Jahon | 21:29
726
7 daqiqa o‘qiladi

Yevropa “Tolibon”dan nima xohlayapti?

Yevropa Ittifoqi migratsiya masalasida ancha ehtiyotkor siyosat yuritmoqda: ilk marta Bryusselga taklif qilingan “Tolibon” bilan kun tartibidagi asosiy masala – afg‘on qochqinlarini o‘z yurtiga qaytarish. Bu – xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar, o‘ng partiyalarning ta’siri oshib borayotgani va iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog‘lanmoqda.

Mavzu yuzasidan Kun.uz studiyasida siyosiy tahlilchilar Islomxon Gaffarov va Umrbek Yusupov sharhi.

Islomxon Gaffarov:

— Yevropa mamlakatlari so‘ngi yillarda migratsiya siyosatidan charchagan. So‘nggi yillarda Arab bahori, Afrikadan doimiy migratsiya, shuningdek, Suriya va Iroqdagi urushlar natijasida yuzaga kelgan katta oqim Yevropaga jiddiy bosim bo‘ldi. Afg‘onistondagi voqealardan keyin esa bu jarayon yanada kuchaydi. Yevropa Ittifoqi migrantlarni qabul qilishda muayyan darajada toliqdi. Ma’lum ma’noda, Breksit jarayoniga ham migratsiya omili ta’sir ko‘rsatdi: Buyuk Britaniya migrantlarni qabul qilishni istamadi va bu masalada yukning katta qismi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tushdi.

Shu bois Yevropaning hozirgi yondashuvi faqat Afg‘oniston bilan emas, balki umumiy migratsiya siyosatiga nisbatan ichki norozilik bilan ham bog‘liq. Bu yerda masala aynan afg‘onlarni ajratib ko‘rsatishda emas, balki kengroq migratsiya muammosidadir.

Bu borada ayniqsa Germaniya va Shvetsiya hukumatlari faolroq tashabbus ko‘rsatmoqda. Bu jamiyatlarda “Nega migrantlarni qabul qilishimiz kerak?” degan savollar tobora ko‘proq yangramoqda.

Ikkinchi muhim masala – xavfsizlik va terrorizm bilan bog‘liq xavotirlardir. “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan bo‘lsa-da, mamlakat hududida ayrim terrorchi tashkilotlar hanuz faol. Masalan, “Al-Qoida”, “IShID–Xuroson” bo‘limi, “Tehrike Tolibon Pokiston” va “Jamoat Ansarulloh” kabi guruhlar mavjud. Ularning ayrimlari boshqa davlatlarda ham teraktlar sodir etgan.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ana shunday kuchlar migrantlar oqimi ichida yashirin kirib kelib, Yevropada ham hujumlar uyushtirishi mumkinligidan xavotirda. Chunki avval ham tartibsiz evakuatsiya jarayonlarida tekshiruvlar yetarli darajada bo‘lmagan holatlar kuzatilgan. Masalan, Afg‘onistondan chiqib ketish vaqtida ayrim shaxslar aslida boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa ham, umumiy oqim bilan G‘arb davlatlariga kirib olgani haqida misollar bor.

Bundan tashqari, iqtisodiy va ijtimoiy omillar ham xavf tug‘diradi. Qiyin sharoitda yashayotgan migrantlar moddiy ehtiyoj tufayli turli noqonuniy yoki xavfli faoliyatlarga jalb qilinishi mumkin. Masalan, ayrim hollarda xorijiy razvedka xizmatlari moddiy rag‘bat evaziga bunday shaxslarni o‘z maqsadlari yo‘lida ishlatishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan. Bu esa Yevropaning xavotirini yanada kuchaytiradi.

Shu bilan birga, Yevropada milliy kayfiyatdagi siyosiy kuchlar tobora kuchayib bormoqda. Ular ochiqchasiga “nega biz boshqa davlatlar muammolari haqida o‘ylashimiz kerak?” degan savolni ilgari surmoqda. Bu partiyalarning parlamentlar va mahalliy boshqaruvdagi ta’siri ortib borayotgani – Yevropaning tashqi siyosatiga ham ta’sir qilmoqda. Bundan tashqari, Ukraina masalasi hamon Yevropa kun tartibining markazida turibdi.

Yevropa davlatlari asosiy e’tiborni aynan shu mojaroga qaratishga majbur. Shu sababli ular global miqyosdagi boshqa inqirozlarga, jumladan Afg‘oniston masalasiga kamroq resurs va e’tibor ajratmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Yevropa Ittifoqining “Tolibon” bilan muloqoti faqat migratsiyani to‘xtatish bilan cheklanmaydi. Bu yondashuv ichki siyosiy bosimlar, xavfsizlikka oid xavotirlar va global geosiyosiy ustuvorliklar bilan chambarchas bog‘liq.

Umrbek Yusupov:

Yevropa Ittifoqi an’anaviy ravishda inson huquqlariga katta e’tibor qaratadi. Migrant qaysi davlatdan kelgani yoki qanday sharoitda kelganidan qat’i nazar, uni qabul qilish va jamiyatga integratsiya qilishga intiladigan tizim sifatida shakllangan. Biroq hozirgi vaziyatda Yevropa Ittifoqining yondashuvi tobora pragmatik tus olmoqda.

Milliy kayfiyat kuchayib borayotgan bir paytda, turli mojarolar va iqtisodiy bosimlar sabab ijtimoiy sohalarga ajratiladigan mablag‘lar qisqarmoqda. Natijada oddiy yevropaliklarning o‘zi ham iqtisodiy qiyinchiliklarni sezmoqda.

Bundan tashqari, Yevropa davlatlarida sodir etilgan ayrim teraktlar uchun migrantlar ayblandi. Masalan, Kyolndagi voqealarda ayollarga nisbatan hujumlar yuzasidan ayrim arab davlatlaridan kelgan migrantlar javobgarlikka tortildi.

Shvetsiya, Germaniya va boshqa Skandinaviya mamlakatlarida migrantlar ko‘p joylashgan hududlarda kriminogen vaziyatning yomonlashuvi ham bu masalani kun tartibiga olib chiqdi.

Shu fonda Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston bilan muloqot olib borayotganda, faqat o‘zi emas, balki Afg‘oniston tomoni ham muayyan mexanizmlarni ilgari surmoqda. Xususan, Pokiston hududidagi Dyurand chizig‘i atrofida yashayotgan millionlab afg‘onlarning o‘z vataniga qaytishi masalasi ko‘tarilmoqda.

Umuman, har bir davlat iqtisodiy qiyinchiliklar sabab o‘z muammolarini mustaqil hal qilishga majbur bo‘lmoqda.

Yevropa Ittifoqida radikal yoki milliy kayfiyatdagi siyosiy kuchlarning kuchayishi ham aynan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan bog‘liq. Shu bois ayrim tadqiqotchilar fikricha, inson huquqlari masalasi asta-sekin ikkinchi planga tushib bormoqda.

Shunday vaziyatda Yevropa “Tolibon” hukumati bilan, uning legitimligi savol ostida bo‘lsa-da, cheklangan doirada muloqot o‘rnatishga majbur bo‘lmoqda. Asosiy maqsad – migrantlarni imkon qadar o‘z yurtiga qaytarish mexanizmlarini ishlab chiqishdir.

Biroq bu yondashuv G‘arb matbuotida tanqid qilinmoqda. Tanqidchilarga ko‘ra, “Tolibon” bilan har qanday rasmiy muloqot yoki kelishuvlar, hatto to‘liq tan olinmagan bo‘lsa ham, amalda ushbu rejimni legitimlashtirishga xizmat qilishi mumkin.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid