Senat raisi «BMT-Ayollar» tuzilmasi direktori bilan muzokara o‘tkazdi
Tanzila Norboyeva Nyu-York shahrida «BMT-Ayollar» tuzilmasi direktori Sima Sami Baxus bilan uchrashdi.
Oliy Majlis Senati raisi, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahrida «BMT-Ayollar» tuzilmasi direktori Sima Sami Baxus bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va «BMT-Ayollar» tuzilmasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan, ushbu tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada faollashtirish, gender tenglikni ta’minlash sohasidagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Keyingi yillarda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga teng imkoniyatlar yaratish borasida O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda BMT tavsiyalari muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi «BMT-Ayollar» tuzilmasining butun dunyoda gender tenglikka erishish va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha 2022–2025 yillarga mo‘ljallangan strategik rejasiga hamohangligiga alohida e’tibor qaratildi.
Sima Sami Baxus «BMT-Ayollar» tashkiloti O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor deb bilishi, faol hamkorlik qilishga tayyor ekanligini qayd etdi. Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xotin-qizlarning ishtiroki masalalarida Toshkentning muhim roli e’tiborga olinib, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
«O‘zbekiston gender tenglikni ta’minlashda erishgan sezilarli yutuqlarni hisobga olib, mamlakatingizni mintaqa davlatlari orasida gender masalalarini ishlab chiqishda bog‘lovchi rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan ko‘prik sifatida ko‘ramiz», deb ta’kidladi Sima Sami Baxus.
Suhbat yakunida O‘zbekiston va «BMT-ayollar» tuzilmasi bilan amaliy loyihalarni tatbiq etgan holda hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
21:30 / 23.11.2024
COP29: Boy davlatlar iqlimni moliyalashtirishni oshirishga rozi bo‘ldi
17:39 / 23.11.2024
2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
07:50 / 22.11.2024