O‘zbekiston | 22:46 / 20.05.2024
21389
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ushlangan yana bir jinoiy guruh a’zolariga sud hukmi o‘qildi

Talonchilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bezorilik, sovuq qurol bilan tahdid qilish kabi jinoyatlarni sodir qilgan shaxslar turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. 

Foto: Toshkent shahri IIBB

Toshkent shahri IIBB va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda poytaxt hududida kriminogen vaziyatni yaxshilash yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ushlangan yana bir jinoiy guruh a’zolariga sud hukmi o‘qildi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudining 15 aprel kunidagi hukmiga bilan 1987 yilda tug‘ilgan Muxamedjanov Azlarxon Botirovich Jinoyat Kodeksining 166-moddasi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘ravonlik qo‘llash yoki shunday zo‘ravonlik qo‘llash tahdidi bilan sodir etilgan talonchilik) 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan aybli deb topilib, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining 6 may kunidagi hukmiga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan Xolmuradov Sunnatulla Chariyevich Jinoyat Kodeksining 104-moddasi (bezorilik niyatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi bilan aybli deb topilib, 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudining 8 may kunidagi hukmiga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan O‘rinov Umidjon Baxtiyor o‘g‘li Jinoyat Kodeksining 277-moddasi (bir guruh shaxslar tomonidan sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab sodir etilgan bezorilik) 2-qismi “b”, “v” bandlari, 223-moddasi (bir guruh shaxslar tomonidan takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan oldindan til biriktirib chet elga noqonuniy chiqish yoki O‘zbekistonga noqonuniy kirish) 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan aybli deb topilib, 6 yil 11 bir oy 28 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mavzuga oid