Berbok Rafahga YeI missiyasini yuborishni taklif qildi
Germaniya tashqi ishlar vaziri 2007 yilda HAMAS hokimiyatga kelganidan so‘ng to‘xtatilgan Rafahdagi YeI nazorat missiyasini tiklashni taklif qildi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok G‘azo-Misr chegarasidagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktini nazorat qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi missiyasini tiklashni taklif qildi. Bunday missiya G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlashi mumkin, dedi u 26 may, yakshanba kuni Berlinda Germaniya Asosiy qonunining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zlagan nutqida.
Berbok bu tashabbusni 27 may kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ilgari surmoqchi ekanligini aytdi.
OAV: AQSh YeI Rafah nazorat punktini nazorat qilishini istayapti
Amerikaning Politico nashri o‘z manbalariga tayanib, avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Misr va G‘azo sektori chegarasidagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti nazoratini Yevropa Ittifoqi missiyasiga o‘tkazishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi. Bir necha hafta davomida, deb yozadi gazeta, Amerika rasmiylari Isroil va Misr o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilib, nazorat punktini Yevropa Ittifoqi missiyasi nazorati ostiga o‘tkazishga imkon beradigan bitim tuzishdi.
YeIning Rafahdagi missiyasi HAMAS hokimiyatga kelishidan oldin mavjud edi
Yevropa Ittifoqi 2005 yilda Isroil G‘azo sektoridan chiqib ketganidan keyin Rafah nazorat punktiga kuzatuv missiyasini yuborgan edi. Biroq 2007 yilda HAMAS harakati sektorda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, missiya faoliyati to‘xtatilgan.
Berbok G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi
Annalena Berbok G‘azo sektorida gumanitar sulh g‘oyasini yana bir bor qo‘llab-quvvatladi. Buning uchun, dedi u, uchta shartni bajarish kerak. Birinchidan, Isroil xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak, chunki HAMAS uning «butunlay yo‘q qilinishi»ga intilmoqda. Vazirning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi bunday kafolatlarni taqdim etishga hissa qo‘shishi mumkin, ammo ularda «kattaroq o‘yinchilar» ham ishtirok etishi kerak.
Ikkinchi shart, Berbok fikricha, G‘azo sektorini tiklash bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar bo‘lishi kerak. Uchinchisi, «ikki davlat» yechimiga asos yaratish uchun Falastin hududlarida infratuzilma va davlatchilikni rivojlantirish.
Berbokning chiqishi namoyishchilarga yoqmadi
Annalena Berbokning nutqi muntazam ravishda Falastin tarafdori bo‘lgan namoyishchilarning hushtaklari va norozi hayqiriqlari bilan to‘xtatildi. Ular Germaniyani Isroil va uning G‘azo sektoridagi harbiy kampaniyasini qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi. Ishtirokchilardan biri «Germaniyaga uyat» deb baqirdi. Namoyishchilarning harakatlariga javoban Berbok «G‘azodagi bolalarni bu tarzda qutqarib bo‘lmaydi» dedi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 35,5 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
13:14 / 25.12.2024
El Pais: Kiyev YeIdan ukrainalik qochqinlarga to‘lovlarni qisqartirishni so‘ramoqda
16:03 / 20.12.2024
YeIning 15 ta davlati suriyaliklarning boshpana so‘rovini ko‘rib chiqmayapti
13:52 / 19.12.2024
YeI sudi Deripaska va ikki bankni sanksiyalar ostida qoldirdi
15:20 / 18.12.2024