O‘zbekiston | 18:11 / 18.03.2024
7033
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda bir qancha tadbirkorlar faoliyati noqonuniy tekshirilgan - Biznes-ombudsman

Bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar ma’muriy jarimaga tortilgan. 

Qashqadaryo viloyati Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi (hozir Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o‘tkazilgan) tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkazilgan tekshirishlar bo‘yicha 50 dan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, boshqarma boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi F.T. tomonidan qabul qilingan buyruqlar asosida tadbirkorlik sub’yektlarida vakolatli organni xabardor qilmagan holda noqonuniy tekshirishlar o‘tkazilgan. Boshqarma tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarida profilaktika tadbirlari o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, boshqarma boshlig‘i F.T. tomonidan ularda tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida buyruqlar qabul qilingan. 

Shuningdek, ayrim tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqlarda tadbirkorlik sub’yektlarining nomi qayd qilinmagan, buyruq bilan teshiruv dasturi tasdiqlanmagan. Natijada aksariyat tekshirishlar savolnomasiz amalga oshirilgan. 

Bundan tashqari, tekshirish o‘tkazish davomida tadbirkorlik sub’yekti rahbariga tekshiruvni o‘tkazishga asos bo‘lgan hujjatlar nusxalari taqdim qilinmagan. 

Shu bilan birga, tekshiruvlarda Savdo-sanoat palatasining vakillari yoki tadbirkorlik sub’yektlari birlashmalarining vakillari, soliq maslahatchilari, tarjimon va (yoki) advokatlar jalb qilish huquqi borligi tadbirkorlarga yozma ravishda tushuntirilmagan. 

Aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan boshqarmaning 7 nafar mansabdor shaxsiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241.2-moddasi bilan ma’muriy jarimalar qo‘llangan. Mansabdor shaxslarning ismi-sharifi va jarima miqdori xabarda keltirilmagan.

Mavzuga oid