Jamiyatni birlaştiriş – davlatning eng birinçi vazifasi. Jamiyat qaçon davlatga birlaşadi – qaçonki umumiy özlik, umumiy maqsadga ega bölsa. Odamlar qaçon davlatga işonadi, qaçonki erkin va hur insonlar öz muammolarini bildira olsa va davlat ularni eşitayotganini, muammolariga yeçim izlayotganini his qilsa...

Dunyo tajribasi şuni körsatadiki, jamiyatni eng kuçli integratsiya qiluvçi vosita – bu televideniye, qolaversa, boşqa ommaviy axborot vositalari hisoblanadi. Ayniqsa, 20-asrning ikkinçi yarmidan boşlab, bugunga qadar, televideniyening örni juda qudratli.

Keyingi ikki-uç ön yillikda internet paydo bölib, televideniyening monopoliyasi pasaydi. Lekin, haliga qadar televideniyening qudrati katta. Bugunga kelib, televideniye internet va ijtimoiy tarmoqlar bilan birlaşib ketib, zamonaviy axborot markazlari paydo böldi.

Fevral oyi boşida Özbekiston Milliy teleradio kompaniyasining 2005 yildan beri boşqaruvda bölib kelayotgan rahbari özgardi. Salkam yigirma yil. Bir asrning beşdan biri.

Xöş, bu davrda Özbekiston televideniyesi qançalik jamiyatni integratsiya qila oldi? Qançalik milliy mustaqilligimiz va geosiyosiy erkinligimizni ta’minlay oldi? Bugungi Özbekistonning axborot suvereniteti qay darajada? Biz, Özbekiston xalqi va davlati, öz axborot siyosatimiz bilan taşqi axborotlarning sub’yekti böldikmi, yoki obekti bölib qolyapmizmi? Ya’ni biz boşqalarga köproq ta’sir qilyapmizmi, yoki aksinça, boşqalar bizga köproq ta’sir qilyaptimi?

Özbekiston – mintaqadagi eng yirik davlat, turkiy dunyoning ikkinçi yirik davlati, post-sovet hududining ham de-fakto ikkinçi yirik davlati. Lekin, Özbekiston özining maqomiga yaraşa axborot qudratiga ega emasligi hammaga ma’lum. Ayniqsa, Özbekiston televideniyesi OAV içidagi eng mört nuqta hisoblanadi.

Qiyosiy tahlil qilganda, “nima uçun Özbekiston televideniyesi, misol uçun, qöşni Qozoğistondagi kabi jonli, jöşqin, jamoatçilik fikri diqqat markazida tura oladigan ta’sir doirasiga ega emas?” degan savol juda örinlidir.

Yana bir muhim savol şuki, nima uçun Özbekiston davlati va jamiyati, televideniyemizni boşqaça bölişini tasavvur qilmaydi?

Garçi qöşni Qozoğiston ham biz kabi avtoritar boşqaruvni boşdan keçirgan bölsa-da, bu davlatning axborot siyosati har doim bizdagidan köra yumşoqroq bölgan. Qozoğiston özining axborot suverenitetini kuçliroq anglagan. Çunki Qozoğiston jamiyatida rus tilini biliş darajasi yuqori bölgani, Rossiyaning axborot bosimi xavfli ekanini anglaş darajasi mintaqamizning boşqa davlatlaridan köra kuçliroq bölgan.