Jahon | 20:35 / 24.02.2024
9551
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Ukrainaga qurol yetkazib berishda firibgarlik va o‘g‘rilik bo‘yicha 50 ta ish ochdi

Gap xaridlardagi firibgarlik, o‘g‘irlik, mahsulotni almashtirish va korrupsiya haqida bormoqda, ammo hali ayblovlar tasdiqlanmadi.

Foto: Reuters

AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berishdagi qonunbuzarliklar yuzasidan 50 dan ortiq ish ochdi. Bu haqda Pentagon bosh inspektori Robert Storch brifingda ma’lum qildi, deb yozdi Bloomberg.

Storch so‘zlariga ko‘ra, turli bosqichlarda bo‘lgan tergovlar «harbiy texnika sotib olishda firibgarlik, mahsulotni almashtirish, o‘g‘irlik, korrupsiya va sabotaj»ni o‘z ichiga oladi. «Biz hech qanday ayblovlarni tasdiqlamadik, ammo kelajakda vaziyat o‘zgarishi mumkin», dedi Pentagon bosh inspektori.

Storch kelajakda Amerika uskunalarini Ukrainaga yetkazib berishning «miqdori va tezligini hisobga olgan holda» suiiste’mol qilish bo‘yicha yanada ko‘proq tekshiruvlar olib borilishini tan oldi. Uning aniqlik kiritishicha, hozircha auditorlar ta’minotdagi «kamchilik va bo‘shliqlar», jumladan, Ukrainaga Polsha orqali yuborilgan yuklar uchun noto‘g‘ri to‘ldirilgan deklaratsiyalarni aniqlagan.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Pentagon Davlat departamenti va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan birgalikda Ukrainaga yordam uchun ajratilgan taxminan 113 milliard dollar sarflanishini kuzatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni boshqarmoqda. Xuddi shunday monitoring Iroq va Afg‘onistondagi urushlar paytida ham o‘tkazilgan.

Barcha muammolar va uzilishlarga qaramay, Pentagon hozirga qadar Ukrainaning harbiy yordamga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun «yaxshi harakat qildi», «AQSh texnikasining katta qismi mamlakatga yetib borguniga qadar ukrainalik harbiylarni «o‘qitish va ta’minlash vazifasi» bo‘yicha mas’uliyat ko‘rsatdi», deb ta’kidladi inspektor.

Yanvar oyi oxirida AQSh va Ukraina Kiyevga berilgan xalqaro yordamdan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Kiyevda Pentagon bosh inspektori idorasi rasmiylari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi. Amerika tomonidan tegishli memorandumni Storch, Ukraina tomonidan esa Mudofaa vazirligi bosh inspektori Igor Voronchenko imzoladi.

Mavzuga oid