Asror Arabjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi ayti korxonalar qanday qilib Kremniy vodiysi bilan ishlay olishi, ayti eksportini qanday oshirish mumkinligi haqida gapirdi.

“Texnologik kompaniyalarni birlashtiradigan platforma ochdik”

— Bundan 7-8 oy ilgari Stenford universitetiga yaqin joydan ofis ijaraga olib, “Silkroad Innovation Hub” degan platformani ochganmiz. Biz 5 ta Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston,Tojikiston Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Mongoliya, Ozarboyjon va Turkiyadan chiqqan startap asoschilari bilan ishlaymiz. Ularning Kremniy vodiysiga kelishini osonlashtiramiz. Biz startap asoschilari jamiyatini tuzmoqchimiz.

Kimdir sal orqada bo‘lsa, kimdir venchur investorlardan pul yig‘gan va kimdir mahsulotini AQSh bozorida sotyapti. Ular yangi kelganlardan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga ega, bir-biri bilan ma’lumotlarni bo‘lishish ham shu platforma orqali bo‘ladi. Bizdagi logistika yoki Amerikada rivojlangan boshqa sohalar jamiyati (comunity) qandaydir tadbirlar va konferensiyalarda bir-birini ko‘rib tanib turishadi. Ammo texnologik kompaniyalarga kelganda ularni birlashtiradigan platforma yo‘q. Vaholanki, startaplar hammasi, o‘zbekcha qilib aytganda, tanish-bilish atrofida qurilgan, chunki qancha tanishlaringiz ko‘p bo‘lsa, shuncha venchur moliyasini olish va birinchi mijozlarni topish oson bo‘ladi. Biz hamma sohada – venchur kapitalida, startapda, boringki, istalgan korxonada ishlaydigan odamlar bir hududdan bo‘lsa, ularni birlashtirishni osonlashtiramiz.

Deylik, siz biror-bir dasturiy ta’minot o‘ylab topdingiz, uni AQSh bozoriga taqdim qilmoqchisiz va sizning xaridorlaringiz katta texnologik kompaniyalar. Masalan, Google, Facebook va shu kabi joylarda ishlaydigan odamlar bor. Kimlardir dasturni sotib olishga javob beradi. O‘sha odamlar bilan shu platforma orqali tanishsangiz, ishingiz ancha osonlashadi.

Silikon vodiysiga kelish juda katta tushuncha, pandemiyadan keyin tushundikki, bu yerga kelib o‘tirish ham shart emas. Ko‘pchilik aytishi mumkin, hamma o‘zgarishlar Silikon vodiysidan chiqmaydi, deb. Chunki Hindiston, Isroil va bizga o‘xshagan sharoitdan chiqqan Belarus ham o‘zining ayti hablarini tashkil qilgan. Ammo Kremniy vodiysi baribir eng oldi ayti habi bo‘lib turibdi.

“Silikon vodiysidagi katta ayti korxonalari bilan shartnomalar qilish kerak”

— Aloqa vazirligining oldiga qo‘ygan vazifalardan biri – 2030 yilgacha dunyoga 5 mlrd dollarlik ayti servisini olib chiqish. Buning yo‘llaridan biri – chet el korxonalariga xizmatlarni taklif qilish.