Jahon | 11:45 / 05.03.2024
4494
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada JCh-2006 tashkiliy qo‘mitasi a’zolariga qarshi sud boshlandi

Germaniyada jahon chempionatini tashkil qilgan nemis futbol assotsiatsiyasining sobiq rahbarlari 13,7 million yevrodan ortiq soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanmoqda.

Foto: Istvan Bajzat/dpa/picture-alliance

Germaniyadagi jahon chempionatidan deyarli 18 yil o‘tib, Frankfurt-Maynda ushbu tadbirni tashkil etishdagi qoidabuzarliklar bo‘yicha sud boshlandi. 4 mart, dushanba kuni Gessen yer sudi ish bo‘yicha uch ayblanuvchi – Germaniya futbol assotsiatsiyasi (DFB)ning sobiq yuqori martabali amaldorlariga nisbatan ayblov e’lon qildi.

DFB sobiq raislari Volfgang Nirsbax va Teo Tsvansiger, shuningdek, DFB sobiq bosh kotibi Horst Shmidt o‘ta og‘ir ish bo‘yicha soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanmoqda. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ular 2006 yilgi jahon chempionatini tashkil etish doirasida noto‘g‘ri soliq deklaratsiyasini topshirishga buyruq bergan, buning natijasida umumiy qiymati 13,7 million yevrodan ortiq soliq va yig‘imlar to‘lanmagan. 

6,7 mln yevrolik bahsli summa 

Boshqa narsalar qatorida, gap yillik moliyaviy hisobotda ko‘rsatilgan 6,7 million yevro miqdoridagi marosimni tashkil qilish xarajatlari haqida ketyapti. Biroq, voqea chempionat davomida sodir bo‘lmadi va bu pul tashkiliy qo‘mitaning hozirda vafot etgan raisi Frans Bekkenbauerning 2002 yilda tadbirkor Robert Lui-Dreyfusdan xususiy ravishda olgan qarzini to‘lash uchun ishlatilgan.

Prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchilar soliq deklaratsiyalarida noto‘g‘ri ma’lumotlar borligini bilgan. Shuningdek, ular tashkiliy qo‘mita mablag‘lari bilan xususiy kreditni to‘lash DFB uchun soliq oqibatlariga olib kelishidan xabardor bo‘lgan, deyiladi xulosada. 

Uch nafar ayblanuvchining advokatlari mahkamani tanqid qildi. Ulardan biri Shveytsariyada 2021 yilda da’vo muddati tugagani sababli to‘xtatilgan Germaniya futbolining sobiq amaldorlariga qarshi ish olib borilayotganiga ishora qilib, uni to‘xtatishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, qonun bir ayblov bo‘yicha bir nechta hukm chiqarishni taqiqlaydi. Barcha advokatlar oqlanishga erishish niyatida ekanini aytdi. Ularning ta’kidlashicha, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘lmagan va to‘lovlar biznes xarajatlari edi. 

Frankfurt sudi allaqachon ikki marta jarayonni to‘xtatgan 

Frankfurt-Mayndagi yer sudi bu ish bo‘yicha o‘tmishda ikki marta, xususan, ayblov uchun dalillar yetarli emasligi sababli sud jarayonini bekor qilgan. Prokuratura talabiga binoan sud jarayoni davom ettirildi. Oliy yer sudi boshqa ayblovlar ilgari surilgani tufayli ishni qayta tiklashni ma’qulladi.

Ish doirasida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) sobiq bosh kotibi Urs Linsiga ham ayblovlar qo‘yilgan, biroq jarima to‘laganidan keyin unga nisbatan sud jarayoni to‘xtatilgan. Endi soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda yordam berganlikda ayblangan Linsi ayblov uchun guvoh sifatida ishlayapti. 

Shveytsariyadagi surishtiruv

2020-2021 yillarda Shveytsariyada Nirsbax, Shmidt, Tsvansiger va Linsiga nisbatan xuddi shunday sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bunga 2015 yilda Germaniya jahon chempionatini o‘tkazish huquqini noinsof yo‘llar bilan qo‘lga kiritgani haqida paydo bo‘lgan shubhalar asos qilib olingan. Nufuzli haftalik Der Spiegel nashri xabar berishicha, Adidas kompaniyasining o‘sha paytdagi bosh direktori Robert Lui-Dreyfus 2006 yilgi jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi rahbari Fransu Bekkenbauerga 2002 yilda yashirincha 6,7   million yevro kredit bergan. 

Ishni o‘rgangan shveysariyalik tergovchilar Tsvansiger, Shmidt va Linsi 2006 yilgi jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi a’zolaridan 6,7 million yevro to‘lashning asl maqsadlarini yashirgan, ular guruh bo‘lib firibgarlik sodir etishda, Nirsbax esa firibgarlikka yordam berishda ayblangan, degan xulosaga keldi. 2021 yilda da’vo muddati tugaganligi sababli jarayon yopildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid