O‘zbekiston | 23:09 / 19.02.2024
6347
3 daqiqa o‘qiladi

Prezidentga atrof-muhitni asrash va chiqindilarni boshqarishga oid loyihalar taqdim qilindi

Taqdimotda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash loyihasi, maishiy chiqindi poligonlarini optimizatsiya qilish, chiqindilardan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlar hamda kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda «O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash» loyihasi haqida axborot berildi.

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi ushbu loyihaning umumiy qiymati 205 million dollardan ziyod bo‘lib, 6 yil davomida amalga oshiriladi. Bu mablag‘ o‘rmonlar hududini kengaytirish, o‘rmon xo‘jaliklari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, barqaror boshqaruvni joriy etish, ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi maqsadlarga yo‘naltiriladi.

Jumladan, 175 ming gektar o‘rmon va 38 ming gektar yaylovni qayta tiklash, 19 ming gektarda agroo‘rmon va 5 ming gektarda sanoatbop o‘rmon barpo etish, 63 kilometr eko yo‘lak tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Prezidentga «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon ijrosi doirasida qilinayotgan ishlar haqida ham axborot berildi. 

Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 6,8 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olingan mahallalar soni 90 foizdan oshdi. Lekin chiqindilarni qayta ishlash darajasi yuqori emas. Hozirda bunday korxonalar 313 ta xolos. 

Prezident farmonida bunday faoliyatni yanada rag‘batlantirish choralari belgilangan. Jumladan, 2024 yil 1 iyundan boshlab maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi. Chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan» va «oziq-ovqat» toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi. Chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash sohasida xususiy sheriklik rivojlantiriladi. 

Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlik uchun jarima miqdorini oshirish, chiqindi tashlab ketilgan joyni tozalash va olib chiqib ketish majburiyatini belgilash choralari kuchaytirilmoqda. 

Shuningdek, taqdimotda maishiy chiqindi poligonlarini optimizatsiya qilish, chiqindilardan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 

Xususan, chiqindi poligonlarini investitsiyalar kiritishga jozibador qilish uchun ularning bufer hududlariga maxsus iqtisodiy zonalar rejimini joriy etish, chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi hamda organik usulda o‘g‘itlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu yangi tizim bo‘yicha birinchi pilot loyiha Andijon viloyatida amalga oshiriladi. 

Jumladan, Andijon tumanida 13 million dollar investitsiya evaziga organik chiqindidan 100 ming tonna o‘g‘it, Asakada chiqindidan yiliga 2 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradigan loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Kelgusida ushbu Andijon tajribasi boshqa hududlarda ham tatbiq etiladi.

Mavzuga oid