Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash yuzasidan mansabdor shaxslarga ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish, bola huquqlarini buzganlarni javobgarlikka tortish uchun tegishli organlarga murojaat qilish huquqiga ega deb belgilandi. Bolalar ombudsmani 14 ta hududda o‘z vakillariga ega bo‘ladi.
“Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Vakil o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda hamda davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.
Qonunga ko‘ra, bola huquqlari bo‘yicha vakil:
- mansabdor shaxslarga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirishlar yuborish;
- davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
- harakatlari yoki harakatsizligida bola huquqlari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli organlarga iltimosnomalar kiritish huquqiga ega.
Vakil har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15 fevralidan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilish holati haqida ma’ruza taqdim etadi.
Vakil bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘radi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini tayinlaydi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mavzuga oid
19:10 / 11.06.2025
Yangiyo‘lda yuk mashinasi velosipedchi bolani urib ketdi
15:14 / 04.06.2025
2024 yil mojaro hududlarida yashayotgan bolalar uchun «tarixdagi eng og‘ir yillardan biri» bo‘ldi
15:10 / 01.06.2025
Saida Mirziyoyeva Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi
18:46 / 31.05.2025