Jahon | 14:56 / 30.03.2024
4400
2 daqiqa o‘qiladi

Apple VisionOS haqida ma’lumotlar sizib chiqqani uchun sobiq iOS-dasturchisini sudga berdi

U Signal messenjerida jurnalistlar bilan yozishmalari skrinshotlarini o‘zining iPhone’iga saqlab yurgan.

Foto: AP

Apple kompaniyasi sobiq xodimi Endryu Odni kompaniya mahsulotlari haqidagi maxfiy ma’lumotlarni jurnalistlar va boshqa tashkilotlar xodimlariga oshkor qilgani uchun sudga berdi, deb yozadi The Verge. 

U 2016 yildan beri Apple’da iOS-dasturchisi sifatida xizmat qilgan va akkumulyatorlarni optimallashtirish ustida ishlagan. Odning roli «o‘nlab mahsulotlar» haqidagi maxfiy ma’lumotlarga kirishni o‘z ichiga olgan, dedi kompaniya yuristlari. 

Da’voda qayd etilishicha, u boshqa narsalar qatorida VisionOS va «Kundalik» ilovasining ishlanmasi haqidagi ma’lumotlarni, shuningdek, kompaniyaning muvofiqlik strategiyasi, xodimlar soni va kompaniya boshqa mahsulotlari xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilgan. 

Jumladan, Od ish materiallariga ko‘ra, WSJ va The Information jurnalistlari bilan Signal shifrlangan xabar almashish ilovasi orqali muloqot qilgan. Shu bilan birga, u yozishmalarning skrinshotlarini o‘zining iPhone’ida saqlagan. 

Ma’lumotlar sizib chiqishi 2023 yil oxirida aniqlangan. Noyabr oyida Apple vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Od hodisaga aloqadorligini rad etdi, so‘ng «hojatxonaga borib kelishi zarurligini aytib», u yerda telefonidan «dalillarning muhim qismini» va Signal ilovasini o‘chirib tashladi. 

12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi uchrashuvda u kamida ikki jurnalistga Apple muvofiqlik strategiyalari, e’lon qilinmagan mahsulotlari, ishlab chiqish siyosati va ba’zi chiqarilgan qurilmalarning xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarni sizdirganini tan oldi. Uch kundan keyin uni ishdan bo‘shatishdi. 

Da’vo arizasida Apple hakamlar hay’ati tomonidan sud muhokamasi o‘tkazishni, zararni qoplashni, bonuslar va aksiya opsionlarini musodara etishni hamda Oddan kompaniya haqidagi maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik haqida qaror chiqarishni talab qilmoqda. 

Mavzuga oid