11:41 / 22.05.2024
38810

“Mazlumning duosi ijobat bo‘lib, boshimiz balodan chiqmay qoldi” - hayotiy hikoya

O‘lgan yigitning otasidan qarg‘ish eshitganimga o‘n besh yilcha bo‘lib qoldi. O‘shandan buyon na oilamda, na ishimda halovat yo‘q. Har kun bir ko‘ngilsizlik. Mazlumning duosi qabul degan gapning ma’nosini boshimdan o‘tkazib tushunib yetdim. Bu orada yigitning ota-onasidan bir necha marta kechirim so‘radim, biroq kechirishmadi.

Foto: Kun.uz

“Hayotiy hikoyalar” ruknida berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni bir paytlar qilgan nohaq ishlari tufayli mazlumning qarg‘ishini olgan kishi ekan.

U o‘z maktubida qarg‘ish olgan vaqtidan boshlab hanuzgacha oila a’zolaridan, ishidan falokat arimay qolganini va sinovlar og‘ir bo‘layotganini yozgan.

“Mazlumning duosi ijobat bo‘ladi” deyilgan gapni juda ko‘p marta eshitganman. Biroq har doim bu gap bir qulog‘imdan kirib, ikkinchisidan chiqib ketardi.

Bir hodisa sabab bo‘lib, o‘zim birovga jabr qildim va mazlum bizni qarg‘ab duo qildi. O‘shandan buyon boshimizdan turli balolar arimay qoldi.

Bundan 15 yilcha avval viloyat markazida bir binoni ijaraga olib oshxona ochdim. Ikki o‘g‘lim, xotinim yordamchi bo‘lishdi. Men turli ovqatlarni qilaman, o‘g‘lim palov tayyorlaydi. Kichik o‘g‘lim xo‘randalarga xizmat qiladi. Xotinim idishlarni yuvadi.

Oradan bir muddat o‘tib mijozlar ko‘paygach xotinimni o‘zimga yordamchi qilib o‘tkazdim. Kichik o‘g‘lim akasiga yordam bera boshladi. Idish yuvishga va xo‘randalarga xizmat qilishga ishchilar oldik.

Xo‘randalarga qaraydigan yigit katta o‘g‘limning tanishlaridan biri edi, ikkalasi tezda chiqishib ketdi.

Ishimiz ertalab vaqtli boshlanadi. Oshxonaga eng avval katta o‘g‘lim va xo‘randalarga xizmat qilish uchun yollangan yigit boradi. Ikkalasi osh va boshqa ovqatlarning masalliqlarini tayyorlab qo‘yadi.

Men borib ovqatlarga urinaman, katta o‘g‘lim palovga o‘t yoqadi. Xotinim va kichik o‘g‘lim stol-stullarni artib tozalashadi. Har kunimiz shunday boshlanadi.

Oshxona ishlatadiganlar biladi, bu ish ancha daromadli. Tez orada biz ham yaxshi foyda qila boshladik va katta o‘g‘lim Matiz oldi. Mashina og‘irimizni ancha yengil qildi. Faqat o‘g‘lim ba’zida uni juda tez haydardi. Necha marta gapirdim, parvo qilmadi.

Kunlarning birida oshxonaga ketish uchun jo‘nab turgandim telefonim jiringladi, begona raqam. Ko‘tarsam yonimizdagi magazinda savdo qiluvchi yigit ekan. “Oshxonaga tez yetib keling” dedi va telefonni o‘chirdi. Avvaliga hayron bo‘ldim, keyin xavotirlana boshladim.

Darhol ko‘chaga chiqib mashina to‘xtatdim oshxonaga jo‘nadim. Yetib borsam oshxona oldida IIB va tez yordam mashinasi turibdi. Taksidan tushgan zahoti oshxonaga yugurdim.

Ichkariga kirsam xo‘randalarga qaraydigan yigit yerda yotibdi, ko‘ksi qon. O‘g‘lim esa bir chetda yuzini qo‘llari bilan yopib yig‘layapti. Yigitni tezda shifoxonaga, o‘g‘limni esa IIBga olib ketishdi.

O‘sha paytda o‘g‘limning emas, yigitning ortidan shifoxonaga jo‘nadim. Yetib borsam uni ichkariga olib kirib ketishibdi. Yigit kambag‘al oilaning farzandi edi, ota-onasi yig‘lab turibdi.

Ko‘p o‘tmay bir vrach chiqdi va yigitning ota-onasiga sabr tiladi. Shu paytda ona hushidan ketdi, ota bir ahvolda, buni kuzatish og‘ir edi. Keyin bilsam yigit oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan ekan.

Mayyitni berishdi, janoza ertasi kunga belgilandi. Yigitning ota-onasi, qarindoshlari bo‘lgan ishni eshitishgan, men ularning oldida gunohkorlarday boshimni egib turardim.

Men voqea qanday yuz berganini bilishni istardim. Biroq jabrlanuvchi o‘lgan, o‘g‘lim hibsda edi. Balki menga qo‘ng‘iroq qilgan qo‘shni yigit ko‘rgandir. Janozaning ertasiga uning oldiga bordim.

Ertalab eshik ochiq edi. Qarasam ichkarida o‘g‘lingiz shogird yigitga pichoq o‘qtalib zarba bermoqchi bo‘lardi. Yigit esa “Kerakmas, hozir pichoqlab qo‘yasiz” deb o‘zini orqaga tortardi. Xayolim qochib ketdi va “Nima qilyapsan? deb baqirdim. Shunda o‘g‘lingiz “Hech gap yo‘q, shunchaki bunga pichoq bilan zarba berilganda uni qanday qaytarishni o‘rgatyapman”, dedi. “Pichoq bilan o‘ynashma. Bir kor-holni boshlamasdan tinchgina o‘tir. Undan ko‘ra ishingni qilsang-chi”, deb o‘tib ketdim. Birpasdan so‘ng o‘g‘lingizning baqirganini eshitdim. Yugurib o‘tsam yigit ko‘ksidan qon oqqan holda yerda yotar, pichoq o‘g‘lingizning qo‘lida edi. U zarba berishda ehtiyotsizlik qilganmi, boshqami, pichoqni yigitning ko‘ksiga sanchgan. Aniq gap shuki o‘g‘lingiz yigitga pichoq bilan zarba berib, uni qaytarishga majburlayotgandi”, dedi qo‘shni yigit.

Hech bir ota farzandining chohga tushishini xohlamaydi. Men ham nima qilib bo‘lsa-da farzandimni jazodan olib qolish harakatiga tushdim. Bu uchun qancha pul ketsa ham tayyor edim.

O‘g‘lim aybdor edi, lekin o‘sha paytda farzandim aybdor degan tushuncha xayolimdan o‘tmasdi. U ehtiyotsizlik qilgan deb o‘ylardim. Tanish-bilishlar kuchli deb aytgan advokatni yolladim, o‘rtaga tanish-bilishlarni aralashtirdim.

Natijada tergovda o‘g‘limga yengilroq ayblov qo‘yilishiga erishdim. Sudya bilan ham “gaplashildi”. Oxir-oqibat o‘g‘lim Jinoyat kodeksining 102-moddasi, ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish bilan aybdor deb topildi va ikki yil axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi berildi.

Suddan avval advokat o‘g‘limga “Marhum pichoq bilan zarba berilganda qaytarishni o‘rgating deb turib oldi, yo‘q deya olmadim. Zarba berishda men ehtiyotsizlik qildim, u o‘zini pichoqqa qarab otdi” deb aytasan deb o‘rgatgan ekan. O‘g‘lim sudda shu gaplarni takrorladi.

Men qo‘shni magazinchi yigitni oldiga borib sudda boshqacha guvoh berishi uchun pul taklif qildim. U birpas yuzimga qarab turdida “Odam emas ekansiz” deb ketib qoldi.

Qo‘shni yigit sudda nima ko‘rgan va eshitgan bo‘lsa hammasini aytib berdi. Biroq u aytgan gaplarni boshqa guvoh tasdiqlamagani uchun sudya inobatga olmadi. Bu menga “ancha pulga tushdi”.

Sud tugagandan so‘ng o‘g‘limni ozod qilishdi. Tashqariga chiqdik. Shu payt marhum yigitning otasi oldimizga keldi.

Seni yaxshi odam deb bilardim. Biroq na insofing, na vijdoning yo‘q ekan. O‘g‘limning janozasidan chiqib ketganingdan so‘ng biron marta ahvolimizni so‘raganing yo‘q. Kamiga faqat o‘g‘lingni qamoqdan olib qolish uchun yelib, yugurding. Mening na pulim, na tanishlarim bor. Shu uchun o‘g‘limning qotilini ozod qilishsa ham hech narsa qila olmayman. Ammo Xudo bor, U barchasini ko‘rib turibdi. Seni va o‘g‘lingni Xudoga soldim. Ilohim senlarga bu dunyoda ham ko‘rsatsin, umring azobda o‘tsin”, dedi va yo‘liga ketdi.

Marhumning otasi appelyatsiya shikoyati yozibdi. Pul va tanishlarning “yordami” bilan keyingi sudda ham hukm o‘zgartirishsiz qolishga erishdim. Ammo...

Oradan bir muddat o‘tib “xosiyatsiz” oshxonada yong‘in kelib chiqdi va uning shifti va tom qismi yonib ketdi. Oshxonani ijaraga bergan odam barcha ta’mirni o‘zimizga qildirdi. Bino ta’mirlangach bizni u yerdan chiqarib yubordi.

Boshqa joyni ijaraga olib ishlata boshladik. Biroq bu yerda ham yong‘in sodir bo‘ldi. Oshxonani ta’mirlashga bu safar ham ancha pulimiz ketdi. Eng yomoni bu safar xotinim tutun ichida qolib zaharlandi, uni davolashga ham ancha pulim ketdi.

O‘sha paytda o‘g‘lim hali uylanmagan edi, ko‘p o‘tmay boshini ikkita qilib qo‘ydim. Biroq yosh oila olti oyga yetmasdan ajrashib ketdi. Yana uylantirdim, bu safar kelin to‘ydan ikki oy o‘tar-o‘tmas ketib qoldi. Uchinchi marta uylantirdim.

O‘g‘limni uchinchi marta uylantirganimdan so‘ng ko‘p o‘tmay u Matiz bilan avariya sodir etdi. Yonida bo‘lgan o‘rtog‘ining aytishicha o‘sha kuni u qarama-qarshi tomonga o‘tib tez harakatlangan va ro‘paradan kelayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. O‘g‘lim tirik qoldi, biroq uning bir oyog‘ini sonidan kesib tashlashdi.

Shundan keyin ham boshimizdan balolar arimadi va katta o‘g‘lim bir oyoq bilan qolgach uchinchi xotini ham ketib qoldi. O‘shangacha qo‘ltiqtayoqda ko‘chaga chiqib turardi. Xotini ketgach tushkunlikka tushib qoldi va xonasidan chiqmay qo‘ydi.

Ko‘p o‘tmay ikkinchi o‘g‘lim ham avariyaga uchradi. O‘rtog‘ining Damasini haydayman deb boshqaruvni yo‘qotibdi. O‘g‘lim va o‘rtog‘i ikkalasining bir necha joyi singan ekan ancha payt shifoxonada yotib davolanishdi.

O‘rtog‘ining otasi sudga berdi, Damasni tuzatib berish, uning shifoxona xarajatlari o‘g‘limga yuklatildi. Bir paytlar katta o‘g‘limga uy quramiz deb olib qo‘ygan yerni sotib to‘ladim.

Nima bo‘lganda ham yashash uchun kurashish kerak, oshxonada ishlayapmiz. Biroq o‘shandan buyon bironta joyda qo‘nim topmadik. Boshimizga kelgan balolar bilan birga qo‘nimsizlik ham bizga hamroh bo‘lyapti.

O‘sha hodisadan so‘ng kamida o‘nta joyga ko‘chdik. Ijaraga olamiz, ish boshlaymiz, tez orada bir ko‘ngilsizlik bo‘ladi.

O‘lgan yigitning otasi qarg‘aganiga o‘n besh yilcha bo‘lib qoldi. O‘shandan buyon na oilamda, na ishimda halovat yo‘q. Har kun bir ko‘ngilsizlik. Mazlumning duosi qabul degan gapning ma’nosini boshimdan o‘tkazib tushunib yetdim.

Bu orada yigitning ota-onasining oldiga bir necha marta kechirim so‘rab bordim, biroq uzrimni qabul qilishmadi. Yigitning otasi “qo‘lim Qiyomatda ham yoqangda bo‘ladi” dedi. Chorasiz ortga qaytdim.

Qarg‘ish olganimdan buyon oila a’zolarimning barchasi bir necha martadan turli balolarga duch kelishdi. Faqat menga hech narsa qilmadi. Biroq oilamdagilar bilan sodir bo‘layotgan falokatlarni kuzatish ham ming karra azob bo‘lyapti.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top