21:43 / 24.05.2024
29871

“Narx urushi”. Nima uchun Xitoy elektromobillari juda arzon?

Qanday qilib Xitoy kompaniyalari jahon avtomobil bozorining an’anaviy yetakchilari – nemislar, yaponlar va amerikaliklarni ortda qoldiryapti?

Aprel oyi oxirida, to‘rt yillik tanaffusdan keyin, Pekin avtosaloni ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Unda xitoylik ishlab chiqaruvchilar 2 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadigan elektromobillarni, 1 sekundda 1 kilometr masofa yurishga yetgulik quvvat oladigan mo‘jizaviy akkumulyatorlarni namoyish qildi va hattoki kelgusi yildan boshlab uchar mashinalar uchun buyurtmalar qabul qilishga ham va’da berdi.

Xitoyliklar modellar soni bo‘yicha ham, ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish tezligi bo‘yicha ham g‘arblik raqobatchilaridan ustun.

Xitoy avtomobillari ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiyalashuvdan tortib, avtonom boshqaruvgacha bo‘lgan imkoniyatlarga ega.

Raqobat va xilma-xillik tobora ortib bormoqda. Masalan, o‘tgan yili smartfon bozori yetakchilari Huawei va Xiaomi ham elektromobillar ishlab chiqarishni boshladi. Aynan shu vaqtda Apple o‘zining avtomobil ishlab chiqarish loyihasini muzlatib qo‘ydi.

Xo‘sh, qanday qilib Xitoy kompaniyalari jahon bozorining an’anaviy yetakchilari – nemislar, yaponlar va amerikaliklarni ortda qoldirmoqda?

Dastlab Germaniya, keyin Yaponiya quvib o‘tildi

Xitoy katta tezlikda jahon bozorini zabt etishda davom etyapti. O‘tgan yili 1,2 mln dona elektrda harakatlanuvchi transport vositalarini eksport qildi, bu 2022 yilga nisbatan 1,8 barobarga ko‘p. Umuman olganda, 2023 yilda eksport keskin o‘sib, 5,26 million donaga yetgan. Bu esa Xitoyga Yaponiyani dunyodagi eng ko‘p avtomobil eksport qiluvchi davlat maqomidan mahrum qilish imkonini berdi. 2022 yilda Germaniya ham ortda qoldirilgandi.

Albatta, o‘sishning asosiy omili Rossiyadagi talab bo‘ldi, xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchilari bu mamlakatga eksportni 2022 yilga nisbatan kamida 5 baravar oshirib, 800 ming donaga yetkazdi. Ular sanksiyalar va geosiyosiy keskinliklar ortidan G‘arb raqobatchilaridan bo‘shagan joyni osonlik bilan to‘ldirishdi.

2011 yilda Blomberg telekanalida jurnalist Ilon Maskka BYD kompaniyasi Tesla uchun potensial raqib bo‘lishi mumkinmi degan mazmundagi savol beradi. Mask esa kulib yuboradi va: “Siz ularning mashinalarini ko‘rdingizmi? Ularni umuman raqib sifatida ko‘rmaysiz. Ularda yaxshi mahsulot bor deb o‘ylamayman”, deya javob beradi. Joriy yil yanvar oyida tahlilchilar bilan suhbatda esa u Xitoy avtomobil kompaniyalarining dunyodagi eng raqobatbardosh ekanini tan oldi.

Ha, o‘tgan davr mobaynida Xitoy avtomobilsozlik sanoati juda tez rivojlandi. G‘arb bozorlaridagi eng mashhur elektrokar ishlab chiqaruvchi Tesla'ning sotuvi 2024 yilning birinchi choragida 2023 yilning mos davriga nisbatan 20 foizga kamaydi. Xitoy avtomobillarining ulushi esa ortib boryapti.

TrendForce tadqiqot kompaniyasining 2024 yil fevral oyidagi hisobotiga ko‘ra, xitoylik ishlab chiqaruvchilar jahon bozorida elektromobillar sotuvi bo‘yicha eng yaxshi beshta o‘rindan uchtasini egallab turibdi: BYD – 17 foiz, GAC Aion – 5,2 foiz va SAIC-GM-Wuling – 4,9 foiz. Tesla 19,9 foiz bozor ulushi bilan birinchi o‘rinni band qilgan bo‘lsa, Volkswagen 4,6 foizlik ulush bilan beshinchi o‘rinda qayd etilgan. Taqqoslash uchun, xitoylik ishlab chiqaruvchilarga 2012 yilda global elektrokarlar sotuvining atigi 0,1 foiziga to‘g‘ri kelgan.

Xitoy kompaniyalari birgina joriy yilning o‘zida 70 dan ortiq yangi modellarni sotuvga chiqargan. Bu yerdagi eng muhim omillardan biri shundaki, xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchilari o‘z katalogini “eski ishlab chiqaruvchilar”ga qaraganda ancha tezroq yangilayapti.

Bundan tashqari, Xitoy – dunyodagi eng katta avtomobil bozori. O‘tgan yilda mamlakatda umumiy sotilgan avtomobillarga nisbatan xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarning ulushi birinchi marta 50 foizdan pastga tushdi. Bu tendensiya davom etmoqda. Ayni paytda 48 foizga yetgan. Ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 57 foiz bo‘lgan.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) prognozlariga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib, elektromobillarning ulushi Xitoyda 45 foizni, Yevropada 25 foizni, AQShda esa atigi 11 foizni tashkil etadi.

G‘arbdagi hukumatlar o‘z bozorlarini yopishni boshladi

Global raqobatning oshib borishi fonida G‘arb davlatlari Xitoydan avtomobillar importini cheklashga urg‘u bera boshladi.

2018 yilda Tramp ma’muriyati chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillari uchun amalda bo‘lgan 2,5 foizlik soliqdan tashqari, Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomashinalarga 25 foizlik maxsus boj joriy qilgandi. Bayden ma’muriyati bu siyosatni yanada kuchaytirdi va Xitoydan import qilinadigan elektromobillar uchun bojlarni 25 foizdan 100 foizga oshirdi. Bu qaror “milliy xavfsizlikka tahdid” bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan bo‘lsa-da, aksariyat mutaxassislar tomonidan ichki bozordagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni sun’iy ravishda saqlab qolish deya baholanyapti.

Xitoy taklif etayotgan elektromobillarning narx ustunligi shu darajada kattaki, hattoki 25 foizlik import solig‘i ham BYD kabi kompaniyalarning AQSh bozoriga kirishini to‘xtatib qo‘yish uchun yetarli bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Masalan, bir zaryadlashda 400 kmdan ortiq masofani bosib o‘ta olishiga kafolat berilayotgan BYD Seagull kabi elektromobillar Xitoy bozorida taxminan 10 700 dollar atrofida sotilyapti. Bu AQShda sotib olish mumkin bo‘lgan eng arzon elektrokar narxining uchdan bir qismini tashkil qiladi.

Xitoy kompaniyalarining Meksikada zavodlar qurishni rejalashtirayotgani haqidagi mish-mishlar ham AQSh hukumatini o‘z bozoriga “orqa eshik” paydo bo‘lishidan qo‘rqitgan bo‘lishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi import qilinadigan avtomobillarga 10 foizlik boj undiradi. Bu, albatta, juda katta to‘siq emas, ammo ular ham Xitoy elektromobillariga nisbatan qattiqlashgan tartib joriy qilishi mumkin.

O‘tgan yilning kuzida Yevropa Komissiyasi Xitoy elektromobillari uchun subsidiyalar bo‘yicha tekshiruv boshlanganini e’lon qilgandi.

“Jahon bozori arzon elektromobillar bilan to‘lib ketdi. Ularning narxi katta davlat subsidiyalari tufayli sun’iy ravishda pasayib bormoqda. Men Yevropa Komissiyasi tomonidan Xitoyda elektr transport vositalari uchun subsidiyalar ajratish bo‘yicha tergov boshlaganini e’lon qilmoqchiman. Yevropa poyga uchun emas, raqobat uchun ochiq”, degandi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen.

Xitoy kompaniyalarining Yevropa elektromobillari bozoridagi sotuv ulushi 2019 yilda 0,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 9 foizdan oshgan.

Nega Xitoy elektromobillari arzon?

Xitoy elektromobillarining global miqyosida tez ommaviylashib ketayotganining asosiy sababi bu – ularning ancha arzonligida. G‘arbda elektromobillarga hali ham oddiy transport vositasi emas, balki hashamat sifatida qarashadi. Chunki ularning bahosi ichki yonuv dvigatellari bilan harakatlanuvchi an’anaviy avtomobillarga qaraganda ancha qimmat. Xitoyliklar esa bundan foydalanishyapti.

Quyidagi bir qancha omillar Xitoy kompaniyalariga o‘z transport vositalari narxini arzonlashtirishga va raqiblariga “narx urushi” e’lon qilishiga imkoniyat berayotgan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, Xitoy hukumati o‘zining elektromobil sektorini katta miqdorda subsidiyalaydi, shu jumladan iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilar uchun katta soliq imtiyozlari taqdim etadi. Masalan, o‘tgan yilning iyun oyida 520 milliard yuan (qariyb 72 milliard dollar) miqdoridagi savdo va soliq imtiyozlari paketi e’lon qilindi. Bu to‘rt yil davomida amal qiladi va ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish hamda elektr transport vositalarini iste’molchilar uchun arzonroq qilish imkonini beradi.

Ikkinchidan, elektr transport vositasining asosiy xarajat komponenti batareyalar to‘plami bo‘lib, umumiy narxning 30 foizidan 40 foizgacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Bu yerda akkumulyatorlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq jarayon to‘liq Xitoy kompaniyalarining o‘zi tomonidan amalga oshiriladi. Eng yirik kobalt koni Kongoda joylashgan. Xitoy kompaniyalari kobaltni o‘sha konlarda qayta ishlaydi.

Bundan tashqari, Xitoyning Sichuan provinsiyasida dunyodagi uchinchi eng yirik litiy koni bor. Litiy ham, kobalt ham elektromobillarni quvvatlaydigan akkumulyatorlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan eng muhim xomashyolar hisoblanadi. Shuningdek, Xitoy hukumati sanksiyalar ostidagi Rossiyadan arzon narxlarda nikel improt qilyapti.

Bundan tashqari, bozorda katta talabga ega bo‘lgan elektromobil akkumulyatorlari sektorida eng yaxshi o‘nta ishlab chiqaruvchilardan oltitasi (CATL, BYD, CALB, Gotion High-Tech, EVE Energy va Sunwoda) Xitoy kompaniyalaridir. Ularning bozordagi umumiy ulushi ham yildan yilga oshib boryapti.

Shuningdek, Xitoy kompaniyalari innovatsion jihatdan ham ancha ilgarilab ketdi. Masalan, yaqinda dunyodagi eng yirik EV akkumulyatorlari ishlab chiqaruvchi CATL 10 daqiqalik zaryad bilan 600 kmgacha harakatlanish imkonini beruvchi yangi mahsulotini taqdim etdi.

Uchinchidan, ishlab chiqarish ko‘lamining kattaligi va arzon ishchi kuchi. Xitoy dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lib, avtomobilsozlik sanoatida kuchli va yirik infratuzilmaga ega. Ishlab chiqarish hajmining kattaligi esa xarajatlarni kamaytirish va xomashyoni tejash imkonini beradi. Xitoyda ishchi kuchi ham AQSh va Yevropadagidan ancha arzon. Bu ham elektromobillar tannarxiga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazadi.

To‘rtinchidan, ichki raqobat. Xitoy ichki bozorida elektromobil ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kuchli raqobat mavjud. Bu esa ko‘proq xaridorlarni jalb qilish uchun innovatsiyalar qilish va narxlarni pasaytirishni rag‘batlantiradi.

Yuqoridagi omillar kombinatsiyasi Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalariga ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va iste’molchilarga yanada arzon narxlarni taklif qilish imkonini beryapti.

Doston Ahrorov

Top