000 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat aloqa tizimi loyihasi haqida gapirib bergandi.

2016 yil noyabr oyida SpaceX Federal aloqa komissiyasiga 1 150 dan 1 325 kilometrgacha bo‘lgan balandlikdagi orbitaga joylashtiriladigan 4 425 ta sun’iy yo‘ldosh uchirish uchun ariza topshiradi.

Ular dunyoning istalgan nuqtasida yuqori tezlikdagi internetga kirish imkonini berardi. Dastlabki bosqichda fazoga 800 ta sun’iy yo‘ldosh chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning har biri og‘irligi 386 kilogrammdan bo‘lishi kerak edi.

2017 yil mart oyida kompaniya Federal aloqa komissiyasiga qo‘shimcha 7 518 sun’iy yo‘ldosh uchun ariza beradi. Ularni dengiz sathidan 335 dan 345 kilometrgacha bo‘lgan Yerga yaqin past orbitaga joylashtirish reja qilingandi.

2018 yil 22 fevralda Kaliforniyaning Vandenberg aviabazasidan Falcon 9 raketa-tashuvchisi yordamida SpaceX kompaniyasi Starlink tizimi uchun Tintin-A va Tintin-B deb nomlangan ikkita tajriba sun’iy yo‘ldoshini hamda Ispaniyaning radiorazvedka maqsadlarida foydalaniladigan PAZ sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi.

2018 yil 29 mart kuni Federal aloqa komissiyasi SpaceX kompaniyasining dastlabki 4 425 sun’iy yo‘ldoshli aloqa tarmog‘ini yaratish, joylashtirish va ekspluatatsiya qilish haqidagi arizasini ma’qullaydi.

Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshlarini fazoga olib chiqqan Falcon 9 raketa-tashuvchisi
Foto: techcrunch.com

Komissiya qoidalari bo‘yicha, barcha sun’iy yo‘ldoshlar 9 yil ichida fazoga chiqarilishi lozim edi. Yana kamida 50 foiz sun’iy yo‘ldoshdan 6 yil ichida foydalanishni boshlash kerak. Bu talab bajarilmasa, komissiya sun’iy yo‘ldoshlar sonini faqat ko‘rsatilgan muddat ichida fazoga chiqarilgan qurilmalar bilan cheklash huquqiga ega edi.

2018 yil 15 noyabrda Federal aloqa komissiyasi ikkinchi arizani ham tasdiqlaydi va unda ko‘rsatilgan 7 518 ta sun’iy yo‘ldoshni ham fazoga olib chiqishga ruxsat beradi.

2018 yil dekabr oyida AQSh Harbiy havo kuchlari SpaceX bilan Starlink tizimining harbiy maqsadlarda foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish uchun 28 million dollarlik shartnoma imzolaydi.

2019 yilda harbiylar sun’iy yo‘ldoshlar tarqatayotgan internetning samaradorligini sinovdan o‘tkazishadi. O‘shanda C-12J Huron harbiy-transport samolyoti internet tezligi 610 Mbit/sekund natija ko‘rsatadi.

2019 yil 24 may kuni SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketa-tashuvchisi yordamida Starlink’ning 60 ta sun’iy yo‘ldoshini 440 km balandlikka muvaffaqiyatli chiqardi.

2019 yil 10 sentabrda SpaceX prezidenti kompaniya 2020 yilda 24 gacha parvoz amalga oshirilishi va shundan so‘ng mijozlarga xizmat ko‘rsatish boshlanishi haqida ma’lumot beradi.

2019 yil oktyabr oyida kompaniya Federal aloqa komissiyasiga 20 ta ariza topshiradi. Ularda 238 dan 580 km balandlikda ishlash uchun yana 30 000 qo‘shimcha Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini joylashtirish uchun ruxsat berish so‘ralgandi.

Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshi
Foto: www.shutterstock.com

2020 yil fevral oyida kompaniya prezidenti Gvin Shotvell Starlink loyihasini SpaceX’dan ajratib, alohida kompaniya qilish rejalashtirilayotganini aytib chiqadi.

2020 yil mart oyida kompaniya Starlink sun’iy yo‘ldoshlari bilan aloqa qilish uchun mo‘ljallangan 1 million foydalanuvchi terminali uchun litsenziya oladi.

Bu orada kompaniya bir necha marta fazoga uchirilishi rejalashtirilgan sun’iy yo‘ldoshlarning balandligini o‘zgartirish bo‘yicha ariza berib, ijobiy javob oladi.

2020 yil 20 mayda AQSh Mudofaa vazirligi SpaceX bilan quruqlikdagi qo‘shinlar orasida Starlink orqali aloqani sinovdan o‘tkazish bo‘yicha 3 yillik shartnoma imzolaydi.

2020 yil oktyabr oyining oxirida SpaceX kompaniyasi jamoatchilikka aloqa tarmog‘ining beta-sinovlarini boshlashini e’lon qiladi. Kompaniya sinovlarda qatnashish istagini bildirganlarga Starlink uskunalar to‘plamini 499 dollarga sotib olish va xizmatlar uchun oyiga 99 dollar to‘lov qilish tariflarini taklif etadi.

2020 yil dekabrda SpaceX kompaniyasi AQShdagi internet yetib bormagan hududlarda yashovchilarga yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash dasturining birinchi bosqichi doirasida Federal aloqa komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqadi.

Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshlari fazoda mana shunday ko‘rinishda uchib yuradi.
Foto: actualidad.rt.com

Shartnomaning umumiy miqdori 9,2 mlrd dollar edi. Kompaniya 35 shtatda 643 ming foydalanuvchini Starlink orqali internet bilan ta’minlashi kerak edi. Kompaniya dastlabki 885,5 mln dollarni oladi. Qolgan pul kompaniyaning o‘z majburiyatlarini bajarish jarayonida 10 yil davomida ajratiladi.

2022 yil avgustda AQSh HHK SpaceX bilan Germaniyadagi Ramshtayn aviabazasida joylashgan, Yevropa va Afrika aviatsiya qo‘mondonligini qo‘llab-quvvatlash uchun Starlink xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.

Qiymati 1,92 mln dollarni tashkil etgan shartnoma 12 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, tomonlar kelgusida kattaroq va uzoq muddatli kelishuv bo‘yicha ham bitim tuzishadi.

2023 yilda Starlink kompaniyasi Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini fazoga olib chiqish bo‘yicha 98 ta parvozni amalga oshirgan. So‘nggi parvoz 2023 yil 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan.

Shu kuni Falcon-9 raketa tashuvchisi 23 ta sun’iy yo‘ldoshni fazoga olib chiqdi. Umumiy hisobda kompaniya Starlink loyihasi bo‘yicha 5 200 ta sun’iy yo‘ldoshni ishga tushirgan.

Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshlarining texnik tavsifi

Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshlari Xoll effekti asosida ishlaydigan va elektr energiyasida harakatga keladigan dvigatellar bilan jihozlangan.

Bu dvigatellar yordamida sun’iy yo‘ldoshlar harakat davomida o‘z orbitasida ko‘tarilib tushishi, manyovrlar qilishi, foydalanish muddati tugaganda orbitasidan chiqib ketishi mumkin.

Dastlabki sun’iy yo‘ldoshlarning og‘irligi 260 kilogramm atrofida bo‘lgan. Keyingilari biroz mukammallashtirilgandan so‘ng 300 kilogrammdan oshgan.

Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshlari shu taxlitda parvoz qiladi.
Foto: www.shutterstock.com

Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshlari kosmik chiqindilar bilan to‘qnashishdan qochish uchun AQSh Mudofaa vazirligining kosmik chiqindilarini kuzatish tizimidagi ma’lumotlardan foydalanadi.

Ularning ro‘parasidan kosmik chiqindilar chiqqan vaqtda ular avtomatik ravishda manyovrlardan foydalanadi va muqarrar to‘qnashuvlardan qocha oladi.

Har bir apparatga quyosh batareyasi, to‘rt fazali antenna tarmog‘i, yulduzlar bo‘yicha yo‘nalish datchiklar o‘rnatilgan. Sun’iy yo‘ldoshlar shakli tekis panel ko‘rinishida.

Mijozlar boshqa sun’iy aloqa tizimlaridan farqli ravishda Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanmaydi. Ularga maxsus uskunalar to‘plami (terminal) beriladi. Mijozlar Starlink’ga ana shu to‘plam orqali ulanadi.

To‘plamdagi “tarelka”ning diametri 61 sm bo‘lib, u 50 santimetrli oyoqchalarga o‘rnatiladi.

Starlink sun’iy aloqa yo‘ldoshidan tarqalayotgan to‘lqinni avval shu terminal tutadi. So‘ng uyali aloqa qurilmalariga yetkazib beradi.
Foto: stock.adobe.com

Loyiha yuzasidan tanqidlar

Starlink loyihasida fazoga ko‘plab sun’iy yo‘ldoshlar chiqarilar ekan, bu ish kelajakda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytishmoqda.

Jumladan, ayrim astronomlar, Starlink loyihasining past orbitadagi ko‘plab sun’iy yo‘ldoshlari fazoni o‘rganish yuzasidan olib borilayotgan tadqiqotlarga va juda olisdagi obektlarni kuzatishga xalaqit berishi mumkinligini aytgan.

Xalqaro astronomiya ittifoqi bu borada tashvish bildirib, ko‘p miqdordagi sun’iy yo‘ldosh harakatlanishining salbiy ta’sirini hozircha hech kim yetarlicha tushunmayotganini bildirgan.

Dastlabki kuzatuvlar turli xavotirlarni tasdiqladi va Starlink sun’iy yo‘ldoshlari tunda osmonning eng yorqin va tez harakatlanadigan obektlari bo‘layotganini ko‘rsatdi.

Nature Astronomy jurnalida chop etilgan turkum maqolalarda, astronomlar Yer orbitasida tobora oshib borayotgan yorug‘lik ifloslanishi (svetovoye zagryazneniye) ularning kasb kelajagiga tahdid solayotgani haqida ogohlantirishgan.

Boshqa bir maqolada, tadqiqotchilar Chilidagi yirik observatoriyada olib borgan kuzatuv natijalarini yozishgan. Unga ko‘ra Yer orbitasida Starlink sun’iy yo‘ldoshlari tufayli yorug‘likning ortishi bu observatoriyadan kuzatish mumkin bo‘lgan yulduzlar miqdorini qariyb 10 foizga kamaytirgan.

Kelajakda fazoda Starlink va boshqa kompaniyalarning sun’iy yo‘ldoshlari ko‘payishi ortidan bu ko‘rsatkich miqdori yanada pasayib boraveradi.

Starlink sun’iy yo‘ldoshlaridan tarqalayotgan nur Yerdagi tadqiqotchilarga fazoni kuzatishda xalaqit bermoqda
Foto: twitter.com

Bunday tanqidlarga munosabat bildirgan SpaceX kompaniyasi dunyodagi yetakchi astronomik tashkilotlar bilan birgalikda ish olib borayotganini va ularning faoliyatiga Starlink sun’iy yo‘ldoshlari xalaqit bermasligini ta’minlashga urinayotganini ma’lum qilgan.

Kompaniya muhandislari kelgusida sun’iy yo‘ldoshlarning asosi qora rang qilinishini va astronomik kuzatuvlarda aks etish effektini kamaytirish uchun ish olib borishayotganini aytgan. Biroq bunga amal qilishmagan.

Masalan, 2019 yil noyabrda fazoga chiqarilgan Starlink sun’iy yo‘ldoshlari sirtiga maxsus qoplama qilinmadi. Oqibatda, atigi 19 ta zond qorong‘ida energiya izlarini qidirish uchun mo‘ljallangan DECam (Dark Energy Survey) teleskopining ishiga xalaqit beradi.

Agar SpaceX bir vaqtning o‘zida fazoda ishlashga mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldoshlar sonini 12 ming donaga yetkazishni rejalashtirayotgani inobatga olinsa, bu astronomlar va teleskoplar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Shuningdek, o‘z muddatini o‘tagan va foydalanuvdan to‘xtatilgan Starlink sun’iy yo‘ldoshlari kelajakda fazoda kosmik chiqindilar miqdorini keskin oshirishi taxmin qilinmoqda.

Bunday chiqindilar Yer aholisi uchun xavf solmasligi mumkin, biroq kosmik parvozlar uchun yoki boshqa davlatlarning turli maqsadlarda uchirilgan sun’iy yo‘ldoshlari uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Bundan tashqari, Starlink sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanishi taqiqlangan davlatlar ularning o‘zlariga jiddiy xavf sifatida foydalanishmoqda.

Masalan, Rossiya hukumati yuridik va jismoniy shaxslarga qonunlarni chetlab o‘tib, Starlink provayderidan foydalanish uchun juda katta miqdorda jarima soluvchi qonunni qabul qilgan.

Xitoy hukumati esa Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini harbiy tahdid sifatida ko‘rib chiqmoqda va ular bilan kurashish uchun qurol yaratish niyatida.

Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqalari shu taxlitda ishlaydi

Starlink sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalana olmaydigan davlatlar

2022 yilda kompaniya o‘z saytida Starlink sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanishi mumkin va mumkin bo‘lmagan davlatlar xaritasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra dunyoning qariyb barcha davlatlari Starlink sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanishi mumkin. Ulardan foydalana olmaydigan davlatlar quyidagicha:

·       Rossiya;

·       Afg‘oniston;

·       Belarus;

·       Venesuela;

·       Kuba;

·       Xitoy;

·       Shimoliy Koreya;

·       Suriya.

Loyiha boshlangandan buyon Starlink sun’iy yo‘ldoshlari bilan bog‘liq ikkita noxush hodisa sodir bo‘ldi. 2019 yilning sentabr oyi boshlarida fazoda Starlink-44 sun’iy yo‘ldoshi va Yevropaning Aeolus sun’iy yo‘ldoshi o‘zaro to‘qnashib ketadi.

To‘qnashuvga kompyuter tizimida sodir bo‘lgan xatolik tufayli SpaceX operatori YeKA operatoridan xabarlarni olishiga to‘sqinlik qilgani sabab bo‘lgan.

Foto: stock.adobe.com

Ikkinchi hodisa, 2022 yil 8 fevralda SpaceX kompaniyasi 3 fevral kuni uchirilgan Starlink sun’iy yo‘ldoshlarning taxminan 40 tasini yo‘qotishi mumkinligini ma’lum qildi.

Bunga sun’iy yo‘ldoshlar uchirilgandan so‘ng sodir bo‘lgan magnit bo‘roni sabab bo‘lgan. Bo‘ron fazoda sun’iy yo‘ldoshlar joylashadigan atmosferaning yuqori qatlamlarida zichlikni oshirgan.

Bunday paytda keskin qarshilik tufayli sun’iy yo‘ldoshlar zo‘riqish bilan ishlaydi. Oxirida bu ularning xavfsiz rejimdan chiqib tezlik olishiga to‘sqinlik qiladi. Oqibatda ular ishdan chiqadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid