Xitoy nega Rossiyani qöllamoqçi emas? Tahlilçilar – Putinning Pekinga taşrifi haqida
|21:02 / 19.05.202428 60318 min
Rossiya prezidenti Vladimir Putin öz prezidentlik muddatining yangi faslini Xitoyga taşrif bilan boşladi. Xöş, ikki davlatning bayonotlarda aytilayotgan “çuqur hamkorligi” reallikda qanday körinişga ega? Iqtisodiyoti uçun avvalo ğarb bilan munosabatlarini saqlaşga intilayotgan Xitoy bir vaqtning özida ikki tomonda ham böla oladimi?
“Geosiyosat” mavzuni tahlil qiliş uçun siyosiy tahlilçilar Nargiza Umarova, Hamid Sodiq, Kamoliddin Rabbimov va iqtisodçi Şuhrat Rasulni taklif etdi.
— Putin va Si muzokaralaridan keyingi bayonotda qaysi mavzular muhokama qilindi?
Şuhrat Rasul: — Bu taşrif qanday fonda yuz berayotganiga avval e’tibor berişimiz kerak. Xitoy va YeI örtasidagi savdo hajmi mart oyida 15 foiz, aprel oyida 13 foizga tuşib ketdi, bir oy oldin Blinken Pekinda bölgandi, kuni keça Bayden Xitoy bilan savdoga yangi çeklovlarni e’lon qildi. Nazarimda, AQŞ bu taşrifdan oldin Xitoy rahbariyatiga oçiq signallar jönatdi, ya’ni ehtiyot böling, köp narsa va’da bermang, Blinken aytgan gaplar kuçda, degan. AQŞning asosiy maqsadi Rossiyaga qurol böladigan tovarlarni bermasligi, qolgan savdo uçun talabi yöq.
Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya kollektiv Ğarb sanksiyalari ostidagi davlat, Xitoy va kollektiv Ğarb munosabatlari bir neça yillardan beri sovuqlaşib boryapti. AQŞ uçun 21 asrda jang katta strategik raqib Xitoy. AQŞ davlat departamenti özining global manfaatlari va loyihalari böyiça hisobotlar çiqarib turadi, oxirgilarida Rossiya duşman davlat, Xitoy strategik raqib deb e’tirof etiladi.
Rossiya va Xitoy qisqa muddatli yoki taktik alyans yaratgan, ularni Ğarbga qarşi kuraşişi motivi birlaştiradi. 2019 yilda Rossiya va Xitoy örtasidagi savdo hajmi 110 mlrd dollar bölgan bölsa, 2023 yilda 240 mlrd dollarga çiqqan, bu juda katta hamkorlik ösişi. Xitoy qörqadigan asosiy sabab kollektiv Ğarb nazoratida bölgan neft va gaz resurslarini Xitoyga yetkazişda muammolarga töqnaşişdan qörqadi, sanksiyalar ostidagi Rossiya esa özining neft va gazini sotişda qiynalib qoldi. Ukraina, Tayvan kabi masalalar bu ikki davlatda global ittifoqçilikka zaruratni oşirib boryapti.
— Rossiya va Xitoyning munosabatlari va birgalikdagi demokratiya hamda tartib tamoyillarini himoya qiliş haqidagi bayonotlari haqiqatan ham ularning siyosatiga mos keladimi?
Hamid Sodiq:
Mavzuga oid
Xitoy Rossiyaga na iqtisodiy, na harbiy kömak bermoqçi emas – RF prezidentining Pekinga taşrifi davomida bunday kelişuvlarga erişilmadi. Davlat rahbarlari qarşisida imzolangan hujjatlar qatorida ötösimlik (Quddus artişoki) va mol göştining toğay qismi (kemirçak) yetkazib beriş böyiça bitimlar ham borligi istehzolarga sabab böldi.
— Bu taşrif kutilmagan taşrif emas, Si Jinping ham saylangaç, birinçi taşrifini Rossiyaga qilgandi. Öziga xos ramziyligi bor, demokratik davlatlar bu saylovlarni tan olmadi, Putin legitim prezident emas ular uçun, Rossiyaning liberal siyosatçilari uçun ham şunday. Balansni özgartira oladigan katta bir davlatga taşrif öziga xos legitimizatsiyadek körinadi. Dunyoda normal fikrlaydigan, xalqi bilan hisoblaşadigan davlatlar biladiki, bu ikki rahbar avtoritar hisoblanadi. Bu ikki davlat siyosatiga talabalar qarşi çiqsa, ularning ustidan tank yurişi mumkin, lekin talabalar bilan hisoblaşadigan davlatlar bor. Bu narsa ikki davlatning zaifligini, jamiyati bilan hisoblaşadigan davlatlar esa kuçli ekanini ham körsatadi.
240 mlrd dollar savdo hajmining asosiy qismi Rossiya iqtisodiyotiga – Xitoydan import, Rossiyaning 40 foizlik iqtisodini bildiradi bu, Xitoyga boğlanib qolgan. Xitoyning importida esa Rossiyaning uluşi juda kam. Xitoy bir tomondan Rossiyadan ustunligini körsatyapti, boşqa tomondan Rossiyaga Ğarb va AQŞdek munosabat qilayotgani yöq.
Xitoy rahbari bayonotlarida BMT ustavini hurmat qilişini va hududiy yaxlitlikni e’tirof etdi, bu Putinning yuziga tarsaki desa ham böladi.
Nargiza Umarova: — Si Jinping BMT ustavi va xalqaro huquqqa köp urğu berdi. Ukraina masalasida gapirganda davlat suvereniteti, hududiy yaxlitlik haqida gapirib ötdi. Rossiya deyarli 2,5 yildan beri bu prinsiplarni qöpol ravişda buzib kelyapti. Putin bilan yonma-yon turib bildirgan Si Jinping bayonoti Xitoy öz pozitsiyasida ança dadil ekanini körsatadi. Xitoy bunday qilişiga sabab bor, ya’ni Tayvan masalasi bor, boşqa davlatlar Xitoyga nisbatan şunday pozitsiyada bölişini kutadi.
Dunyo tartiboti haqida gapirganda Putin öz siyosatiga zid bayonot berdi. Masalan, bizning munosabatlar katta davlatlar munosabati uçun etalon böladi, çunki xalqaro huquq me’yorlari, BMT ustaviga köra qurilgan, dedi. Bularning hammasi kollektiv Ğarbga qaratilgan, turli bloklar, sovuq uruşga qarşimiz, deydi, bu odatiy gaplar Xitoy uçun. Lekin Putin dunyo tartiboti adolati haqida gapirdi, vaholanki, özi bu narsaga qarşi çiqyapti. Putinning bu ritorikasini Xitoy ham qöllayapti, maqsad — kollektiv Ğarbdan norozilikni umumiy ravişda körsatiş.
Şuhrat Rasul: — Taşrifdagi asosiy masalalardan biri Ukraina uruşiga ikki tomon munosabati. Taşrifdan bir kun oldin “Sinxua” gazetasida Putinning maqolasi çiqdi, unda Putin Ukrainaga, Ğarbga taklif kiritgan, ya’ni uruşning, eskalatsiyaning töxtaşi tarafdorimiz, lekin reallikdan kelib çiqiş kerak, deb bosib olingan yerlarni saqlab qoliş va şu kabi har doimgi gaplar.
Xitoy ötgan yili Ukraina uruşi böyiça 12 bandli konsepsiyasini e’lon qilgandi, uning birinçi bandida Ukraina hududiy yaxlitligini urğulagan. Bu masala böyiça ikki tomon örtasida kelişmovçilik bor, şuning uçun bu mavzu çetlab ötildi.
Putin Xitoydan iqtisodiy yordam olişni maqsad qilgandi, lekin katta natijalarga erişa olmadi. Uruş boşlangandan beri Rossiya Xitoyga deyarli bosim qilyapti, “Sibir kuçi 1” loyihasi böyiça 24 mlrd metr kub gaz sotgan. Xitoy Rossiyaning Yevropadan töxtatgan 170-180 mlrd metr kub gazini joylaştira olmayapti, sanksiyalarga aloqasi yöq, Rossiya özi Yevropaga bosim qiliş uçun töxtatgan edi bu gazni uruş boşida. Yevropa energetik muammolarini hal qilib oldi, Rossiya esa gazini sota olmayapti, gaz eksportini katta qismini taşkil qilardi bu.
Keyingi masala, Xitoydan harbiy yordam oliş. Bu böyiça natija bölmadi. Imzolangan 11 hujjatda jahon diplomatiyasida bölmagan ğaroyib holat ham böldi. Bitta hujjat bir dorivor ösimlik eksporti böyiça böldi, bu ikkita katta lider muhokama qiladigan narsa emas. Umuman, hamkorlik kölamini şişirib körsatiş uçun böldi bular.
— Xitoy va Rossiya boşqaruvidagi farqlar nimada?
Kamoliddin Rabbimov: — Har bir davlatning evolyutsiyasi bor. Putin hokimiyatga kelgan yillarda ança liberal edi, Qrim anneksiyasidan keyingi Putin tuzumi qattiq avtoritarizm böldi. Xitoy avtoritarizmi esa raqamli totalitarizmga yaqin, u yerda faqat etnik kamçiliklarni emas, etnik xitoylarning özini ham maksimal nazorat qilişga qaratilgan, ya’ni murakkab avtoritarizm.
Pekinning oldida bir vaqtning özida Rossiyani yolğizlatmaslik, xafa qilmaslik, Rossiya siyosiy tuzumining uzoq yaşovçanligini qöllaş turibdi. Agar Putin tuzumi qulasa, barça fokus Xitoyga qaratiladi. Xitoy Ukraina uruşidan bir tomondan norozi böldi, çunki NATOni kuçaytirdi, AQŞni Yevropaga qaytardi, lekin kollektiv Ğarb diqqati Xitoydan Rossiyaga ham qaratildi, bosim kamaydi. Ayni paytda Xitoy uçun Putin tuzumi qulamasligi xam kerak, kollektiv Ğarb sanksiyalariga duçor bölmaslik ham kerak. Ukrainalik ekspertlar aytadiki, Xitoy Rossiyaga qurol bergani haqida birorta dalil yöq. Uruş böyiça Xitoy pozitsiyasi ikkilamçi: bir tomondan Ukraina hududiy yaxlitligini urğulaydi Tayvan sabab, ikkinçi tomondan Rossiya kollektiv Ğarb bilan urişayotgani uçun uni ma’naviy qöllayapti.
Hamid Sodiq: — Demokratik siyosatning 3 ta elementi bor: davlatlarda goya bölişi, ğoyaning muhokama qiliş imkoniyati va real siyosatçi – mana şu 3 ta komponent bölsa, demokratiya şakllanadi. Rossiyaning zaifroq ğoyasi bor, muhokama yöq, çunki siyosiy hayot yöq, yopib taşlangan, lekin real siyosatçi bor. Xitoyda esa kuçli ğoya va real siyosatçi bor, muhokama yöq. Bu degani ikki davlat ham tabiatan xato qiladi, lekin qaçon va qaysi miqdorda xato qiladi, degan masala bor.
— Xitoy uçun avval iqtisod, keyin siyosat bölsa, Rossiya uçun buning teskarisi, deyiş mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Ikkalasi ham avtoritar, lekin Rossiyada yakka hukmdorlik kuçli, Xitoyda byurokratiya madaniyati şakllangan, kollektiv qaror qabul qiliş bor baribir. Sovet ittifoqida ham Stalindan keyin kollektiv boşqaruv bölgan, agar Rossiyani SSSR bilan qiyoslasak ham. Xitoyda markazlaşgan hokimiyat bölsa-da, ratsionalizm ança yuqori.
— Pekin va Moskva hamkorligining eng yuqori darajasi qaysi nuqtagaça bölişi mumkin?
Şuhrat Rasul: — Bu hamkorlik ŞHT doirasida institutsionallaşgan. Rossiya va Xitoy strategik darajada hamkorlik qilamiz, deyapti, lekin bir qozonda ikki qöçqorning kallasi qaynamaydi, degan gap bor, şu mantiq böyiça bu ikki davlat bir-biridan farq qiladi içki mohiyat böyiça. Xitoyning ming yillik madaniyati bor, eng qonxör sulolalar davrida ham haqiqatni aytadigan, pozitsiya bildiradiganlar bölgan Xitoy tarixida. Rossiyada esa haqiqiy örta asr absolyutizmi, bölayotgan voqealarni kuzatsangiz, Afrikadagi absolyutizmga ham öxşab ketadi.
Ularning maqsadlari boşqa-boşqa. Rossiya imperiyani tiklamoqçi, Xitoy esa öz iqtisodiy muammolarini yeçişi kerak, AQŞ, Yevropa bilan ham ziddiyatga borib qolmasligi kerak bir paytda. Bir tomonda böliş Xitoy iqtisodiyotini yiqitadi. Xitoy iqtisodining 30 foizi quriliş kompaniyalari bölsa, eng yirik ikkita kompaniyasi bankrot böldi, agar bir tomonlama ketsa, bundan ham katta zarbalarga uçraşi mumkin. 7 oydan beri Xitoy eksporti tuşib boryapti, iqtisodiy ösiş ham kutilgandek emas.
Nargiza Umarova: — Bu ikki davlat xalqaro avtoritetini uşlab turişi uçun ham bir-biriga tayanadi. Bularni birlaştiruvçi yana bir muhim soha – xavfsizlik. Qöşma bayonotga e’tibor bersak, ikki davlat özini faqat mintaqaviy emas, global xavfsizlik uçun ham mas’ul sub’yekt sifatida köradi. Xitoy bu narsani ideologik jihatdan rasmiylaştirib ham bölgan, Xitoyning dunyoga taqdim etgan 3 yirik taşabbusidan biri global xavfsizlik masalasi. Xitoyning yana bir muhim konsepsiyasi – butun insoniyatning yagona taqdiri. Bu loyihalar faqat falsafiy, real kuçga ega emasdek körinadi, lekin bularning asosida xitoysentrizm, yangi dunyo tartibotiga jiddiy tayyorgarlik yotibdi. Öz ideologiyasi atrofida xayrixoh davlatlarni yiğyapti, bulardan biri Rossiya deb bilaman, çunki Rossiya Xitoy kabi özi boşçiligidagi qutb taklif eta olayotgani yöq dunyoga, sönib boryapti u, potensiali past. Ekspertlar aytadiki, Rossiya özini hozirgi şaklda saqlab qoliş uçun yangi dunyo tartibotida Xitoy bilan bitta lagerda bölişi kerak. Bugun Rossiyaning avtoritetini uşlab berişda Xitoyning örni muhim.
Kamoliddin Rabbimov: — Putin “Bir kamar – bir yöl” loyihasi bilan YeOIIni birlaştirişni taklif qildi, bunga Xitoy munosabat bildirgani yöq, menimça, bundan xursand emas Xitoy. Putin YeOIIga Xitoyni qöşib, jozibadorligini oşirmoqçi.
AQŞ va Xitoy örtasida harbiy töqnaşuv ehtimoli oşib boryapti. Putin öz çiqişlarida Tayvan masalasini kötarib, bu böyiça konfliktda yoningda bölaman, degan messej beryapti Xitoyga. Kutayotgan narsasi – Ukraina uruşida Xitoyning qöllovi. Xitoy esa Yevropada tezroq uruşlar töxtab, BMT nizomlariga köra tartib bölsin, deyapti. Ya’ni Ukrainaning bosib olingan yerlari Rossiyaga berilişi Tayvanning Xitoydan tortib olinişiga sabab böladi, degan pozitsiyada. Lekin buni oçiqça aytolmaydi, diplomatik tilda aytilyapti. Xitoy murakkab ahvolda, deyiş mumkin.
Nargiza Umarova: — YeOII Rossiyaning geosiyosiy loyihasi, iqtisodiy emas. Xitoyning “Bir kamar – bir yöl”i ham geosiyosiy loyiha, aslida, geoiqtisodiy ahamiyati katta bölsa-da. Pekin Putin taklifiga rozi bölmasa ham, qöşma bayonotda bu ritorika bor, lekin Şuhrat aytganday, bir qozonda ikki qöçqorning kallasi qaynamaydi. Bu ikki loyiha real birlaşişi juda qiyin masala, birinçisi ikkinçisini yeb qöyişi mumkin.
Rossiyada ODKB loyihasi bor, Xitoyda bunday siyosiy institut yöq. Bu yilgi bayonot mintaqaviy va global xavfsizlikda ODKB va Xitoy pozitsiyalarini muvofiqlaştiradi, deyilgan. Balki ODKB+Xitoy formati yuzaga kelişi ham mumkin deb taxmin qilyapman.
Hamid Sodiq: — Si Jinpingning global xavfsizlik, insoniyat taqdiri, deyotgani ma’lum bir falsafiy, siyosiy tomondan tuşuntirmoqçi butun dunyoga. Putin esa esa yalanğoç körinişda tuşuntirmoqçi, ya’ni Rossiyasiz dunyo bölsa, dunyo kerak emas. Xitoy esa falsafiy tomondan aytmoqçi buni. Mana şu ritorika ikki avtokratning tafakkurini körsatadi.
Kamoliddin Rabbimov: — Dunyoda keyingi 30 yilda AQŞ qudratidan çarçaş kuzatilyapti. Global janub, musulmon va arab dunyosi Falastin misolida, Isroilning homiysi sifatida esa AQŞ köriladi. Şuning uçun ham bu ikki davlatning adolati avtoritar adolat, avtoritar demokratiya.
Demokratiyani har xil talqin qiliş mumkin, Şimoliy Koreya ham özini demokratik davlat deb biladi. Rossiya va Xitoy bir xil vazndagi “qöçqor” emas, Rossiya aholisi 140 mln, Xitoyniki 10 barobar köp. Rossiya YaIM 1,5 trln atrofida, Xitoyning YaIM 21 trlndan oşadi. Sovet ittifoqi davrida Stalin lider edi va Xitoy unga böysunardi, hozir esa mutlaq teskari holat. Şartli ravişda aytadigan bölsak, Rossiyaning taqdirini köproq Pekin belgilaydi bugun. Agar Pekin Rossiyadan voz keçsa, Rossiya töliq ihotalanadi va Ğarb sanksiyalari samara beradi. Xitoyning öziga ham Rossiya bilan hamkorlik qiliş uzoq muddatli manfaatlariga töğri keladi.
— Xitoy va Rossiyaning Markaziy Osiyo böyiça siyosati qaysi nuqtalarda özaro kesişadi va qaysi jihatdan ziddiyatli?
Nargiza Umarova: — Markaziy Osiyo geografik yaqin mintaqa, şuning uçun befarq bölolmaydi. Yaqingaça bu ikki davlat örtasida vazifalar taqsimoti bor deyilardi, Rossiya Markaziy Osiyodagi xavfsizlikka javob bersa, Xitoy iqtisodiy tomoniga. Bu qaraş hozir eskirgan. Endi Xitoy oçiqça özini Markaziy Osiyo uçun ham, butun dunyo xavfsizligi uçun ham mas’ul ekanini aytyapti Rossiya bilan birga.
MO davlatlari uçun ham tanlov kengayyapti. Ğarb ham öz yordamlarini, loyihalarini taqdim etyapti. Markaziy Osiyo bular uçun muhim hisoblanadi. MO davlatlari xayrixohlik körsatyapti, Xitoy taşabbuslarini MOning kamida 2 yirik davlati (Özbekiston, Qozoğiston) qöllagan.
Şuhrat Rasul: — Nargizaning fikrlariga töla qöşilaman. MO davlatlari, xususan, Özbekiston öz xayrixohligini global öyinçilarga körsatib turişi kepak, çunki bu köp vektorli siyosat asosi. Mintaqaviy kuçlar bilan ham, AQŞ, Ğarb, Rossiya va Xitoy bilan ham şunday.
AQŞ va Ğarb böyiça xalqimizda salbiy munosabat şakllangan. MOga Ğarb juda kerak, masalan, Özbekistonga Jahon banki, Yevropa Tiklaniş va taraqqiyot banki, Xalqaro valuta jamğarmasi tomonidan 1,5 foizlik kreditlar berilyapti. MO uçun Rossiya va Xitoy örtasida raqobat bor, iqtisodiy munosabatlarda köriş mumkin. Özbekistonda Rossiyaning 3100 dan ortiq qöşma korxonasi bor, Xitoyniki 2200 ta, lekin Xitoy investitsiyalarining miqdori ança katta. Ötgan yili sammit doirasida Şavkat Mirziyoyevning Xitoyga taşrifida 57 mlrd dollarlik şartnomalar imzolangan, şularning yarmi amalga oşsa ham, Özbekiston iqtisodida sezilarli ösiş böladi. Rossiya va Xitoy örtasidagi sammit böyiça biror raqam eşitmadik hali investitsiya töğrisida. Xitoy Rossiyaga iqtisodini kötaruvçi investitsiyalar kiritiş siyosatidan voz keçgan. Noyabr oyidagi forumda buning uçun Moskva meri Sobyanin Xitoy tomonini ayblagan ham edi.
Xitoyning bu siyosati mantiqli. Xitoy MO davlatlarini öziga raqib deb bilmaydi, lekin Rossiyani kuçaytirişdan manfaatdor emas, Rossiyani tovar sotadigan katta bozor sifatida köradi va şunday uşlab turmoqçi.
Kamoliddin Rabbimov: — Bu ikki davlat MOda demokratiya bölişini öziga tahdid deb biladi. Ötgan 2023 yildagi Si Jinping va Putin uçraşuvlarida biz MOdagi rangli inqiloblarga qarşi kuraşamiz, dedi. Ular demokratiyaning har qanday körinişini şunday nomlaydi. Agar Qozoğiston va Özbekistonda liberal demokratik ösiş bölsa, ikki avtoritar davlatning siyosati tabiiy ravişda tanqidga uçraydi, masalan, musulmonlarga, etnik kamçiliklarga munosabati. Çunki demokratiya xalq irodasining hokimiyatga çiqişi degani, taşqi siyosatda öz aksini topadi. Şu nuqtai nazardan bular MOda demokratiya bölişidan manfaatdor emas.
Lekin Putin taşrifi fonida Kremlga yaqin bölgan rus ekspertlari oldin biz MOga Xitoyning kelişini tahdid deb bilardik, bugun munosabatlar ijobiy, şuning uçun bunga qarşi emasmiz, bu borada ham hamkorlik qilamiz, dedi. Boşqa iloji ham yöq. MOda Rossiyaning ta’siri söndi. Putin hokimiyatga kelgaç, özining geosiyosiy bosimini oşirib borayotgan edi. Ukraina uruşidan keyin Rossiyaning ta’siri nafaqat Özbekistonga, balki Qozoğiston va Qirğizistonga ham sönib qoldi. Kiçik Qirğiziston KXŞT öquv maşqlarini ham bekor qildi, Rossiya biror jazo çoralarini qöllay olgani yöq. Bu ikki davlat örtasida MO böyiça raqobat yaşirinça saqlanib qolaveradi.