09:37 / 03.04.2024
15982

Tayvanda 25 yil ichidagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Tayvan sharqiy qirg‘oqlarida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Orol va qo‘shni davlatlarda sunami xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilindi.

Foto: AP

Tayvan yaqinida 7,5 va 6,6 magnitudali ikkita zilzila va 5,4 ballgacha bo‘lgan to‘rtta zilzila qayd etildi.

Zilzila episentri, AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Tayvanning Xualyan shahridan 18 km janubda joylashgan. Seysmologlarning fikricha, bu Tayvanda so‘nggi 25 yil ichida sodir bo‘lgan eng kuchli zilziladir.

Yaponiyaning janubi-g‘arbiy sohillarida balandligi uch metrgacha bo‘lgan sunami to‘lqinlari kutilmoqda, deb xabar berdi Yaponiya meteorologiya agentligi.

Filippin uchun ham sunami haqida ogohlantirish e’lon qilindi.

Xitoy davlat matbuoti zilzila mamlakat janubi-sharqidagi materik Futszyan provinsiyasida ham sezilganini xabar qildi.

«Zilzila quruqlikka yaqin joyda, sayoz chuqurlikda boshlandi. Bu butun Tayvan va qo‘shni orollarda sezildi. Bu - so‘nggi 25 yildagi eng kuchlisi», — dedi Taybeĭ seysmologiya markazi rahbari U Chien Fu. 

1999 yil sentabr oyida Tayvanda 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. U 5 mingdan ortiq binolarni vayron qildi va 2400 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi.

Hozirgi zilzila mahalliy vaqt bilan soat 07:58 (Grinvich bo‘yicha 23:58) da sodir bo‘lgan, o‘choq 15,5 km chuqurlikda bo‘lgan. Buning ortidan 4 va undan yuqori magnitudali kamida to‘qqizta zilzila sodir bo‘ldi. 

Tayvan ommaviy axborot vositalari binolar qulab tushayotgani, odamlar maktablar va uylardan evakuatsiya qilinayotganini ko‘rsatmoqda. 

Top