Jahon | 12:04
1776
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi biometrik chegara nazorati YeI aeroportlarida muammo chiqardi

Yevropa aeroportlari kengashi (ACI Europe) ma’lum qilishicha, 10 apreldan to‘liq kuch bilan ishlay boshlagan chegara nazoratining yangi biometrik EES tizimi Fransiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Ispaniya va Gretsiya aeroportlarida ko‘p soatlik navbatlarni keltirib chiqargan. The Guardian gazetasi yozishicha, yozgi sayyohlik mavsumiga kelib bu holat yanada og‘irlashib, “kollaps”ga aylanishi mumkin.

Foto: Reuters

ACI Europe rahbari Olive Yankovetsning aytishicha, yo‘lovchilar ayrim eng serqatnov soatlarda uch soatgacha kutishga majbur bo‘lgan. Ryanair bosh direktori Maykl O’Liri esa tizimni “to‘liq sharmandalik va tartibsizlik” deb atab, uni Brexit uchun jazoga qiyoslagan. U ayrim aeroportlarda navbatlar to‘rt soatgacha cho‘zilayotganini aytib, EES tizimining to‘liq joriy etilishini oktyabrgacha kechiktirishga chaqirgan.

Soha vakillari Yevropa komissiyasidan chegara xizmati xodimlariga ortiqcha kechikishlar yuzaga kelganda mazkur tizim ishini to‘liq to‘xtatib turishga ruxsat berishni so‘ragan. The Guardian xabariga ko‘ra, bunday moslashuv choralari amalda mavjud, ammo ular barcha joyda bir xil qo‘llanmayapti.

Milandagi Linate aeroportida EasyJet’ning Manchesterga parvoziga ro‘yxatdan o‘tgan 156 yo‘lovchidan atigi 34 nafari samolyotga chiqishga ulgurgan, qolgan 122 kishi esa nazoratdan o‘z vaqtida o‘ta olmagani uchun reyssiz qolgan. Aviakompaniya chiptani bepul almashtirishni taklif qilgan, ammo yuz bergan holat uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan. Bu misol tizim atrofidagi tanqidlarni yanada kuchaytirgan.

Yevropa komissiyasi esa tanqidlarga qo‘shilmagan. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, tizim shtat rejimida ishlamoqda va bir nafar yo‘lovchini rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 70 soniya ketmoqda. ACI esa bu raqamni real vaziyatga mos emas deb hisoblab, amalda jarayon bundan qariyb besh baravar ko‘proq vaqt olayotganini bildirgan.

EES tizimi 2025 yil 12 oktyabrdan bosqichma-bosqich joriy etilgan, 2026 yil 10 apreldan esa Shengen hududidagi 29 davlat tashqi chegaralarida amal qilishning to‘liq bosqichiga o‘tgan. Bu tizim pasportga qo‘lbola muhr bosish amaliyoti o‘rnini egallaydi: endi qisqa muddatga Shengen hududiga kirayotgan YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlar fuqarolari foto va barmoq izlari kabi biometrik ma’lumotlarni topshiradi. YeI fuqarolari, ayrim rezidentlar va boshqa ozod etilgan toifalarga ushbu talab tatbiq etilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid