O‘zbekiston | 13:00 / 02.04.2024
4395
4 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan’s club’dan yangi loyiha – O‘zbekistonlik.Podcast’ning ilk epizodi e’lon qilindi

Foto: Uzum

Xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan o‘zbekistonliklarni bir yerga jamlash maqsadida yaratilgan global platforma – Uzbekistan’s club ijodiy jamoasi “Uzum” milliy raqamli ekotizimi homiyligida yangi O‘zbekistonlik.Podcast loyihasiga start berdi. Endilikda chet elda faoliyat yuritayotgan Vatandoshlarimizning muvaffaqiyat sirlari, hayotiy tajriba va hikoyalaridan nafaqat video, balki audiopodkastlar shaklida ham bahramand bo‘lishingiz mumkin.

Loyihaning ilk epizodida bir nechta IT bizneslar egasi Bobir Akilxanov hamda Kolumbiya Universiteti yordamchi professori Aziza Shonazarovalar mehmon bo‘lishdi. Podkastni “O‘zbekistonlik” filmining ilk epizodi qahramonlaridan biri – texnika fanlari doktori, Asqarali Karimov olib bordi.

Ilm va Texnologiya: Qaysi bo‘lmasa hayot to‘xtaydi?

O‘zbekistonlik.Podcast loyihasining birinchi epizodida suhbat asosan ilm-fan va texnologiyalar mavzusida bo‘ldi. Suhbat davomida Aziza Shonazarova “Markaziy Osiyo tarixida ayollarning tutgan o‘rni” mavzusidagi doktorlik ishi bilan o‘rtoqlasharkan, tarixiy manbalar va qo‘lyozmalarni o‘rganish davomida ayol olimalarga bag‘ishlangan asarlarga duch kelgani, doktorlik ishida ulardan keng foydalangani haqida gapirib berdi. O‘zbekistondagi talabalik yillarida qo‘lyozma asarlarni o‘qib katta tajriba to‘plagani, buning uchun unga hatto oylik ham to‘lashganini esladi.

Mavzu doirasida Asqarali Karimov texnologiyalarning tilimizga ta’siri masalasini o‘rtaga tashlab, suhbatdoshlarining bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi. Yig‘ilganlar sun’iy intellekt (AI)ning ijobiy va salbiy tomonlari, yaqin istiqbolda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan taxminlarini bildirishdi. Asqarali Karimov AI mualliflik huquqi uchun pul to‘lashi kerak deb hisoblasa, Bobir Akilxanov har qanday risklarga qaramay AI yakunda hukumatlar tomonidan tartibga solinishi va u insoniyatning yordamchisiga aylanishiga ishonishini bildirdi. Aziza Shonazarova esa AI’ning imkoniyatlari haqida gapirarkan, ta’limning ayrim yo‘nalishlarida talabalar undan keng foydalanayotgani va bu ularning bilimiga haqiqiy baho berishda ba’zi muammolarni keltirib chiqarayotganiga to‘xtaldi.

Podkast davomida AI va ilm-fan o‘rtasidagi qarama-qarshilik va imkoniyatlar, zamonaviy texnologiyalarning madaniyat, odamlar turmush tarzi, umuman, insoniyat taqdiriga bo‘lajak ta’siri, shuningdek, ayollar va qizlarning jamiyatga qo‘shayotgan hissasi, ularning ilm-fandagi o‘rni qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi dolzarb mavzular ustida bahs yuritildi.

Xulosa qilib aytganda, mehmonlar O‘zbekistonlik.Podcast’ning ilk sonidanoq marrani keng olishdi deyish mumkin. Mazmunli va ayni paytda jamiyat uchun foydali suhbatning to‘liq versiyasini bu yerda tinglang.

O‘zbekistonlik.Podcast Apple Music, Amazon, Spotify kabi ommabop audioplatformalarda va hamkor telekanallarda ham mavjud.

Uzbekistan's Club  o‘z tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Yoshlar ishlari agentligiga, millatning yangi qiyofasini yaratishdagi ishonchli hamkorlari bo‘lmish — Ucell uyali aloqa operatoriga, Chevrolet Uzbekistan avtomobil brendiga va “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasiga o‘z minnatdorchiligini izhor qiladi.

Mavzuga oid