Jahon | 09:45 / 29.02.2024
20591
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada tug‘ilish darajasi rekord darajaga tushib ketdi

Dunyodagi eng past tug‘ilish ko‘rsatkichlariga ega Janubiy Koreyada tug‘ilish darajasi 2023 yilda yangi rekord darajaga tushib ketdi. Mamlakat aholisi ketma-ket to‘rtinchi yil kamaymoqda.

Foto: Ran Kyu Park/Getty Images/iStockphoto

Janubiy Koreya Statistika boshqarmasiga ko‘ra, tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti — bir ayol o‘z umri davomida dunyoga keltiradigan bolalarning o‘rtacha soni 2023 yilda 0,72 ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2022 yilda bu koeffitsiyent 0,78 ni, 2021 yilda 0,81 ni, 2020 yilda 0,84 ni tashkil etgan.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, agar tug‘ilishning shu kabi past darajasi davom etaversa, 2100 yilga borib Osiyoning beshinchi yirik iqtisodiyoti hisoblangan Janubiy Koreya aholisi qariyb yarmiga qisqarib, 26,8 million kishigacha tushib qoladi.

The Guardian'ning yozishicha, 2006 yildan beri mamlakat hukumati tug‘ilish darajasining pastligi muammosini hal qilish uchun 270 milliard dollarga yaqin mablag‘ ajratgan, biroq bu choralar o‘z natijasini bermagan. Rag‘batlantirishlar orasida er-xotinlar uchun moliyaviy subsidiyalar, bolalarni parvarish qilish xizmatlari va bepushtlikni davolashni qo‘llab-quvvatlash bor.

Juftliklar ko‘p bolali oila qurish yo‘lidagi to‘siqlar sifatida bolalarni tarbiyalash xarajatlari va ko‘chmas mulk narxi oshishi, yaxshi maoshli ish yo‘qligi va ta’lim tizimidagi raqobatni tilga oladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid