2025 yil 15 may kuni O‘zbekiston prezidentining «2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorda 2030 yilda 3,3 mln nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsad qilingan. Shuningdek, 4,2 mln nafar umumiy o‘rta ta’lim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik ta’lim-tarbiyani mustahkamlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qaror bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya 2027 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan har 2 yil muddatga tasdiqlanadigan alohida «yo‘l xaritasi» asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik bilimini oshirishga qaratilgan bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi konvensiyaga (Orxus konvensiyasi, Orxus shahri, Daniya, 1998 yil 25 iyun) qo‘shilgani munosabati bilan 2025 yil 1 dekabrdan boshlab atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimi ma’lumotlari bazalarining jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanadi hamda ularda quyidagi ma’lumotlar joylashtirib boriladi:
– har yili «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan daraxt va ko‘chatlar haqida;
– davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar haqida;
– suv havzalarida noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaxslar haqida;
– jamoatchilik eshituvlari natijalari haqida;
– ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘tkazilgan reydlar, tekshiruvlar, monitoringlar natijasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida;
– hududlarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun biriktirilgan sanitar-tozalash korxonalari haqida;
– chiqindilarni qabul qilish, saralash, qayta ishlash va yoqish orqali muqobil energiya ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar haqida.
2025 yildan boshlab har yili aholining turli qatlamlari, talabalar va o‘quvchi yoshlar o‘rtasida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida «Yangi daraxt – yangi nafas» respublika ekochempionati hamda har oyda bir marta «Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz» shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari o‘tkaziladi.















