Jahon | 21:19 / 19.02.2024
6777
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston harbiylari Jo‘lan tepaliklaridagi tinchlikparvar missiyaga qo‘shiladi

Isroil va Suriya o‘rtasidagi bahsli hududdda BMT tinchlikparvar missiyasi 1974 yil may oyida tashkil etilgan. Ayni paytda u yerda 12 davlatdan mingdan ortiq harbiy xizmat qilmoqda. 

Foto: Dmitriy Degtyarev

Qozog‘iston tinchlikparvar kontingenti Jo‘lan tepaliklariga jo‘nab ketishga tayyor. Bu haqda Tengrinews xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Milliy tinchlikparvar kontingenti tez orada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jo‘lan tepaliklarida bo‘lgan kuzatuvchi kuchlari (UNDOF) missiyasiga kiritiladi. 

BMT Qozog‘istonga mustaqil ravishda tinchlikparvarlik missiyasini joylashtirish va amalga oshirish uchun mandat bergan. Bu Qozog‘istonning tinchlikparvarlik faoliyati tarixida birinchi marta milliy kontingentning BMT tinchlikparvar amaliyotida mustaqil ishtirok etishini anglatadi. 

139 nafar harbiy xizmatchidan iborat shaxsiy tarkib urushayotgan tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlash va qo‘shinlarni ajratish to‘g‘risidagi kelishuvning bajarilishini nazorat qilish, Isroil va Suriya harbiylarining mintaqadagi mavjudligini nazorat qilish bo‘yicha vazifalarni bajaradi. 

Harbiy xizmatchilar jangovar modullar bilan jihozlangan «Arlan» zirhli g‘ildirakli avtomashinalari hamda zarur hayotni ta’minlash vositalari va radioelektronika bilan ta’minlangan. Avtotransport vositalaridan biri yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun konvertatsiya qilingan va tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar: kislorod apparati, defibrillyator, dori-darmonlar va boshqa tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Shuningdek, kontingent ixtiyorida KamAZ yuk mashinalari, yo‘ltanlamas avtomobillar, muhandislik uskunalari va NBS himoya vositalari mavjud. 

Missiya davomida tinchlikparvar kontingentning harbiy xizmatchilariga har oyda uch maosh miqdorida nafaqa, shuningdek, BMT budjetidan 1448 AQSh dollari miqdorida pul nafaqasi to‘lanadi. Missiyadagi xizmatni muvaffaqiyatli o‘tagandan so‘ng, harbiy xizmatchilar sanatoriy-kurortda davolanishi uchun yo‘llanma va asosiy ta’tilga qo‘shimcha 14 kun qo‘shilishi tarzidagi imtiyozlarga ega bo‘ladi. 

Qayd qilinishicha, 16 yil davomida 600 dan ortiq qozog‘istonlik harbiy xizmatchilar Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadagi yettita tinchlikparvar BMT missiyalarida qatnashdi. Hozir 19 nafar qozog‘istonlik harbiy xizmatchi Livan, G‘arbiy Sahroi Kabir, Kongo va Markaziy Afrika Respublikasida BMT tinchlikparvarlik missiyalari tarkibida xizmat qilmoqda. 

Jo‘lan tepaliklari Isroil va Suriya o‘rtasidagi bahsli hududdir. Hozir uning katta qismi Isroil tomonidan ishg‘ol etilgan, sharqiy qismi esa Suriya nazoratida. Isroil ishg‘ol etilgan hududlarni anneksiya qilish haqidagi qonunni 1981 yilda qabul qilgan. Biroq, u xalqaro miqyosda qoralangan va tan olinmagan. 

Jo‘lan tepaliklarida BMT tinchlikparvar missiyasi 1974 yil may oyida BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tashkil etilgan. Ayni paytda u yerda 12 davlatdan mingdan ortiq harbiy xizmat qilmoqda.

Mavzuga oid