13:30 / 15.03.2024
2088

Hududiy investitsiya dasturlari loyihalari 220 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlaydi

Saudiya Arabistonining ommabop Swift News elektron portalida "O‘zbekiston 2024 yilda hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 11,6 milliard dollar bo‘lgan 7656 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotida qayd etilishicha, tahlil natijalariga ko‘ra, har yili ushbu vazirlikning muvofiqlashtiruvi va ko‘magi ostida amalga oshiriladigan hududiy investitsiya dasturlari (HID) shakllantiriladi va Hukumat komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi. Yangi imkoniyatlarni aniqlashni hisobga olgan holda, loyihalar ro‘yxati yil davomida kengaytirib boriladi.

"HID doirasida umumiy qiymati 11,6 milliard AQSh dollari bo‘lgan 7656 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. O‘tgan yili deyarli ikki baravar ko‘p, ya’ni 14120 ta loyiha amalga oshirildi, ularning umumiy qiymati 8,3 milliard dollarni tashkil qildi", – deb ta’kidlagan nashr.

2023 yilda sanoat sohasida amalga oshirilgan loyihalar ulushi 31,3 foizni (4419 ta loyiha), xizmat ko‘rsatish sohasida 52,7 foizni (7437 ta loyiha), qishloq xo‘jaligi sohasida 16 foizni (2264 ta loyiha) tashkil etdi. 2024 yilda urg‘u biroz boshqacharoq: qishloq xo‘jaligi 12,3 foiz (945 ta loyiha) va xizmatlar 50,1 foiz (3904 ta loyiha) ulushining biroz qisqarishi hisobiga ishlab chiqarish 36,6 foizgacha (2807 ta loyiha) oshadi.

Loyiha qiymati bo‘yicha 2024 yilda, o‘tgan yilgidek birinchi uchlikka Samarqand (1,4 milliard dollar), Qashqadaryo (1,23 milliard dollar) va Namangan (976 million dollar) viloyatlari kiradi.

Maqola yakunida "loyiha tashabbuskorlari ko‘proq harakat qilishlari kerak bo‘lgan hududlar bor, masalan, Namangan (yanvar oyida 5 ta loyiha), Navoiy (12) va Buxoro (17) viloyatlari, ammo, ishonch bilan aytish mumkinki, HID loyihalarini amalga oshirilishi, ishlab chiqarish va eksport hajmini sezilarli darajada o‘sishi hamda mamlakatimizning barcha hududlarida 220 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi", deya qayd etilgan.

Top