G7 davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish g‘oyasidan voz kechdi - OAV
Musodara qilish masalasi «endi muhokama qilinmayapti», garchi Ukraina buni talab etayotgan bo‘lsa-da.
«Katta yettilik» Rossiya Markaziy bankining Ukrainaga keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri muzlatib qo‘yilgan aktivlarini musodara qilish imkoniyatini endi ko‘rib chiqmayapti, deb yozdi Financial Times.
FT suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, musodara qilish masalasi «endi muhokama qilinmayapti», garchi Ukraina buni talab etayotgan bo‘lsa-da.
Musodara qilishdan bosh tortish g‘oyasini G‘arbda saqlanayotgan o‘z zaxiralari kelajagi haqida qayg‘urgan Indoneziya va Saudiya Arabistoni ilgari surgan.
G7 davlatlari musodara qilish o‘rniga Rossiya aktivlaridan foyda olishning muqobil yo‘llarini o‘rganmoqda. Ulardan biri aktivlarga nisbatan obligatsiyalar chiqarish g‘oyasi edi, ammo bu ham oxir-oqibat bekor qilindi, chunki bu reja to‘liq musodara qilish bilan bir xil muammolarga olib keladi.
Oq uy Ukrainaga muzlatilgan aktivlardan kelajakda olinadigan foyda bilan kafolatlangan qariyb 50 milliard dollar kredit yoki obligatsiyalar berishni taklif qilmoqda. Ammo Yevropa Ittifoqi boshqa rejaga ega: foydaning katta qismini birinchi navbatda Ukraina uchun birgalikda qurol sotib olish uchun ishlatish.
Biroq, Yevropa rasmiylari agar urush yaqin kelajakda yakunlansa, bunday reja muammoli bo‘lishidan ogohlantirgan, chunki uzoq muddatli majburiyatlar aktivlar bilan qo‘llab-quvvatlanishi kerak, bu «murakkab va qimmat» bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, rasmiylar agar tinchlik muzokaralari bo‘lib o‘tsa, Rossiya muzlatilgan aktivlarini qaytarishni talab qilishi, buning evaziga hududlardan voz kechishi mumkinligini istisno etmayapti.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, G‘arbda Rossiya Markaziy bankining 260 milliard yevroga yaqin mablag‘i muzlatib qo‘yildi. Ushbu pulning katta qismi (taxminan 190 milliard yevro) Belgiyaning Euroclear depozitariysi hisoblarida va 5 milliardga yaqini AQSh banklarida saqlanmoqda.
AQSh prezidenti Jo Bayden ittifoqchilarga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish uchun bosim o‘tkazmoqda, biroq Yevropaning yirik davlatlari buning uchun hech qanday huquqiy asos ko‘rmayapti va musodara, birinchidan, pretsedent bo‘lib qolishidan, ikkinchidan, yevro barqarorligiga ta’sir qilishidan qo‘rqmoqda.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, Rossiya o‘z aktivlarining musodara qilinishini sudlarda himoya etadi, bu esa «bunday qarorlarni qabul qilganlar uchun jiddiy yuridik xarajatlarga olib keladi».
Shunday bo‘lsa-da, Belgiya depozitariysida saqlanadigan Rossiya mablag‘lari qayta investitsiya qilinmoqda va soliqdan keyin 3,85 milliard yevro foyda keltirgan.
Mavzuga oid
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
21:00 / 12.11.2024