Jahon | 19:57
7641
9 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Ukraina Zaporijjya oblastida qarshi hujumga o‘tdi

Rossiyalik harbiylar Starlink tizimidan uzilgani ukrainlarga qo‘l kelmoqda.

Ukrainadagi manbalar mamlakat qurolli kuchlari Zaporijjya va Dnipropetrovsk oblastlari tutashgan nuqtada, shuningdek, Zaporijjya shahridan janubda qarshi hujumga o‘tgani haqida xabar bermoqda.

«Ukraina qurolli kuchlarining Janubiy operatsiya zonasidagi bir qator uchastkalarda dushmanning oldingi pozitsiyalariga qarshi hujum uyushtirildi, muayyan natijalarga erishilgan», – deya yozgan ukrainalik harbiy ekspert Konstantin Mashovets.

Oldinroq rossiyalik blogerlar ham Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya yo‘nalishidagi qator uchastkalarda ilgarilagani haqida xabar bergan, Ukrainadagi manbalar esa yoki sukut saqlagan yoki buni rossiyaliklarning dezinformatsiyasi deb atagandi.

«Sharqiy Zaporijjya yo‘nalishida raqibning bir necha alohida shturm polklaridan iborat guruhning hujumlari davom etmoqda, Gaychur daryosi bo‘ylab og‘ir janglar ketmoqda, Gulyaypoledan g‘arbdagi hududlarda to‘qnashuvlar qayd etilgan», – deb xabar bergandi 9 fevral kuni RF mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan Rybar telegram-kanali.

«Ayrim uchastkalarda dushman RF qurolli kuchlari nazorat zonasiga nisbatan chuqur kirib borishga muvaffaq bo‘lganiga qaramay, hozircha muhim muammolar haqida gap ketmayapti. Qiyinchiliklar asosan Starlink terminallari ishidagi muammolar va parvozga imkon bermaydigan ob-havo bilan bog‘liq», – deya qayd etgan Rybar.

«Arxangel spetsnaza» telegram-kanali ham raqib Gulyaypole atrofida tanklar va zirhli mashinalarni qo‘llagan holda jiddiy yurish boshlagani, ular Rossiya mudofaasiga chuqur kirib kelgani va shiddatli janglar ketayotgani haqida yozgan.

«Ular hozircha sekin odimlamoqda, ikki tomonning ham asosiy muammosi – aloqa tufayli, aniroq aytganda „Starlink“ tizimi butun front bo‘ylab o‘chirilgani bilan bog‘liq, hammayoqda faqat stansiyalar orqali ishlashga to‘g‘ri kelmoqda, bu esa koordinatsiyani qiyinlashtiradi. Aftidan, navbatdagi hujum Berezovoyga bo‘ladi – u yerda yaxshigina kuch jamlangan, uning ortidan Novonikolayivkaga bosim uyushtirishlari tayin», – deya taxmin qiladi z-bloger.

Shu bilan birga, Rossiya hududida Telegram messenjeri bloklanishi ham harbiy aloqa tizimiga ta’sir qilgani qayd etilmoqda. Starlink cheklovlari bilan birgalikda bu holat frontdagi boshqaruv jarayonlarini murakkablashtirgan.

Hozircha Ukraina tomoni ham, Rossiya tomoni ham Zaporijjya oblastidagi vaziyat bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermayapti.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy chorshanba kuni kechqurun desant-shturm qo‘shinlari va shturmchi polklar kompandirlari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazib, Zaporijjya va Dnipropetrovsk oblastlaridagi operativ vaziyatni muhokama qilganini aytdi.

Sirskiy qo‘mondonlik punktlaridan birida Janubiy operatsiya zonasiga mas’ul bo‘linmalar komandirlari bilan uchrashdi.
General Staff of the Ukrainian Armed Forces

«Qurolli kuchlar Gulyaypole yo‘nalishida ba’zi yutuqlarga erishdi, bu haqda hozircha aytib bo‘lmaydi, chunki operatsiya davom etmoqda. Dushman hozir telegramda tarqatayotgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri keladi», – dedi Ukraina qurolli kuchlari 1-alohida shturm polki komandiri Dmitro Filatov.

Holbuki 1 fevral kuni ham ushbu polk vakillari o‘zlariga biriktirilgan uchastkada «dushmanning shiddatli yorib o‘tishidan keyin kritik vaziyat» yuzaga kelgani, polk jangchilari qarshisida Rossiya armiyasining Zaporijjya yo‘nalishida ichkarilashiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi turganini xabar qilayotgandi.

Konstantin Mashovets Ukrainaning Gulyaypole shimoli-g‘arbidagi va oblast markazidan janubda joylashgan Stepnogorsk hududidagi qarshi hujumlari natijalarini ehtiyotkorlik bilan baholamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujumlar cheklangan xarakter va ko‘lamga ega bo‘lib, dushmanning Ukraina qurolli kuchlarining jangovar saflari orasiga kirib qolgan kichik piyoda guruhlarini yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilgan.

Foto: Reuters

Ukrainalik ekspert bu yo‘nalishlardagi vaziyat, umuman olganda, «optimistik ko‘rinishda emasligi», chunki Rossiya qo‘shinlari oldingi ikki oy davomidagi hujumlarida «juda muhim muvaffaqiyatlarga erishgan»ni aytib o‘tgan.

Mashovets Rossiya qo‘shinlarining 2026 yil yozidagi kampaniyada ehtimoliy Orixiv-Zaporijjya va Slovyansk-Kramatorsk yo‘nalishlaridagi hujum amaliyotlarida imkoniyatlari minimal darajada bo‘lishi uchun Ukraina qurolli kuchlari qattiq harakat qilishi lozimligini qo‘shimcha qilgan.

Rossiya harbiylari Starlink’dan uzilishi Ukraina qurolli kuchlariga qanday yordam bermoqda? 

BBC rus xizmati sharhlovchisi Pavel Aksenov:

Ukraina qurolli kuchlarining Zaporijjya oblastidagi muvaffaqiyatlari Rossiya qo‘shini Starlink terminallaridan foydalanish imkoniyatini yo‘qotgani bilan bog‘liq, deydi BBC’ga NATOning yuqori martabali mulozimi.

Ukraina mudofaa vazirligi fevral oyi boshlarida Amerikaning SpaceX kompaniyasi bilan Ukrainada «oq ro‘yxat»ga kiritilmagan Starlink sun’iy yo‘ldosh terminallarini o‘chirish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Rossiya armiyasi «kulrang import» yordamida qo‘lga kiritilgan terminallardan foydalanishini istisno qilish uchun shunday choraga qo‘l urilgandi.

Rossiya ularni frontda aloqani ta’minlash uchun ishlatgan, ammo yanada ekzotik holatlar ham bor edi – Starlink hatto Ukraina ichkarisidagi nishonlarga hujum qilgan uzoq masofali dronlarga ham o‘rnatilgan.

«Ayni paytda bu aloqaning uzilishi rossiyaliklarni boshqaruv va nazorat nuqtayi nazaridan qiyin ahvolga solib qo‘ydi va bu esa ular endi ushbu bo‘linmalarni boshqarishda an’anaviy vositalardan foydalanishga to‘g‘ri kelishini anglatadi», – deydi NATO vakili.

«Rossiyaliklar qanday muqobil variantlarni o‘ylab topishmasin, ular unchalik samarali bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun, menimcha, bu albatta, jang maydonida aks etadi. Va men shunday deyman: Ukraina yaqinda Zaporijjyada erishgan muvaffaqiyatning bir qismi Rossiyaning Starlink’dan foydalanish imkoniyati o‘zgarishi bilan bog‘liq», – deb hisoblaydi u.

Ukraina qurolli kuchlarining Zaporijjya oblastida oldinga siljishi Rossiya harbiylari foydalanadigan Starlink tizimlari o‘chirilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Foto: Reuters

«Starlinklar – garnir»

Rossiya armiyasi o‘tgan yil kuzida Zaporijjya oblastida – uning janubi-sharqiy qismida hamda oblast markazidan janubda sezilarli darajada faollashgandi.

Yil oxiriga kelib rossiyalik harbiylar uzoq vaqtdan buyon Ukraina qurolli kuchlari tayanch punkti bo‘lib turgan Gulyaypole shahrini deyarli to‘liq egalladi hamda Zaporijjya shahriga 25 km masofada yaqinlashdi. Bu ikki yo‘nalishni ekspertlar janubda Ukraina mudofaasiga eng tahdidli yo‘nalishlar deb atay boshladi.

Rossiya qo‘shinlarining Zaporijjyaga yaqinlashishda davom etishi – shaharni stvolli artilleriyadan o‘qqa tutish xavfini tug‘diradi va dronlar hujumi xavfini oshiradi. Gulyaypole g‘arbidagi hududda esa himoyalanish qiyin – bu hudud ochiq maydonlardan iborat va tayanch vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan aholi punktlari juda kam.

Bunday sharoitda kichik ko‘lamli qarshi hujumlar ham, agar muvaffaqiyatli chiqsa, muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Bunday hujumlar mudofaalanayotgan tomonga vaqtdan yutish va xavfli yo‘nalishlarga zaxira kuchlarni olib kelish imkonini beradi.

Ko‘p sonli manbalarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari bir necha posyolkalarni – Gulyaypoledan shimoli-g‘arbdagi Ternovatoye hamda Pridorojnoyeni qaytarib olgan, shuningdek, Rossiya bo‘linmalari Zaporijjya janubidagi Primorskoye va Lukyanovskoyedan chekintirilgan.

Ukraina armiya qarshi zarbalarini yanvar oyi oxirida, starlinklar o‘chirilishidan oldinroq boshlagandi, ammo so‘nggi kunlarda hujum kengaydi, deydi isroillik harbiy tahlilchi David Gendelman.

«U yerda, odatdagidek, kuchlar nisbati, Ukraina qurolli kuchlari qancha zaxiralarni olib kelishi mumkinligi muhimroq, starlinklar esa – shunchaki garnir», – deydi u BBC rus xizmatiga.

«Katta hududlar qaytarib olinmasa ham, bunday harakatlar allaqachon hujum dinamikasini buzadi: qanotlarni kesish va umuman qarshi hujumlarni amalga oshirish – shunchaki mudofaada o‘tirish yoki sekin-astalik bilan chekinishdan ko‘ra samaraliroq», – deb hisoblaydi David Gendelman.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid